O‘zbekiston | 16:00 / 14.05.2026
1739
5 daqiqa o‘qiladi

British Petroleum’ning O‘zbekistonga kirishi: Ustyurtdagi bitim energetika bozori uchun nimani anglatadi?

«O‘zbekneftgaz» bosh geologining aytishicha, loyihaning asosiy maqsadi birinchi bosqichda yangi zaxiralarni aniqlash va istiqbolli konlarni ochish hisoblanadi. Asosiy e’tibor geologiya-qidiruv ishlariga qaratiladi va dastlabki bosqich besh yil davom etishi tahmin qilinyapti.

Toshkentda o‘tayotgan «O‘zbekiston neft va gazi – 2026» xalqaro energetika haftaligi doirasida «O‘zbekneftgaz», Ozarboyjonning SOCAR va Buyuk Britaniyaning nufuzli British Petroleum (BP) kompaniyasi o‘rtasida Ustyurt mintaqasidagi oltita istiqbolli blok bo‘yicha mahsulot taqsimotiga oid bitim imzolandi.

Gap Qoraqalpog‘iston hududida joylashgan Boyterak, Terengquduq, Birqori, Haroy, Qoraqalpoq va Qulboy bloklari haqida ketmoqda. Kelishuvga ko‘ra, loyihadagi ulushlar BP – 40 foiz, SOCAR – 30 foiz va «O‘zbekneftgaz» – 30 foiz qilib taqsimlandi.

British Petroleum nima uchun muhim?

BP – dunyodagi eng yirik energetika kompaniyalaridan biri. Kompaniya faqat kapital emas, murakkab geologik hududlarda ishlash tajribasi, yuqori texnologiyali razvedka usullari va katta masshtabdagi qazib olish infratuzilmasini ham olib kiradi. Mas’ullarning ta’kidlashicha, uning O‘zbekistonga kirishi bir necha jihatdan ahamiyatli.

Birinchidan, bu O‘zbekiston energetika bozori xalqaro transmilliy kompaniyalar uchun yanada ochilayotganini anglatadi.

Ikkinchidan, so‘nggi yillarda mamlakatda gaz qazib chiqarish hajmi pasayib, ichki iste’mol o‘sib borayotgan bir sharoitda hukumat yangi zaxiralar izlashni strategik vazifaga aylantirdi. Qish mavsumlaridagi energetik muammolar, import hajmlarining ortishi va sanoat ehtiyojlari Toshkentni yangi sheriklar jalb qilishga majbur qilmoqda.

Uchinchidan, BP’ning kelishi O‘zbekistonning geosiyosiy ahamiyati oshib borayotganini ham ko‘rsatadi. Chunki Markaziy Osiyo bugun transport va energetik xavfsizlik nuqtai nazaridan ham yirik davlatlar diqqat markazida turibdi.

Ustyurt – hali to‘liq ochilmagan hudud

Mutaxassislar fikricha, Ustyurt platosi Markaziy Osiyodagi eng istiqbolli neft-gaz hududlaridan biri hisoblanadi. Ammo bu yerda ishlash oson emas. Iqlim qattiq, infratuzilma cheklangan, geologik qidiruv esa katta mablag‘ va yuqori texnologiya talab qiladi. Shu sababli bu kabi hududlarga odatda moliyaviy va texnologik imkoniyati yuqori bo‘lgan kompaniyalar kirib keladi.

«O‘zbekneftgaz» bosh geologi Nodir Ubaydullayevga ko‘ra, loyihaning asosiy maqsadi yangi zaxiralarni aniqlash va istiqbolli konlarni ochish hisoblanadi.

“Hozirgi bosqichda asosiy e’tibor geologiya-qidiruv ishlariga qaratilgan va dastlabki bosqich besh yil davom etadi”, – deydi u.

“Bu faqat resurs emas, inson kapitali loyihasi ham”

Tadbirda qatnashgan SOCAR rahbariyati loyihani oddiy tijoriy kelishuv sifatida emas, kengroq strategik hamkorlik sifatida baholadi.

Ushbu loyiha ham Ozarboyjon Respublikasi prezidenti, ham O‘zbekiston prezidenti nazoratida turibdi. Biz zimmamizdagi mas’uliyatni yaxshi tushunamiz. O‘tgan yili SOCAR’ga bildirilgan ishonchni juda yuqori qadrlaymiz. Bu yil esa loyihaga British Petroleum ham qo‘shilyapti. Hozirning o‘zidayoq juda yaxshi, ijobiy natijalarni ko‘ryapmiz. Hamkasblarimiz bilan yangi istiqbolli loyihalarni muhokama qilyapmiz. Biz olib kiradigan yangi texnologiyalar va yondashuvlar O‘zbekiston taraqqiyoti, yangi kadrlar va inson resurslarini rivojlantirish yo‘lida xizmat qilishiga ishonamiz”, — dedi SOCAR rahbari Rovshan Najaf.

BP nimani rejalashtiryapti?

British Petroleum’ning Ozarboyjon, Gruziya va Turkiya bo‘yicha mintaqaviy prezidenti Jovanni Kristofoliga ko‘ra, kompaniya hozir “seismic campaign” – seysmik tadqiqot bosqichini olib bormoqda.

Bu jarayonda yerosti qatlamlari, kon hajmi va geologik struktura o‘rganiladi. Olingan ma’lumotlar esa dunyodagi eng kuchli superkompyuterlar yordamida tahlil qilinadi. Kompaniya vakillari hozirning o‘zidayoq “juda yaxshi ma’lumotlar” olinayotganini aytmoqda.

“Agar tahlillar kutilgan natijani bersa, ilk qidiruv qudug‘ini burg‘ilash ishlari kelasi yil boshlanishi mumkin”, – deydi u.

O‘zbekiston nima yutmoqchi?

Qisqa muddatda bu kelishuvdan tez iqtisodiy effekt kutish qiyin. Chunki hozircha asosiy jarayon – qidiruv va tahlil.

Ammo uzoq muddatda loyiha:

  •  yangi gaz zaxiralarini aniqlash;
  •  milliardlab dollarlik investitsiya jalb qilish;
  •  zamonaviy texnologiyalarni olib kirish;
  •  mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish;
  •  ichki bozor barqarorligini ta’minlash;
  •  eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid