O‘zbekiston | 20:10 / 23.01.2020
41876
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya safari: Moskva politsiyasining O‘zbekiston elchixonasiga «alohida e'tibori» haqida

​​​​​​​Kun.uz muxbirlari bir oydan oshiqroq vaqt davomida xizmat safari bilan Rossiyada bo‘lib qaytdi. Bu safar bilan bog‘liq navbatdagi maqolada rus politsiyasi markaziy osiyoliklarga alohida shubha bilan qarashi haqida so‘z boradi.

Rossiya tomon poyezdda yo‘lga chiqdik. Birinchi borib tushgan joyimiz Qozon vokzali bo‘ldi. Vokzalda ro‘y bergan birinchi taassurotimiz haqida esa avvalgi videomaterialimizda to‘xtalib o‘tgan edik.

Moskvaga yetib kelgach, vokzaldan chiqishimizda bizni politsiya xodimi to‘xtatdi va hujjatlarimizni tekshirishini aytdi. Hujjatlarimizni ko‘rib, qo‘lidagi apparatiga nimalarnidir qayd etib qo‘ydi.

Politsiya xodimiga, albatta, nima uchun kelganingiz va Moskvada nima qilishingizni aytishingiz kerak. Ammo bilishimizcha, sizni bunday to‘xtatib, so‘roq qilish Rossiya qonunchiligida yo‘q. Shubhasiz, markaziy osiyoliklarga xos tashqi ko‘rinishimiz va qo‘limizdagi yuklar politsiya xodimining e'tiborini tortgan.

Bir necha kun o‘tib, saylov jarayonini yoritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi elchixonasida bo‘ldik. Elchixonaga borish yo‘lida esa Qozon vakzalidagi holatga o‘xshash voqea sodir bo‘ldi. Rus politsiyasining elchixonamizga «alohida e'tibor» berishini ko‘rdik. Chunki elchixonaga borish yo‘llarida ular «o‘z xizmat vazifalari»ni bajarar ekan. Elchixonamizga kelayotgan fuqarolarimizni to‘xtatib, hujjatlarini birma-bir tekshirishadi.

Tabiiyki, elchixonaga biron-bir hujjatida muammosi bor fuqarolar tez-tez murojaat qilib turadi. Buni rus politsiyasi ham yaxshi bilgani sabab shu atrofdagi yo‘llarda turishadi. Qizig‘i shundaki, elchixonaga kelayotgan fuqarolarimiz tilni yaxshi bilmasa yoki hujjatida qandaydir kamchilik topiladigan bo‘lsa, politsiya xodimi ba'zi hollarda uni olib ketadi.

Elchixonadan qaytib chiqib, manzilimiz tomon ketayotganimizda shu ko‘chada politsiya xodimlariga duch keldik. Yaxshiyamki, hujjatlarimiz joyida. Aksi bo‘lganda, biz ham yo jarimaga tortilardik, yo deport qilinishimiz mumkin edi.

Qisqacha aytganda, Rossiya poytaxtida vokzaldan chiqishingiz bilan sizni quchoq ochib Moskva emas, politsiya xodimi kutib oladi. Bundan esa ajablanmang. Chunki bu holat kelgusida siz bilan tez-tez takrorlanib turishi mumkin.

Elchixonamizga borishda esa yo‘llarda ehtiyot bo‘ling, ayniqsa hujjat masalasida muammongiz bo‘lsa. Ikkinchidan, agar rus tilini bilmasangiz, yolg‘iz borishni maslahat bermaymiz. Tilni biladigan biror yaqiningiz yoki tanishingiz bilan borganingiz ma'qul.

Chunki siz – markaziy osiyoliksiz.

Rahmatillo Isroilov, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid