O‘zbekiston | 14:41 / 12.08.2019
46221
17 daqiqa o‘qiladi

«Arabboy»ga berilgan yer to‘g‘ri olib qo‘yilganmidi – so‘nggi so‘zni Oliy sud aytadi

Kun.uz tahririyatiga turli fuqarolar, shaxslardan har xil mazmundagi murojaatlar kelib tushadi. Ular orasida, qonunchilikda belgilab qo‘yilgan huquqlari poymol bo‘lgan fermerlar, tadbirkorlar, oddiy fuqarolarning ham arz-dodlari bor.

Yaqinda shunday murojaatlardan biri e'tiborimizni tortdi. Bir necha yildan buyon kapital qurilish sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotgan «Arabboy» MChJ xatida ma'lum qilinishicha, Yunusobod tuman, Markaz-6, 9-maktab qarshisidagi garajlar joylashgan 0,7 gektar yer maydoni 2014 yil 4 avgust kuni Toshkent shahar hokimining №651-son qarori bilan ko‘p qavatli turarjoy va ko‘p qavatli avtoturargoh qurish uchun firma tasarrufiga berilgan. Biroq o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablar oqibatida yer davlat zaxirasiga qaytarib olingan va uning o‘rnida boshqa bir firma ish olib borayotganini bildirgan.

«Bunda eng muhim jihati, shahar va tuman hokimligi, prokuraturasi tadbirkorga amaliy yordam berishda sa'y-harakat ko‘rsatmadi. Birinchi instansiya sudi tadbirkorning qurilish ishlarini olib bormasligidagi o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarni inobatga olganini apellyatsiya instansiyasi Chilonzor tuman prokuraturasi protesti bilan bekor qildi. «Arabboy» MChJ 3 yil mobaynida sudma-sud yurib, soliqlarni to‘lab, loyiha ishlarini yakunlab, qurilish uchun endi ruxsat olganida hammasidan mahrum bo‘lib qolaveradimi?!», - deyiladi murojaatda.

Kun.uz tasvirga olish guruhi ushbu murojaatdagi holatlarni o‘rganish maqsadida dastavval «Arabboy» MChJ yuristi Rustamali Olimbekov bilan uchrashdik.

Rustamali Olimbekov

«Chilonzor tuman ma'muriy sudida birinchi instansiyada sudlashganimizda, yutib chiqqandik. O‘zi yer muammosi. Keyin Chilonzor tuman prokurori tomonidan Chilonzor tuman sudi qarori ustidan protest kiritdi. Bizning nazarimizda, protest umuman noqonuniy qabul qilingan, chunki sabablari o‘rganib ko‘rilmasdan, Toshkent shahar apellyatsiya sudiga berildi.

Usmanova degan sudya ilk kunlarda raislik qildi. U sudning 1-2-3-kunlarida shahar hokimligi va prokurorga to‘liq bosim ostida o‘tkazdi: “Nima uchun, o‘zinglar sharoit yaratib bergan ekansizlar", prokuror protest yozishda nima uchun degan savolga javob bermagan va noto‘g‘ri qilgan, nima uchun degan savolga na hokimlik vakili, na prokuror bir og‘iz gapirolmadi.

To‘rtinchi jarayonga kelganida, hokimiyatning yetakchi yuristi ekan, sud protsessi boshlanmagan edi, tezda kirib kelib, qattiq-qattiq ovoz bilan sudyalarga gapirib ketdi. Men bu sud raisi bo‘lsa kerak, deb o‘ylabman. U xonadan chiqishi bilan orqasidan sud jarayoniga raislik qiluvchi Usmonova chiqdi. Ikkisi pichirlashib gaplasha boshladi. Men ruscha aytganda “naglo” borib mo‘raladim. Buni ko‘rgan Usmonova dovdirab qoldi va “mayli-mayli” deb, sud zaliga kirib, hammani taklif qildi.

