O‘zbekiston | 21:00 / 03.09.2025
5155
5 daqiqa o‘qiladi

Sud qarori ham yordam bermadi: Urgutda klaster fermerlar oldidagi qarzini to‘lamayapti

Samarqand viloyati Urgut tumanidagi fermer sudda klasterni yutib chiqdi. Qaror qonuniy kuchga kirdi, ijro varaqasi MIBga yuborildi. Ammo oradan yarim yil o‘tsa-da, dehqon haqini ololgani yo‘q. Klaster qarzdorlikni to‘lamayapti, davlat organlari esa baribir fermerdan soliq talab qilyapti.

«XAYDAR XUSHVAQT MEXRIBON» fermer xo‘jaligi rahbari Murtazo Xushvaqtov Kun.uz’ga murojaat qilib, mahalliy klasterdan oladigan haqini bir necha oydan beri ololmayotganini ma’lum qildi.

Fermerning aytishicha, 2023 yilda «UKRACH FAYZ» MChJ bilan g‘alla yetishtirish bo‘yicha fyuchers shartnoma tuzilgan. Fermer xo‘jaligi majburiyatlarni bajargan – 30 tonna bug‘doyni topshirgan, ammo klaster to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmagan.

Shu sabab 2025 yil mart oyida Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudida ish ko‘rib chiqilib, sud «UKRACH FAYZ» MChJdan fermer foydasiga 49 million 120 ming so‘m qarz va 3,5 million so‘m penya undirish haqida hal qiluv qarori chiqargan.

Fermer qarzdor bo‘lsa, kechirilmaydi...

Sud qarori qonuniy kuchga kirganidan so‘ng 2025 yil aprel oyida Majburiy ijro byurosiga ijro varaqasi yuborilgan. Biroq oradan qariyb yarim yil o‘tsa-da, fermer pulni qo‘liga olmagan.

Murtazo Xushvaqtovning aytishicha, klasterning qarzini to‘lamasligi fermerning xo‘jalik faoliyatiga jiddiy zarba bergan. Shu bilan birga, davlat organlari fermerdan soliq to‘lovlarini to‘liq talab qilmoqda.

«Sudda yutib chiqsam-da, haqimni ololmayapman. MIB ijroni amalga oshirolmadi. Lekin mendan baribir soliq va majburiy to‘lovlarni kechiktirmasdan talab qilishmoqda. Agar fermer o‘z vaqtida topshiriqni bajarmaganida, unga jarima yoki jazo bo‘lardi. Klaster esa to‘lamasa ham, hech kim unga ta’sir o‘tkazmayapti», – deydi Xushvaqtov.

Klaster yana 16 ta fermerdan qarzdor – MIB

Kun.uz Majburiy ijro byurosining tuman bo‘limidan ham izoh oldi. MIB mas’uli Feruz Sharopovga ko‘ra, «UKRACH FAYZ» MChJ nafaqat Xushvaqtov, balki tumandagi yana 16 ta fermer xo‘jaligidan qarzdor. Ularning umumiy da’vosi qariyb 2,17 milliard so‘mni tashkil etadi.

Ijro harakatlari jarayonida korxonaning bank hisobraqamlariga band solingan va inkasso topshiriqnomalari berilgan. Shuningdek, «UKRACH FAYZ» MChJ nomidagi barcha mol-mulklarga taqiq qo‘yilgan, bir dona ko‘chmas mulk binosi xatlangan.

Biroq amalda to‘lov hali amalga oshmagan. MIB vakili qonunchilikka asoslanib, shunday tushuntirish berdi: “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 80-moddasiga ko‘ra, avval davlat budjeti va maqsadli jamg‘armalar oldidagi qarzlar qoplanadi. Shundan keyingina undirilgan mablag‘lar fermerlar kabi boshqa talabgorlarga mutanosib ravishda yo‘naltiriladi».

Demak, fermerlar sud qaroriga ega bo‘lsa ham, o‘z pullarini qachon olishi klasterning moliyaviy holati va davlat oldidagi qarzdorliklari qachon qoplanishiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Urgut tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Firuz Boboyev ham «UKRACH FAYZ» MChJ haqiqatan ko‘plab fermerlardan qarzdor bo‘lib qolganini e’tirof etdi.

Unga ko‘ra, hozir fermerlar ushbu klaster bilan hamkorlikni to‘xtatgan. Bu korxonalar bilan fermerlarda jiddiy muammo kuzatilmagan.

Tizimli muammo

Urgutdagi vaziyat faqat bir fermerning emas, balki butun tizimning illatini ko‘rsatmoqda. Sud qarori chiqsa-da, uning ijrosi oylab cho‘zilishi, avval davlat budjeti qarzlari qoplanishi, keyingina fermer navbati kelishini kutish bu – amalda dehqonni ikkinchi darajali qilib qo‘yishdir.

Fermer majburiyatini o‘z vaqtida bajarsa ham, o‘z haqini olish uchun sudma-sud yurib, MIB eshiklarida sarson bo‘lmoqda. Bu jarayonda eng katta zararni aynan ular – dalada mehnat qilib, bug‘doy yetishtirgan, ammo haqini ololmayotgan fermerlar ko‘ryapti.

Oqibatda klaster tizimidan kutilgan “samaradorlik” o‘rniga, fermerlarni hech kim himoya qilmayapti, iqtisodiy jihatdan tang holatga tushib qolishiga mas’ullar jim qarab turibdi. Agar sud qarori ham dehqon haqini ta’minlay olmayotgan ekan, mavjud klaster tizimi ham o‘zini oqlayotganiga shubha paydo bo‘ladi.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid