O‘zbekiston | 17:16 / 24.02.2020
72674
6 daqiqa o‘qiladi

Mahkuma: «Bir burda nonga ham qornim to‘yarkan...» (2-qism)

Kun.uz ijodkorlari Toshkent viloyati Zangiota tumani 21-sonli ayollar koloniyasida bo‘lib, mahkumalarning yashash tarzi bilan tanishib, bir necha qismli turkum dasturlar tayyorladi.

O‘tgan sondagi reportajda koloniyadagi yashash tarzi haqida axborot berilgan bo‘lsa, bu safar ayollarning ichki dunyosi, o‘y-xayollariga nazar solishga harakat qilamiz.

Mahkumalarni bu yerga olib kelgan sabablar, qamoqxonadagi hayot manzaralari, alam va nafrat, yolg‘izlik va afsus-nadomatlar... Birinchi qahramonimiz hayot yo‘lida adashgani va bundan pushaymonligi, chorasizlik haqida o‘z taqdiri misolida gapirib berdi.

«Ongli ravishda jinoyat qilgandim»

– Bu yerga kelishimga sabablar ko‘p. Oilaviy qiyinchilik, yetishmovchilik, chorasizlik meni shu joylargacha yetaklab keldi. Geroin savdosiga qo‘shilib qoldim. 6 yilini o‘tadim, yana 5 yil qoldi.

Jinoyatni qilishdan oldin o‘zim bilib, ongli ravishda sodir etganman. Nima sababdan geroin sotdim? Bolalarim yosh edi, erim bilan ajrashganman. Ko‘chaga chiqib ishlolmasdim. Oilada yagona boquvchi edim. Yetishmovchilik meni jinoyat ko‘chasiga yetakladi. 2 nafar qizimni ko‘krak suti bilan boqishim kerak edi. Onam ishlamasdi. Otam ham shu jinoyat bilan ayblanib qamoqda edi. 2 nafar ukam ham hali yosh edi.

2007 yilda shu yo‘lga kirganman. O‘sha yili 2 qizim ham qamqonlik tufayli shifoxonada reanimatsiyada edi. Ro‘zg‘orda hech vaqo yo‘q. Shifoxonadan uyga keldim. Qizlarimga dori-darmon olib borish kerak edi. Nima qilishni bilmasdim. Uyimiz yerto‘lasiga tushib, o‘kirib-o‘kirib yig‘ladim. Keyin birdan bir teshikka ko‘zim tushdi.

Yaxshilab qarasam, shisha idishda otamdan qolgan geroin bor ekan. Darrov otamning yaqin do‘stiga qo‘ng‘iroq qildim. Bo‘lgan voqeani, chorasizligimni aytib, yig‘ladim. U kelib ozroq pul berdi. Ro‘zg‘orni butlab, kam-ko‘stimni to‘ldirdim. Shu tariqa oz-ozdan geroindan olib sotadigan bo‘ldim.

«Mehnatdan qochmaymiz, lekin jamiyat bizdan voz kechgan»

– Birinchi marta sudlanganimda shartli ravishda ozodlikka chiqarishdi. Topgan daromadimning 25 foizini davlatga to‘lashim kerak edi. Agar 3 oy ichida to‘lolmasam, yana koloniyaga qaytishim kerak edi.

Pasport o‘rnini bosuvchi vaqtinchalik hujjat berishdi. Ish izlab borgan joyimda rad javobi beraverishdi. Hokimiyatga bordim ish so‘rab, hamma joydan bir xil yo‘q javobi oldim. Bu yerda bolalarim och-nahor, uyda mendan boshqa boquvchi yo‘q edi.

Ilojsiz edim va yana jinoyat ko‘chasiga kirdim.

Uyda sotiladigan har qanday buyumni sotib bo‘lgandik. Ko‘pchilik o‘ylashi mumkin: «Ozodlikka chiqqandan keyin qamalganlarga ishlash yoqmaydi, shuning uchun ish topolmayapman, deb bahona qiladi». Yo‘q, undaymas. Shu yerda ham ishlayapmiz-ku. Mehnatdan qochmaymiz. Jamiyat bizdan allaqachon voz kechgan. Keraksiz odamlarga aylanganmiz.

«Koloniya formasini kiyish juda og‘ir bo‘lgan»

– Formani berishganda, xayolimdan ko‘p narsalar o‘tgan, qo‘rqqanman. Onamga yig‘lab gapirib bersam: «Bolam, kafan kiymayapsan. Kafan kiygan qaytmaydi. Kapalak kiyyapsan. Bu hammasi bir kunlik azob, o‘tib ketadi, ozod bo‘lasan, keyin qutulasan. Chidagin», – deb ovutardi.

Bir burda nonga ham qornim to‘yarkan. Bu yerga kelganimdan keyin hayotimda ko‘p narsa o‘zgardi. Ko‘p tuhmatlarga qoldim. Bu yerda yashash judayam og‘ir.

Men do‘zaxga bormaganman. Lekin qamoqxonani bu dunyoning do‘zaxiga o‘xshataman.

«10 yildan beri o‘zimni yashamayapman, deb o‘ylayman»

– Meni bu yerda eng ko‘p qiynagan tuyg‘u – sog‘inch azobi. Farzandlarimga mehr berolmaganim, onamni azoblaganim, ukalarim boshini egib qo‘yganim, hayotimni barbod qilganimdan afsus chekaman.

Men o‘zimni 10 yildan beri yashamayapman, deb o‘ylayman. Bu yerga kelib hayotning qadriga yetdim.

«Bu yerda o‘ylovlarimiz ham chegaralangan»

– Ozodlikka chiqqanimdan keyin ko‘p ishlar qilishni rejalashtirganman. Bolalarimni oyoqqa turg‘azishim kerak. Uy-joyimni tiklashim zarur.

So‘ng tadbirkorlik bilan shug‘ullanish rejamda bor. Agar biror homiy bo‘lsa, o‘zimni tiklab olishga imkoniyatim bo‘lardi.

Rejalarim judayam ko‘p. Lekin bu yerda o‘ylovlarimizning o‘zi ham chegaralanib qoladi. Chunki 6 yildan beri bir xil tartibda yashayapman.

«Bir xillikdan o‘zgarib bo‘lmaydi, faqat azoblanish mumkin»

– Muassasa xodimlari davr o‘zgargani, islohotlar bo‘layotgani haqida bot-bot takrorlashadi. Tashqaridagi sharoitni tasavvur qilolmayman.

Bizga o‘zgarishimiz kerakligini aytishadi. Bu yerda o‘zgarish juda qiyin. Bir xillik insonni o‘zgartirmaydi. Inson fikrlash doirasini xilma-xillik kengaytiradi, deb o‘ylayman.

Bir xillikdan hech narsa o‘zgarmaydi. Bir xillikdan faqat azoblanish mumkin. Hayotimiz faqat bir xil o‘ylaylardan iborat: qornimiz to‘q bo‘lsa, hech kim bilan janjallashmasak, kunimiz tezroq o‘tib, muddatimiz tugasa... Shu fikrlar bo‘ladi.

Qamoqxonada ayollar bir-birini ko‘rishni istamaydi, chunki har kuni bir xil qiyofalar. Bir xillikdan asabiy bo‘lib qolamiz.

Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi.
Tasvirchi – Otaxon Yusupov.

Mavzuga oid