Shundan so‘ng, arzimagan bahonani qilib 4 marta sud qoldirildi. Sudya prokurorga aytib turibdi, “Nima uchun vajlarni o‘qib chiqmagansiz, bir necha marotaba Virtual qabulxonaga, sizlarga, hokimlikka murojaat qilgan ekan, o‘zlaring bergan javob xatlari turibdi, shularni o‘rganib chiqmagansizlar, yoxud, «Arabboy» MChJni chaqirib, sababi nima, tadbirkor ekansiz, kamida 200 mln so‘m pul sarflayapsiz, axir, deb bir og‘iz so‘ramagansizlar? (2018 yil o‘zida 95 mln soliq to‘laganmiz)”, deb.

13 may kuni, 7-sud majlisida, besh daqiqa ham o‘tgani yo‘q, Usmonovaning menga qarashga yuragi betlamadi, shekilli, «Minor center» MChJ vakiliga qarab, Toshkent shahar ma'muriy sudi Chilonzor tuman ma'muriy sudining qarorini bekor qilib, prokuratura protestini ma'qullaydi, deb e'lon qildi. Shu bilan majlis tugadi.

Men OAV vakillari ishtirok etishini so‘rab bir necha marotaba murojaat qilgan edim, shu masalalarda ajrim chiqarib berishini so‘ramoqchi bo‘lib eshikni ochsam, qarsak chalib bir-birini quchoqlashyapti. Men bu holatni ko‘rib, “bayram ekanda-a”, dedim.

Meni hayron qoldirgan narsa, sud qarori matni bilan sud jarayonidagi protokol matni bir xil. U yerda meni so‘raganlarim, jon kuydirib gapirganlarim haqida bir og‘iz so‘z yuritilmagan. Aytmoqchi bo‘lganim, sud bir tomonlama bo‘ldi. Boshida bizning yonimizni olib kelgan va hokimlik hamda prokuraturaga “O‘zingizni aybingiz, bu odamga yer bergansizlar, undan oldin boshqa biriga yer berish to‘g‘risidagi hujjatni bekor qilmagansizlar”, degan sud 5 daqiqada shunday qaror chiqarib qo‘ya qoldi», - dedi R.Olimbekov biz bilan suhbatda. 

Albatta, «Arabboy» MChJ duch kelgan vaziyatga o‘xshash holatlarda hujjatlar so‘zlashi shubhasiz. Xo‘sh, mas'uliyati cheklangan jamiyat ixtiyorida qanday hujjatlar bor, uning da'volari qanchalik o‘rinli, u haqiqatdan ham o‘ziga ajratilgan hududda qurilish ishlarini amalga oshirish uchun biror sa'y-harakat ko‘rsatdimi?

O‘rganishlarimizdan ko‘rinishicha, MChJ garajlar o‘rnida loyihaga binoan ko‘pqavatli turarjoy va avtomobil turargohi barpo qilish uchun, ta'bir joiz bo‘lsa, uch frontda kurash olib borgan.

Birinchidan, 2013 yil 28 may kungi Yunusobod tumani hokimining 175-son qarori bo‘yicha fuqaro G‘.Zokirov tuman hokimligini sudga bergan. Chunki, G‘.Zokirovga berilgan yer maydoniga garajlar joylashgan 0,4 gektar hudud qo‘shilgan holda Toshkent shahar hokimining qarori bilan «Arabboy» MChJga berilgan. Bunda G‘.Zokirovning sudga murojaat qilishining sababi, unga yer ajratib berish bo‘yicha hokim qarori ham o‘z kuchida bo‘lganligidir. Ya'ni, shahar hokimining 651-son qarori qabul qilinganida, yerning bir qismi boshqa bir shaxs ixtiyorida foydalanishda bo‘lgan.

Bu borada so‘ngso‘zni fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar kassatsiya instansiyasi 2018 yil 2 martdagi ajrimi bilan aytgan. U fuqarolik ishlari bo‘yicha M.Ulug‘bek tumanlararo sudining 2017 yil 27 noyabrdagi Toshkent shahar hokimligi foydasiga chiqargan hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan va 2017 yil 1 iyun kuni o‘sha 0,3 gektar yer Yunusobod tuman hokimining 187-son-f qarori bilan tuman hokimiyati zaxirasiga olingan. Ammo, birinchi frontdagi kurash salkam 3 yil davom etganini alohida ta'kidlash lozim. Sud jarayoni davom etayotgan bir vaqtda qaysi tashkilot ham tavakkalchilikka qo‘l urib, qurilish ishlarini ko‘r-ko‘rona olib borar edi. 

Qariyb 3 yillik muammo barham topib, endi qurilishni boshlay deb turgan tadbirkor kutilmaganda navbatdagi qarshilikka duch kelgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. U ham bo‘lsa, o‘z garajlarini noqonuniy tarzda joylashtirgan holda yerdan biror hujjatga asoslanmagan holda foydalanib kelganiga qaramay, qaysarlik yo‘li bilan firmaning o‘z hisobidan garajlarni buzishiga yo‘l qo‘ymagan fuqarolar jamoasi qarshiligidir. Ular garajlar joylashgan yer maydoni «Planeta» garaj kooperativiga qarashli ekanini iddao qilishgan va Toshkent shahar hokimligi va «Arabboy» MChJ ustidan fuqarolik ishlari M.Ulug‘bek tumanlararo sudiga murojaat qilgan.

Albatta, kooperativ tashkil etilishi noqonuniy bo‘lmagan, ya'ni o‘sha vaqtdagi Kirov rayon ijroqo‘mining 1987 yil 5 fevraldagi 54/3 sonli qarori bilan tashkil etilgan. Ammo, bugungi kunda kooperativ o‘rnidagi garajlar noqonuniy joylashgani va salkam 18 yildan buyon davlatga yerdan foydalanganlik uchun bir so‘m ham to‘lovni amalga oshirmaganligi o‘rganishlarimiz chog‘ida bir necha hujjat bilan o‘z tasdig‘ini topdi.

1.    Yunusobod tuman davlat soliq inspeksiyasining 2017 yil 21 sentyabrdagi 04-33724-sonli xatida qayd etilishicha, «o‘rganishda «Planeta» garaj kooperativi hozirda faoliyat ko‘rsatmayotganligi ma'lum bo‘lgan».

2.    Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar kassatsiya instansiyasi 2018 yil 2 martdagi ajrimida qayd etilishicha, «Yunusobod tumani “Yagona darcha” markazining 2017 yil 27 oktyabrdagi 1-10/83 sonli ma'lumotnomasiga asosan «Planeta» garaj kooperativi 2001 yil 23 aprelda (likvidatsiya) tugatilgan. Ammo, fuqarolar, kooperativ tugatilganiga qaramay, shu vaqt mobaynida garajlardan foydalanishda davom etgan».

3.    Garajlar noqonuniy ekanligi Toshkent shahar prokuraturasining 2017 yil 27 avgustdagi 10/9282-a-17 sonli xatida ham o‘z tasdig‘ini topgan. Boshqarma boshlig‘i v.b. A.G‘ulomov imzosi bilan taqdim etilgan maktubda jumladan shunday deyiladi: «Planeta» garaj kooperativi yuridik shaxs sifatida davlat idoralarida ro‘yxatdan o‘tmagani va Yunusobod tumani davlat soliq inspeksiyasida soliq to‘lovchi sifatida qayd etilmagani aniqlandi. Shu bilan birga, fuqarolarda yer maydoniga ham, tiklangan garajlarga ham kadastr hujjatlari mavjud emas».

