Jamiyat | 20:46 / 07.08.2025
12245
6 daqiqa o‘qiladi

"Ijara 500$, o‘rtakashlik esa yana 250$" - valutada hisoblashuvchi makler-rieltorlarni kim nazorat qiladi?

Ijara bozori – O‘zbekistonda umuman tartibga solinmagan, palapartish soha. Odatda ijaraga uy olish uchun odamlar yoki internetdagi e’lonlarni qarab chiqadi, yoki uyma-uy yurib qidiradi yoki makler-rieltorlarga murojaat qiladi. O‘rtakashlar esa uy ijarasi bahosining 50%i miqdorida xizmat haqqi olib, 1 so‘mini ham davlatga soliq qilib to‘lamaydi. Kun.uz bozordagi vaziyatni bilish uchun ijarachilarga quloq tutdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘zbekistonda ijaraga uy olish uchun aksariyat hollarda xonadon egalari bilan gaplashib olgan rieltor va maklerlarning oldidan o‘tishingizga to‘g‘ri keladi. O‘zingiz topaman desangiz, juda ko‘p vaqtingizni yo‘qotasiz. O‘rtakash rieltor va maklerlar esa uy izlab yurganlarga o‘lja ko‘zi bilan qaraydi.

Ayniqsa, poytaxt Toshkentda borgan sari ijaraga uy topish muammo: narxlar qimmat, xonadon egalari injiq, ijarachilarning esa moddiy ahvoli achinarli.

Chilonzor tumanidagi uy-joy bozorida turganlarning 90%i rieltor va maklerlar. Eng qizig‘i, ularning ichida hali 18 yoshga to‘lmaganlari ham bor. Yana biri esa shu bozorda tug‘ilib, katta bo‘lganini aytadi.

Ayollar, keksalar, ishsiz bekorchilar ham shu bozorda maklerga aylanib olishgan. Kameralarni ko‘rgan bu ayyorlar darrov mehr-muruvvat farishtalariga aylanib olishdi, “kambag‘allar uchun tekinga uy topib beramiz”, deganlar ham bo‘ldi.

“Qiynalib qolgan oila kelib, uy so‘radi. Tekinga ham joylashtirib berdik, lekin ba’zi maklerlar aytgan 50% ni oladi, ko‘chada o‘tirgan hech qayerdan ro‘yxatdan o‘tmagan o‘rtakashlar esa uy egasi raqamini olib olgan. Mijozni ko‘chadan ilintiradi va hattoki, uyni ko‘rsatish uchun olib borgan yo‘lkira haqqini ham ijarachilardan undiradi. Hech qanday hujjat yo‘q, qandaydir muammo bo‘lsa, pulini ham qaytarib ololmay qoladi”, deydi maklerlardan biri.

Ijara tizimining tartibga solinmagani oqibatlaridan biri xohlagan odam bu joyga kelib, uy taklif qilishi, ijarachidan esa uy narxining 50% miqdorida o‘rtakashlik puli olishi mumkin. Olgan daromadidan esa bir tiyin ham soliq to‘lamaydi.

Shu kecha-kunduzda aholi so‘roviga binoan normal-shart sharoitlarga ega standart uylar – 400-450 AQSh dollari. Darvoqe, uy bozorida hech kim milliy valutada narx aytmaydi, faqat chet el valutasida savdolashasiz.

Talabalarga ijara uylari – alohida mavzu. Deyarli, hech kim talabaga uyini bermaydi, berganlar ham shart-sharoitsiz, ko‘rimsiz, fayzsiz uyini shu talabalarga pullaydi.

“To‘rt kundan beri uy izlayman, shuncha vaqtim ketyapti. Mana, o‘qish boshlanishidan 1 oy avvaldan kelib qidiryapman, uy yo‘q. Aytilayotgan narxlar juda qimmat, talaba o‘laroq to‘lash imkonimiz yo‘q. Maklerlar esa 50% so‘raydi, hattoki oldin berib yuborilgan uylarni ham taklif qilib, bizni ovora qilishyapti”, deydi uy bozoridagi talabalardan biri.

Endi o‘zingiz o‘ylang, viloyatdagi davlat ishida ishlovchi ota-ona farzandini o‘qitsinmi, ijarasini to‘lasinmi yoki o‘z oilasi va shaxsiy xarajatlari ustida bosh qotirsinmi?

Uy bozoridagi maklerlar shu darajadaki, hattoki taklif etilayotgan uylarni ko‘rib kelish uchun sarflangan pulni ijarachidan oladi. Uy egasi bilan kelishib olib, har oy ijarachini ko‘chaga haydaydigan va shunday qilib har oy pul aylantiradiganlar ham juda ko‘p.

Uy bozorida o‘tirganlarning ichida tug‘uruq ta’tilida bo‘lganlar ham bor. Lekin ular ham xizmat haqqini uy narxining 50% miqdori bilan belgilab olgan.

“Aslida mening kasbim bor, lekin hozir tug‘uruq ta’tilidaman. Universitetda ishlardim”, deydi bozordagi maklerlardan biri.

Toshkentda yillardirki ijarada yashovchi yurtdoshimizga ko‘ra, davlatdan maosh olib yashovchi oila uchun ijarada yashash – o‘lim bilan barobar.

“Narxlar o‘ta qimmatlagan, faqat oylikka qaragan oila uchun ijarada yashash azob. Avvallari 400-450$ga 3 xonali, yaxshi uylar topsa bo‘lardi, hozir shu pulga ham topish imkonsiz”, deydi 12 yildan beri ijarada yashovchi yurtdoshimiz.

Makler va rieltorlarning beli og‘rimay topayotgan 50%li o‘rtakashlik haqqini biror kim rozi bo‘lib berganini eshitmadik. Ular faqat mo‘may daromad va beli og‘rimay pul topgani uchun ushbu kasbni tanlaganini tan ham oladi.

Xo‘sh, nega davlat bu palapartish, betartib sohaga e’tibor qaratmaydi? Qonun-hujjatlari orasidan qidirganimizda “Rieltorlik to‘g‘risidagi qonun”ga ko‘zimiz tushdi. Bundan 15 yil avval, prezident Karimov davrida qabul qilingan qonunning qaysi bandi bugun ishlayapti-yu, qaysi joyi reallikdan uzoq – bu katta savol. Qonunning 5-bob 20-moddasida rieltorlik xizmatining mazmuni va to‘lanadigan haq shartnomada aniq ko‘rsatilishi belgilangan. Lekin rieltor bu litsenziyaga ega bo‘lgan tijorat tashkilotining xodimi. Unda makler kim, makler olayotgan daromadidan soliqni qayerga topshiradi? Buni kim nazoratga oladi o‘zi?

Internetdagi ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, ayni kunlarda rieltorlik faoliyatini tartibga soluvchi hujjat borasida parlamentda muhokamalar davom etmoqda. Biroq u qonunda nima haqda gap borayotgani hali noma’lum.

Shohrux Majidzoda tayyorladi.

Mavzuga oid