Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Matematika hayotning tasodifan paydo bo‘lishi deyarli imkonsiz ekanini ko‘rsatdi – tadqiqot
Olim oddiy kimyoviy elementlardan birinchi oddiy hujayraning o‘z-o‘zidan shakllanish ehtimolini hisoblash uchun axborot nazariyasi tamoyillarini qo‘lladi. Natijalar hayratlanarli bo‘lib chiqdi: bunday hodisaning sodir bo‘lish ehtimoli juda past.
Foto: Silver Spoon Sokpop
Britaniyalik olimning yangi tadqiqoti Yerda hayotning paydo bo‘lishi haqidagi an’anaviy tasavvurlarni shubha ostiga qo‘yadi. London Imperial kolleji xodimi Robert Endres matematik usullar va axborot nazariyasi yordamida shunday xulosaga keldi: jonsiz materiyadan tirik organizmlarning o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi shunchalik ehtimoldan yiroq ediki, zamonaviy fan buni to‘liq tushuntirib bera olmaydi.
Olim oddiy kimyoviy elementlardan birinchi oddiy hujayraning o‘z-o‘zidan shakllanish ehtimolini hisoblash uchun axborot nazariyasi tamoyillarini qo‘lladi. Natijalar hayratlanarli bo‘lib chiqdi: bunday hodisaning sodir bo‘lish ehtimoli juda past.
Endres bu jarayonni klaviaturada tasodifan harf terish orqali izchil ilmiy maqola yozishga urinish bilan taqqosladi. Tizim qanchalik murakkab bo‘lsa, muvaffaqiyat ehtimoli shunchalik tez nolga intiladi. Fizika qonunlariga ko‘ra, har qanday tizim tartiblilikka emas, balki xaosga intiladi, shu tufayli, hayot uchun zarur bo‘lgan murakkab molekulyar tuzilishni yaratish katta muammo tug‘diradi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, tasodifiy kimyoviy reaksiyalar va tabiiy jarayonlar dastlab Yer ixtiyorida bo‘lgan vaqt ichida hayotning paydo bo‘lishi uchun yetarli emas edi. Bu hayotning paydo bo‘lishi imkonsiz bo‘lganini anglatmaydi - aksincha, zamonaviy ilmiy modellarda qandaydir muhim elementlar yo‘q.
«Hayotning jonsiz materiyadan paydo bo‘lishiga asos bo‘lgan fizik tamoyillarni aniqlash biologik fizikaning hal qilinmagan eng katta muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda», deb ta’kidladi tadqiqotchi.
Endres hayotning tabiiy kelib chiqishini istisno qilmaydi, ammo olimlar ulkan axborot to‘siqlarini yengib o‘tishga yordam beradigan yangi fizik qonunlar yoki mexanizmlarni kashf etishi kerak, deb hisoblaydi. Ehtimol, materiyaning o‘z-o‘zini tashkil etishiga yordam beradigan noma’lum jarayonlar mavjuddir.
Ishda, shuningdek, yo‘naltirilgan panspermiya gipotezasi - hayot Yerga rivojlangan g‘ayrizaminiy sivilizatsiya tomonidan keltirilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi g‘oya ham tilga olinadi. Bu nazariyani o‘z vaqtida Frensis Krik va Lesli Orgel ilgari surgan. Biroq Endres bunday tushuntirishni ortiqcha murakkab va «Okkam ustarasi» tamoyiliga zid deb hisoblaydi, unga ko‘ra oddiyroq tushuntirishlarni afzal ko‘rish kerak.
Tadqiqot hayotning kelib chiqishi haqidagi savolga aniq javob bermaydi, lekin izlanish uchun yangi yo‘nalishlarni ochadi. Matematika va biologiyani birlashtirib, olimlar asta-sekin asosiy sirlardan biri - jonsiz narsadan jonli narsa qanday paydo bo‘lganini tushunishga yaqinlashmoqda.
Mavzuga oid
01:09 / 08.04.2025
Biotexnologik startap 10 ming yil oldin qirilib ketgan dahshatli bo‘rilarni «qayta yaratdi»
00:10 / 23.03.2025
Olimlar nima uchun odamlarda erta bolalik xotiralari yo‘qligini tushuntirdi
15:22 / 19.07.2024
O‘zbekiston 2024 yilgi Xalqaro biologiya olimpiadasidan chetlatildi
19:59 / 04.07.2023