Jahon | 07:30 / 04.01.2018
61719
2 daqiqa o‘qiladi

Xmeymim hujumga uchradi. Ruslarning 7 samolyoti yo‘q qilindi

Foto: Maksim Blinov / RIA Novosti

31 dekabr kuni jangarilar Suriyaning Xmeymim aviabazasiga hujum uyushtirib, rossiyaliklarning samolyotlarini yo‘q qilgan. Bu haqda «Kommersant'» nashri harbiy-diplomatik manbasiga asoslangan holda xabar tarqatmoqda.

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, minomyot zarbalari berilishi oqibatida 4ta Su-24 bombardimonchisi, 2ta ko‘p maqsadli Su-35S qiruvchisi va 1ta An-72 rusumli harbiy-transport samolyoti yo‘q qilingan. Shuningdek, jangarilar o‘q-dorilar omborini yo‘q qilishgan.

Hujum oqibatida 10dan ortiq harbiy xizmatchilar jarohatlangani aytilmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi hozircha hodisa yuzasidan rasmiy izoh bermadi. 

Terrorchilar faoliyatini yoritib boradigan Directorate 4 telegram-kanali esa 31 dekabrdan 3 yanvarga qadar bo‘lgan muddatda hech bir jangarilar guruhi bu hujum uchun mas'uliyatni zimmasiga olmaganini bildirmoqda. Kanal mualliflari Rossiya Mudofaa vazirligi shu vaqtga qadar Xmeymim bazasidagi hodisa haqida lom-mim demaganiga e'tibor qaratmoqda. Shuningdek, dekabr oyi oxirida jangarilar yo‘llagan raketa to‘xtatib qolingani eslatib o‘tilmoqda.

3 yanvar kuni Mudofaa vazirligi 31 dekabr kuni Xmeymim yaqinida Mi-24 harbiy vertolyoti halokatga uchragani va ikki uchuvchi halok bo‘lgani haqida ma'lum qilgandi. Vazirlik bu hodisa texnik nosozlik tufayli ro‘y berganini bildirgandi. Suriyadagi jangarilar esa bu vertolyot urib tushirilganini aytishgan.

«Hujum haqida sun'iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlar orqali aniq tasavvurga ega bo‘lish mumkin bo‘ladi», — deyiladi Directorate 4 xabarida.

Mavzuga oid