O‘zbekiston | 00:45 / 12.01.2023
34315
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning Exeed avtomobillari O‘zbekiston bozoriga kiradi

Birinchi avtomobillar mart oyida sotuvga chiqariladi.

Foto: Exeed

Exeed kompaniyasi va O‘zbekistonning Asaka Motors kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolanganidan so‘ng, Exeed O‘zbekiston bozoriga kirganini rasman e’lon qildi. Bu haqda iXBT xabar berdi.

Exeed Xitoyning Chery kompaniyasi brendi bo‘lib, 2017 yilda premium sinfidagi avtomobillar uchun maxsus tashkil qilingan.

O‘zbekistonda Exeed avtomobillarini bahordayoq xarid qilish mumkin bo‘ladi, keyinchalik ushbu avtomobillarni ishlab chiqarish va mahalliylashtirish rejalashtirilmoqda.

«Yangi avtomobillarni yetkazib berish 2023 yil mart oyida boshlanadi. Unga Exeed VX yo‘ltanlamasi, zamonaviy TXL va yoshlar uchun mo‘ljallangan LX modellari kiradi. Hashamatli avtomobillarni ishlab chiqarish va mahalliylashtirish borasida biz kelajakka umid bilan qaraymiz, chunki bu chora-tadbirlar O‘zbekiston avtomobil sanoatini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi», dedi Asaka Motors bosh direktori Rustam Bekchanov.

Press-relizda aytilishicha, mamlakatda avtomobil ishlab chiqarishni tashkil etish «mijozlar uchun avtomobillar narxini sezilarli darajada pasaytiradi». 

Bahorda Toshkentda ikkita avtosalon ochiladi, Samarqand, Navoiy va Farg‘onada ham avtosalonlar ochiladi, ularda dastlab Xitoyda ishlab chiqarilgan avtomobillar sotiladi.

«Exeed falsafasi - o‘z-o‘zini doimiy takomillashtirishdir. Exeed avtomobillari endi rasman O‘zbekistonda, Exeed avtomobillarini Markaziy Osiyodagi muhim bozorda rasman taqdim etilishidan mamnunmiz», deyiladi kompaniya xabarida.

Exeed avtomobillarining O‘zbekistondagi narxi qanday bo‘lishi xabarda keltirilmagan. Ma’lumot o‘rnida keltiradigan bo‘lsak, Rossiyada Exeed VX modeli taxminan 58 ming dollar, TXL modeli 47 ming dollar, LX modeli 40 ming dollarga sotilmoqda.

Mavzuga oid