Jahon | 20:32 / 03.06.2026
3800
6 daqiqa o‘qiladi

Albaniyada namoyishlar: Trampning kuyoviga aloqador kompaniya muhofaza hududida kurort qurmoqchi

Adriatika dengizidagi orol va kamyob hayvonlar yashaydigan sohil bo‘yida Jared Kushnerga aloqador kompaniya 1,6 milliard dollarlik hashamatli majmua qurmoqchi. Albaniyalik namoyishchilar va olimlarga ko‘ra, muhofaza zonasida quriladigan minglab villalar oqibatida yovvoyi tabiat butunlay vayron bo‘ladi.

2 iyun kuni minglab albaniyaliklar poytaxt Tirana ko‘chalariga chiqib namoyish o‘tkazdi. Ular Donald Trampning kuyovi Jared Kushnerga aloqador kompaniya Adriatika dengizi sohilida rejalashtirilgan qurilish loyihasiga qarshi norozilik bildirmoqda.

Reutersʼning yozishicha, qiymati 1,6 milliard dollar bo‘lgan kurort loyihasi Kushnerning «Affinity Partners» investitsiya firmasi tomonidan Vyose-Narta qo‘riqlanadigan hududi yaqinidagi o‘zlashtirilmagan sohilda amalga oshirilmoqda.

2024 yil dekabr oyida Albaniya hukumati Kushner tomonidan taklif etilgan, bir vaqtlar suvosti kemalarining maxfiy harbiy bazasi bo‘lgan kimsasiz Sazan orolida qurilish qilish rejasiga dastlabki ruxsatni bergandi.

2026-06-03 20.36.10

Seshanba kuni kechqurun namoyishchilar Albaniya bosh vaziri Edi Ramaning idorasi oldiga to‘planishdi. Ular qo‘llarida «Millat sotilmaydi» va «Men Albaniyaning Dubay kabi bo‘lishini xohlamayman» degan yozuvli plakatlarni ushlab turishgandi.

2026-06-03 20.36.22
Foto: Reuters

«Biz barcha qurilishlar to‘xtatilishini va og‘ir texnikalar muhofaza etiladigan hududdan olib chiqilishini istaymiz», degan ekolog Joni Vorpsi. Uning aytishicha, bu kurort loyihasi – «taxminan 10 000 xonali yangi shahar bo‘ladi va u yovvoyi tabiat hududini butunlay vayron qiladi».

Noroziliklar va to‘qnashuvlar

So‘nggi bir necha kun ichida quruvchilar Vlyora yaqinidagi rejalashtirilgan hududda katta tikanli, simli to‘siqlar o‘rnatgach norozilik namoyishlari yanada kuchaygan.

Namoyishchilar og‘ir texnika izlari va qum tepaliklarini buzayotgan buldozerlarni payqashgan. U yerga olib boradigan kamida bitta yo‘l ham qurilgan.

2026-06-03 20.36.32
Foto: Reuters

Shundan so‘ng, 30 may – shanba kuni bir necha yuz kishi to‘planib, xususiy qo‘riqchilar bilan to‘qnashdi va ba’zilar jarohat oldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda xususiy kompaniya qo‘riqchilari tikanli simli to‘siqlar ortidan baqirishgani ko‘ringan.

2026-06-03 20.36.28
Foto: Reuters

Boshqa bir kadrda ikki kishi bir odamni qo‘llaridan ushlab qum ustida sudrab ketayotgani, odamlar esa bir-birlariga loyga o‘xshash narsalarni otishayotganini ko‘rish mumkin.

«Bu zararli va yangi loyihalarga ham yo‘l ochadi»

Vyose-Narta muhofaza etiladigan landshafti – Albaniya qirg‘oqlari yaqinidagi orol hamda flamingolar, tyulenlar va dengiz toshbaqalari in quradigan 405 gektar qirg‘oqbo‘yi va botqoqlik hududini qamrab oladi.

New York Times'ning yozishicha, agar rejalar amalga oshsa, hududda 6 ming xonalik mehmonxona va villalar quriladi. Albaniyalik ekologlar hududga shunga o‘xshash boshqa loyihalar ham ergashib kelishidan qo‘rqmoqda. Shu bois ushbu rejaga qarshi chiqishmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu qurilishlar bir necha yuz gektarlik inson qo‘li yetmagan plyajlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

2026-06-03 20.36.47

Albaniya Ornitologiya jamiyati rahbari va reja muxolifi Taulant Bino loyihaga bo‘lgan qarshilik faqat ekologik faollar doirasidan tashqariga chiqqanidan mamnunligini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muammolardan biri shundaki, bunday qurilish loyihalari uchun odatda talab qilinadigan atrof-muhitga ta’sirni baholash hisoboti jamoatchilikka e’lon qilinmagan.

Aprel oyining oxiridan beri namoyishchilar rejalashtirilgan qurilishlardan biri joylashgan Zvernes yarim oroliga to‘planishmoqda.

Hukumat va quruvchilar loyihani himoya qilmoqda

Albaniya bosh vaziri Edi Rama bu loyihalarni "turizm iqtisodiyotini kengaytirish va xorijiy investorlarni jalb qilish imkoniyati", deb bir necha bor himoya qilgan.

2 iyun kuni ham Rama ijtimoiy tarmoqdagi postida bu loyihalar «O‘rta yer dengizining ushbu tomonidagi eng jozibali maskanni yaratish istagi» ekanini aytdi.

U muxoliflarning - "Trampning marhamatiga sazovor bo‘lish uchun uning kuyoviga aloqador kompaniyaga imtiyozli munosabatda bo‘lmoqda", degan fikrlarini rad etdi.

2121
Albaniya bosh vaziri Edi Rama

Rama ushbu loyihani himoya qilishda davom etib, «har qanday holatda ham investorlar dushmanlik bilan kutib olinadigan davlat» degan tamg‘ani olmaslik haqida gapirdi.

«Modomiki men shu yerda ekanman, investitsiyalar to‘xtatilishiga mutlaqo hech qanday imkoniyat yo‘q», dedi u Reuters agentligi bilan bo‘lishgan bayonotida.

Quruvchilar esa ishlarni mas’uliyat bilan olib borishlarini aytishmoqda.

«Bizning diqqat-eʼtiborimiz hamon mas’uliyatli boshqaruv, atrof-muhitni yaxshilash, ish o‘rinlari yaratish va mahalliy jamoalar uchun uzoq muddatli qiymat shakllantirishga qaratilgan», dedi Kushner firmasi bilan hamkorlikda rejalarni ishlab chiqayotgan kompaniyasi raisi Asher Abexsera.

2026-06-03 20.36.44
Foto: Reuters
Jared Kushner

Shuningdek, ular «davom etayotgan jamoatchilik va institutsional jarayonlarni hurmat qilishini» ta’kidlagan. «Affinity Partners» va Kushnerning o‘zi loyiha yuzasidan izoh bermagan.

Kushner ushbu kurortni qurish rejalarini 2024 yilda e’lon qilgan edi. Nashrning yozishicha, bu Serbiya poytaxti Belgraddagi sobiq armiya shtab-kvartirasini ham o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli investitsiyalarning bir qismidir. O‘tgan yili unga qarshi ko‘cha namoyishlaridan so‘ng Kushner Serbiyadagi loyihasidan voz kechgandi.

111111
Foto: Reuters

Adriatika dengizida hashamatli kurortlar qurish rejalari ekologlarni anchadan beri xavotirga solib kelmoqda. Endilikda bu loyihalar hukumatga bo‘lgan kengroq noroziliklarning portlash nuqtasiga aylandi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid