O‘zbekiston | 18:50 / 09.12.2019
43446
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkent-Namangan aviareysi yo‘lovchilari soatlab ushlab turilgani haqida xabar tarqaldi. Aeroport nima deydi?

«O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasining 9 dekabr kuni soat 08:35ga belgilangan Toshkent-Namangan reysi tuman tufayli bir necha marta kechiktirilib, soat 15:35da jo‘nab ketdi.

Telegram'dagi «bakiroo» kanali muallifi Otabek Bakirov bugun ertalab Toshkentdan Namanganga uchishi kerak bo‘lgan samolyot yo‘lovchilari bilan sababsiz ushlab turilgani haqida xabar tarqatdi.

Ushbu reysga chipta olgan yo‘lovchilardan biri bo‘lgan bloger o‘z postida «bir necha soat samolyot ichida qolib, holsizlikdan hushdan ketganlar ham borligi»ni, shu bois uchta tez yordam mashinasi chaqirilganini ham qo‘shimcha qilgan.

Bloger: «Mana shunaqa monopoliya»

«Bakiroo» kanali muallifi soat 15:17da qoldirgan postida shunday deb yozadi:

«HY-95 aviareysi ertalab 8dan beri yo‘lovchilari bilan ushlab turilibdi.

Ayrim yo‘lovchilar bir necha soatdan buyon samolet ichida. Holsizlikdan hushidan ketganlar ham bor, uchta tez yordam mashinasi keldi. Bortkuzatuvchilar samolyot bortini tark etganlarga aviachipta qiymati qoplanmasligini aytishmoqda. 

Norozilik bildirganlar vaziyatga izoh so‘raganlari va jarayonni videoga olgani uchun militsiya naryadi chaqirildi, norozi ayollar huquqlarini talab etgani uchun alohida ayol militsiya xodimi ham yetib keldi.

Samolet bortida o‘nlab xorijliklar ham bor. Mana shunaqa monopoliya. Mana shunaqa havoshka».

Bakirovning so‘zlariga ko‘ra, u uchish-uchmaslik borasida aniqlik bo‘lmagach, samolyotni bir necha yo‘lovchilar bilan birga tark etgan.

«Havoshka» (vakillari) na uzr va na tazarru bildirdi. Kompensatsiya haqida-ku gap bo‘lishi ham mumkin emas ekan. Samolyotda chaqaloqli ayollar, bolalar, qariyalar qolmoqda. Hech qursa, ularga issiq choy, ovqat berilsa bo‘lardi», deya qo‘shimcha qilgan u.

Aeroport izohi: «Reys kechiktirilgach, bortda birorta ham yo‘lovchi qolmagan»

«O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasi aloqa markazi Kun.uz so‘roviga javoban reys kechikishi, yo‘lovchilarga tez tibbiy yordam zarurati tug‘ilgani va xavfsizlik xodimi chaqirtirilgani haqida ma'lumotga ega emasligini bildirib, bu savollarga Toshkent xalqaro aeroporti javob berishini ma'lum qildi.

Aeroportdagilar Toshkent-Namangan reysi avval belgilanganidek soat 08:35da emas, soat 15:35da uchib ketganini tasdiqladi. Unga ko‘ra, samolyot uchishidan oldin yo‘lovchilar bortda bir yarim soat chamasi kutib qolishgan.

«Ertalab samolyotga chiqilganidan so‘ng, reys kechiktirilgach, hamma qaytib tushirildi, bortda hech kim qolmadi. Hamma uy-uyiga borib yoki biror ishi bo‘lsa bajarib keldi.

Soat 13:00ga hammani yig‘ishni boshlashdi, ammo yo‘lovchilarning aksariyati soat 14:00ga yetib keldi. Ular shu vaqtda samolyotga chiqarilgandi, lekin bu vaqtda Namanganda tuman tushib qoldi.

Agar hamma soat 13:00ga qaytib kelganida, samolyot tuman yo‘q paytda uchib ketgan bo‘lardi. Hamma uy-uyiga tarqalgach, telefon qilib yig‘dik, lekin soat 13:00ga hech kim yetib kelmadi. Hamma kechga qolib, soat 14:00da samolyotga chiqishdi», – dedi Toshkent xalqaro aeroporti axborot bo‘limi vakili.

Aeroport xodimlari ham tez yordam va xavfsizlik xodimlariga ehtiyoj tug‘ilgani haqida ma'lumotga ega emasliklarini bildirishdi.

Namangan xalqaro aeroporti xodimi ushbu reys soat 16:10da 105 nafar yo‘lovchi bilan aeroportga qo‘nganini ma'lum qildi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» xodimlari ushbu reysga qancha chipta sotilgani haqida ma'lumot berilmasligini bildirishdi. Shu tufayli reys uchun chipta sotib olgan va reys kechikishi tufayli chipta puliga kuygan yo‘lovchilar sonini aniqlashning imkoni bo‘lmadi.

«Bortkuzatuvchilar savollarga javob bermay, indamay turaverishdi»

Otabek Bakirov Kun.uz bilan suhbatda voqeaga doir yana ayrim tafsilotlarini keltirib o‘tdi.

«Samolyot 08:35da uchishi kerak edi. Men soat 7da bordim, reys qoldirilganini aytishdi. Avval 10, keyin 11, keyinroq soat 12da uchadi, deyishdi. Kechiktirilganini bilgach, men uyga qaytib keldim.

Kompaniyaga telefon qilganimda uchish vaqti soat 14ga ko‘chirildi, deyishdi. Shundan so‘ng soat 13da yana aeroportga bordim. Registratsiyadagilar tezroq o‘ting, hozir uchib ketishadi, dedi. Soat 13da ro‘yxatdan o‘tib, samolyotga chiqib o‘tirdim.

Soat ikki bo‘ldi – uchmaydi, uch bo‘ldi – uchmaydi... Mendan 4-5 soat avval, ertalabdan beri samolyotda o‘tirgan passajirlar bor ekan. U bechoralar na tushishini biladi, na qolishini. Qorinlari och – yo‘lovchilarga faqat suv berilyapti. Na choy berilgan, na ovqat.

Bortda yosh bolalilar, qariyalar bor edi. Qon bosimi borlar havo kamligidan hushidan ketishyapti. Ishonmaysiz, salonning ichi hidlanib ketgan...

Muammo shundaki, ular samolyotning na uchishini, na uchmasligini aytishdi. Tushib ketsanglar, chiptalaring kuyadi, deyishdi.

Ba'zi ayollar norozilik bildirib, izoh so‘ragan va bortkuzatuvchilarni videoga olgan edi, ayol militsiya chaqirishdi. Bortkuzatuvchilar savollarga javob bermay, indamay turaverishgan edi-da. Yo‘lovchi ayollarga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirmoqchi bo‘lishayotgandi, keyin nima bo‘lganini bilmadim. Chunki tushib ketgandim», – deydi bloger. 

Kun.uz voqeaning boshqa guvohlari bilan bog‘lana olmadi.

Ayni vaqtda bortdagi xatti-harakatlari tufayli militsiya tomonidan bayonnoma tuzilishiga kirishilgan ayollar bilan keyin nima bo‘lgani ma'lum emas.

UPD: Tahririyat bugun Toshkent-Namangan reysida uchgan yo‘lovchilardan telegramdagi @ContactKunUz orqali aloqaga chiqishni so‘raydi.

Mavzuga oid