4.    Lekin, garaj «smotryashiy»si Alekseyning bizga taqdim etgan hujjati, bir idoradan ikki xil mazmundagi xat chiqishi mumkinligiga yaqqol misol bo‘la oladi. Shahar prokurori birinchi o‘rinbosari Sherzod Obloqulov imzosi bilan 2017 yil 4 iyulda taqdim etilgan 7392-17-sonli maktubida qayd etilishicha, «Planeta» garaj kooperativiga 100ta garaj uchun yer maydoni Toshkent shahar ijroqo‘mining 1975 yil 19 dekabrdagi 677/2 sonli qarori bilan ajratilgan, bu hujjat bugungi kunda rasman yuridik kuchini yo‘qotmagan, «Planeta» garaj kooperativiga kadastr ishi ochilgan».

Biz masala yanada aniqroq bo‘lishi, fuqarolarning jon-jahdlari bilan qaysarlik qilib, tadbirkor zimmasiga yuklatilgan majburiyatni bajarishga imkon bermaganliklari ortida haqiqatdan ham kadastr ishi ochilganini aniqlash yuzasidan Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi Yunusobod tuman bo‘limiga bordik va birgina savol bilan murojaat qildik.

Shahar prokuraturasi maktubida ta'kidlanganidek, haqiqatdan ham «Planeta» garaj kooperativiga nisbatan kadastr ishi mavjudmi?

Bu savolga tuman kadastr bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Abdulhamid Hakimovning javob berishicha, mazkur garajlarga ham, garajlar joylashgan yer maydonlariga ham, «Planeta» garajlar kooperativiga ham kadastr ishi mavjud emas.

Abdulhamid Hakimov

Bizni yanada ajablantirgani, ushbu holatlarni barcha davlat idoralari qayd etganlariga qaramay, garaj egalarini belgilangan tartibda soliqqa tortish amaliyoti hech bir tashkilot tomonidan amalga oshirilmagan. Shahar prokuraturasi mazkur holat yuzasidan garaj egalarini soliqqa tortish bo‘yicha tuman soliq inspeksiyasiga bildirishnoma kiritmagan.

Xullas, MChJning ikkinchi frontdagi kurashi ham fuqarolik ishlari bo‘yicha M.Ulug‘bek tumanlararo sudining 2018 yil 10 apreldagi qarori bilan yakuniga yetdi. Bir guruh fuqarolarning Toshkent shahar hokimining «Arabboy» MChJga yer ajratish to‘g‘risidagi 651-son qarorini bekor qilishni so‘rab bergan arizasi rad etilib, 2018 yil 1 maydan kuchga kirgan.

Qurilish firmasi shahar hokimining 651-son qarorida zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarish uchun garajlarni o‘z mablag‘i hisobidan buzishi talab etilgan, biroq birorta davlat idorasi bu masalada tadbirkorga yordam bermagan. Tuman hokimligi, tuman va shahar prokuraturasi, tuman IIB amaliy yordam berish chorasini ko‘rmagan. Bu boradagi murojaatlar va ularga berilgan mantiqsiz javoblar to‘plansa, o‘zi bir tom bo‘ladi.

Shu bilan MChJ, garchi o‘tgan yillar mobaynida barcha soliqlarni to‘lagani, qurilish ishlarini olib borish uchun shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasining ijobiy xulosasi salkam ikki yil deganda, 2016 yil 22 iyuldagi 31/14 bayonnomasiga asosan zo‘rg‘a olganiga qaramay (bu ishlar uchun 300 mln so‘m atrofida mablag‘ sarflangan) sun'iy ravishda fuqarolar qarshiligi bilan qonunchilikda belgilangan 3 yillik muddat, sudma-sud sarson bo‘lish oqibatida 4 yilga aylangan.

Xat-hujjatlar bilan yugur-yugurlarga barham berganiga ishongan MChJ endi amaliy harakatlarga kirishganida barchasi xomxayol ekanini anglab yetdi. Bir guruh fuqarolar garajlarni buzishga kelganlarni janjal va shov-shuv bilan qarshi olishgan. Shahar prokuraturasidan kimningdir qo‘ng‘irog‘i bilan IIB xodimlari va uchastka nozirlari kelib, tinchlik kerak, deya xalqni tinchitish o‘rniga, tadbirkorni «tinchitish» vazifasini uddalagan.   

