Light | 20:20 / 21.08.2020
32028
6 daqiqa o‘qiladi

«Bitta tandiringga alishmasman men» – Andijonning mashhur tandirlari qanday yasaladi?

Parijning eng go‘zal restoranlarin,
Bitta tandiringga alishmasman men.

(Muhammad Yusuf)

Shoir bejiz oddiy tuproqdan yasalgan tandirimizni bu darajada ko‘klarga ko‘tarmagan. Chunki unda o‘zbegim mo‘jiza deb biladigan, tabarruk qilib ko‘ziga surtadigan non yopiladi. O‘zbeklar qadimdan non yopishda tandirdan foydalanib kelishgan.

Bugungi kunda ham tandir xalqimiz tarixining, madaniyatining bir qismi sifatida e'zozlanadi. Tandir yasash esa alohida hunar va san'at deyishimiz mumkin.

Andijon viloyati Paxtaobod shahrining Yuqori mahallasida yashovchi Yunusovlar oilasi mana beshinchi avlod ota-bobolaridan meros kasb va hunar bo‘lgan tandirchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Hunarmandlar xonadonida bo‘lib, tandirning qanday jarayonlar orqali tayyor bo‘lishini kuzatdik.

Yoshi ulug‘ ikki usta Rahimjon ota va Mo‘minjon otalar tandirxonadagi shogirdlarga maslahat berib boshchilik qiladi. Ustaxonada 15 nafar kishi tandir yasash bilan band.

«Ajdodlarimiz 100-200 yillardan beri hunarmandchilik ishlari bilan shug‘ullanib kelgan. Avval Yunus kulol otamiz bu hunarni boshlagan ekan. Opoqdadalarimiz kulolchilik qilib, idish-tovoq, xalqqa kerak bo‘lgan ko‘zalar yasagan. Keyin bizni otalarimizga hunar o‘tgan. Xalq uchun tandirni zaruriyati katta bo‘lgani uchun tandirchi bo‘lib ketganmiz.

Rahimjon ota Yunusov

Hunarni biz olib qoldik, o‘g‘illar o‘rgandi. Mana endi nevaralar. Hozir 5-6 avlod tandirchilik qilyapti. Tandir – yurtga juda zarur buyum. Shu kasbni tanlaganimizdan xursandmiz. Mahallamizdagi yoshlar chiqib hunar o‘rganishadi. Atrofimizda hamma yigitlarni tandirchilikdan xabari bor desa ham bo‘ladi. Hammasi shogird bo‘lib o‘rgangan bizdan, o‘g‘illarimizdan. El ichidagi hurmatni hunarimiz orqali topdik», – deydi Rahimjon ota Yunusov.

Vodiyda «Paxtaobod tandirlari»ning dong‘i to‘rt tomonga ketgan. Bu yerda yasalgan tandirlar vodiyning uch viloyati – Andijon, Namangan va Farg‘ona bo‘ylab sotiladi. Ustaxonada tayyor bo‘lgan tandirlarni sotuvchilar mashinalarga ortib shaharma-shahar, qishloqma-qishloq yurib sotadilar. O‘tgan yili Rossiya va Qozog‘istondan ham buyurtma asosida 50 ta tandir olib ketishibdi.

Tandir mashaqqatli mehnat evaziga bunyod bo‘ladi. Operatorlarimiz bilan buyum yasalishining loy holatidan tandir ko‘rinishiga kelishigacha bo‘lgan jarayonni suratga tushirdik.

«Hunarimiz, mana shu ota kasb – tandirchilik. Shuning orqasidan, mana, Xudoga shukr, uy-joy qildik, bolalarimizga sharoitlar yaratdik, mashinalarimiz bor. Barchasini tandirchilik orqasidan, halol mehnat bilan topganmiz.

Mana bu usta yigit o‘g‘lim – Oyatilloh. Katta o‘g‘lim tandir sotish bilan shug‘ullanadi.

Mo‘minjon ota Yunusov

Paxtaobod tandirini boshqa tandirlardan farqi nimada? Sifati, manavi girvoni (tandirning lab qismi)ning boshqa joyda qilinadigan tandirlarga nisbatan ishlovida farqi bor. Keyin loy tayyorlashga katta e'tibor beramiz. Shogirdlarga ham loyni mukammal tayyorlash talabini qo‘yamiz.

Tandir olinadigan tuproqni o‘zimiz alohida borib tekshirib, loy qilib, ko‘ramiz. O‘sha «arzik» tuproqdan saqich singari yopishqoq loy paydo bo‘lsa, olib kelib ishlatamiz. Asosiy ishlov loyda bo‘ladi. Loyni 3 marta, 4 marta ag‘darib, sholchaga solib ham tepiladi. Undan keyin tandirga, takki deyiladi, ana shunda ham alohida tepiladi», – deydi Mo‘minjon ota Yunusov.

Ustaning aytishicha, xonadon egasi tandirni uyiga qurgan kuni yaxshilab past olovda pishirib olsa, usti yopiq bo‘lsa, 15-16 yil xizmat qiladi. Bu yerda novvoylar uchun har xil turdagi nonvoy tandir, yer tandir, somsa tandir, nimcha, yarim nimcha va katta 50ta non sig‘adigan to‘y tandirlar ham yasaladi.

Oyatillo G‘ulomqodirov

Tandirchilarning beshinchi avlodi bo‘lgan Mo‘minjon otaning o‘g‘li Oyatillo bizga tandir uchun xalqa shaklida loy tayyorlash, jun va somonni qo‘shish, tepkilab pishirish jarayoni bilan tanishtirdi.

Yana bir usta Muhammadumar Abdurahmonov esa loydan zuvala qilinishi, tandirning pastki va ustki qismlarini ulash, girvon yopishtirishni ko‘rsatib berdi.

Muhammadumar Abdurahmonov

Bitta tandir tayyor bo‘lishiga yozning issiq kunida, uch-to‘rtta hunarmandning mehnati ketar ekan. Tandir bo‘y cho‘zib, o‘z shakliga kirib uch kun qurigach, pardoz beriladi va sotuvga olib ketiladi.

Tandirxonada kun davomida bo‘lib, hunarmandlarning mehnat va egallagan hunari bilan loydan gul yasash mumkinligiga guvoh bo‘ldik.

 

Elmurod Ermatov,
Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzuga oid