Jamiyat | 17:44 / 18.05.2023
28647
3 daqiqa o‘qiladi

Yunusoboddagi janjalli qurilish bo‘yicha izoh berildi. Aholi hokimlik vajlari haqiqatga zid ekanini aytmoqda

Mahalliy hokimlik belgilangan hududda ko‘p qavatli bino barpo qilish uchun tegishli barcha tashkilotlar bilan kelishilganligini bildirgan. Ammo aholi ushbu qurilish uchun ularning roziligi olinmaganligini aytishmoqda.

17 may kuni Toshkent shahri Yunusobod tumanining 8-mavzesida mahalla hududini yangi qurilishdan himoya qilmoqchi bo‘lgan aholi hamda qurilish firmasi ishchilari o‘rtasida janjal kelib chiqqani xabar qilingandi. Mahalliy hokimlik janjalli qurilish bo‘yicha izoh berdi.

Hokimlik rasmiy munosabatiga ko‘ra, holat tuman hokimligi tomonidan batafsil o‘rganilgan.

Mazkur manzilida joylashgan 1,23 gektardan iborat yer maydoni “FRANCHISING INVEST” MChJga mavjud avtoturargohni o‘z hisobidan buzish va o‘rnatilgan tartibda yetkazilgan zararlarni qoplash hamda aholining roziligini olish sharti bilan ko‘p qavatli bino qurish uchun ajratib berilgan.

Yuqoridagi qarorga muvofiq, Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2018 yil 2 martda 311T-sonli arxitektura rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqilgan. Ushbu arxitektura rejalashtirish topshirig‘iga asosan loyiha hujjatlari “MEMORIAL ARXITEKTURAL PROJECT” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan.

Shuningdek, Qurilish vazirligi “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUKning Toshkent shahar filiali xulosasi ham berilgan.

Shuni ma’lum qilamizki, ushbu obektni barpo qilish uchun tegishli barcha tashkilotlar bilan kelishilgan”, deyiladi hokimlik munosabatida.

2023 yilning 16 may kuni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ham tumanning Nurmakon mahallasidagi 48-, 50-, 49-, 18- hamda 17-uyda yashovchi fuqarolarning murojaatiga shu mazmunda javob yo‘llagan. Unda ta’kidlanishicha, 17-, 19-, 20-uylar oralig‘ida joylashgan 1,23 gektar yer maydoni “FRANCHISING INVEST” MChJga mavjud avtoturargohni o‘z hisobidan buzish va o‘rnatilgan tartibda yetkazilgan zararlarni qoplash hamda aholining roziligini olish sharti bilan ko‘p qavatli bino qurish uchun ajratib berilgan.

Ammo aholiga ko‘ra, ular norozi bo‘layotgan hudud hokimlik va vazirlik aytgani kabi 17-, 19-, 20-uylar oralig‘ida emas, 18-, 48-, 50-uylar oralig‘ida joylashgan. 2018-2019 yillarda 17-, 19-, 20-uylar yaqinidan ham yangi “dom” qurilgan va o‘sha paytda bu uylarda yashovchi aholidan rozilik olingan bo‘lishi mumkin. Aynan 18-, 48-, 50-uylar oralig‘idagi avtoturargoh o‘rnida qurilish qilishga esa bu uylarda yashovchilardan rozilik olinmagan.

Vazirlik xati va hokimlik munosabatida mazkur yer maydoni ko‘p qavatli bino qurish uchun aholining roziligini olish sharti bilan ajratib berilgani aytiladi. Biroq tegishli hududda yashovchi aholi bunga rozi bo‘lmasliklarini ta’kidlashmoqda. 

Ayni damda mazkur holat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘rganib chiqilmoqda. O‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishi aytilgan.

Poytaxt hokimligi hamda tegishli mas’ul idoralar birgalikda nizo bartaraf qilinishiga erishmas ekan, bu holat jiddiy tus olish ehtimoli yuqori.

Mavzuga oid