Shu bilan 2018 yil 1 maydan kuchga kirgan sud qaroridan 6 oy o‘tgach, endilikda, sobiq shahar prokurori Sherzod Obloqulov imzolagan protestga muvofiq, Yer kodeksining 36-moddasiga asosan ajratilgan yer 4 yildan ortiq vaqt mobaynida o‘zlashtirilmagani vaji bilan shahar hokimligidan «Arabboy» MChJga yer ajratish to‘g‘risidagi 651-son qarorini bekor qilish so‘ralgan va bu so‘rov shahar hokimining 2018 yil 29 noyabrdagi 1682-son qarori bilan qanoatlantirilgan.

Yer maydoni yana 5 sotix qo‘shilgan holda Toshkent shahar hokimligining 2019 yil 7 fevraldagi 159-son qarori bilan hash-pash deguncha, yangi bir tashkilot - «Minor center» MChJga berib yuborilgan. Bu vaqtda esa «Arabboy» MChJ 1682-son qarorining o‘ziga tegishli qismini bekor qilish yuzasidan Chilonzor tuman ma'muriy sudiga ariza topshirgan va sud ushbu ishni ko‘rib chiqayotgan bo‘lgan.

Chilonzor tuman ma'muriy sudi «Arabboy» MChJni 1682-son qarorining o‘ziga bog‘liq qismini bekor qilish yuzasidan qilgan murojaatini ko‘rib chiqar ekan, barcha holatlarni inobatga olgan holda «Arabboy» foydasiga qaror chiqargan vaqtda ishga Chilonzor tuman prokuraturasi aralashgan. Prokuratura protestiga asosan ish apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan va birinchi instansiya sudining qarori bekor qilinib, «Arabboy» MChJning manfaatlariga zid ajrim qabul qilingan.

Shu o‘rinda, apellyatsiya instansiyasi qarorida qayd etilgan ayrim jihatlarga to‘xtalsak. Jumladan, qarorda «2014 yildan 2018 yilga qadar mazkur garajlarni ko‘chirish chorasini ko‘rganligini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etmadi», deya ta'kidlanadi. O‘rinli savol tug‘iladi: «Arabboy» MChJ jurnalistga taqdim etgan va tuman hokimligi, prokuraturaga yo‘llagan va garajlarni buzishda ayrim fuqarolar qaysarlik bilan qarshilik qilayotgani, bunda amaliy yordam berishni so‘rab yozgan murojaatlari nimani tasdiqlaydi yoki bo‘lmasa, yer uchun soliq to‘langani va qurilish ishlarini boshlash uchun xulosa olingani-chi? Bundan tashqari, 0,7 gektar yer maydonining 0,3 gektaridagi garajlar egalari rozi qilinib, ularga kompensatsiya to‘langan holda firma hisobidan buzilgani, maydon atrofi o‘ralib, qurilish-kommunikatsiya ishlarini olib borish uchun tayyorgarlik ko‘rilganini qanday baholash mumkin?

 Xullas, bugungi kunda mazkur ish hamon davom etmoqda. Bu ishda yana so‘nggi so‘zni Oliy sud aytadigan ko‘rinadi.

Ma'lumot uchun: «Arabboy» MChJ 1991 yili tashkil etilgan bo‘lib, asosan, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy-madaniy obektlarni kapital qurish sohasida bosh pudratchi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Shu davrga qadar, Yunusobod tumanidagi 2-yuqumli kasalliklar shifoxonasi, shahar Markaziy dorixona bazasi, Kardiologiya markazining B-bloki, Alisher Navoiy ko‘chasidagi 7 qavatli turar-joy binolari «Arabboy» MChJ tomonidan bunyod etilgan.

Tolib Rahmatov Kun.uz muxbiri
Sherzod Egamberdiyev Kun.uz operatori

Mavzuga oid