O‘zbekiston | 10:25 / 19.02.2022
189489
11 daqiqa o‘qiladi

Endi o‘zingizga tegishli yerni xususiylashtirishingiz mumkin: qanday qilib va qancha to‘laysiz?

O‘zbekistonda yer xususiy mulkka aylanmoqda. Jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlariga tegishli (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan) yer uchastkalarini xususiylashtirishi mumkin bo‘ldi. Bu borada tegishli qonun va hukumat qarori kuchga kirdi.

Foto: Google Photos

Xo‘sh, aholi o‘ziga tegishli yerlarni qanday xususiylashtiradi, bu nima uchun muhim, xususiylashtirish to‘lovi qanchaga tushadi? Kun.uz ushbu savollarga Geodeziya-kartografiya sohasida metodologiya boshqarmasi boshlig‘i Behzod Nishonov bergan javoblarni taqdim etadi.

Fuqarolar o‘zlariga tegishli hovli-uylar (ko‘p qavatli uylar bundan mustasno) joylashgan yer uchastkasini qanday xususiylashtiradi?

Bugungi kungacha yer uchastkalarini tadbirkorlik faoliyati uchun berish, ya’ni auksion orqali sotish amaliyoti mavjud edi.

Vazirlar Mahkamasining 14 fevraldagi 71-sonli qarori bilan, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun asosida 3ta tartib ishlab chiqildi:

  • Jismoniy va yuridik shaxslarning o‘zlariga tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi;
  • tadbirkorlik faoliyati uchun yer uchastkalarini auksionga qo‘yish;
  • yakka tartibdagi uy-joylarning yer uchastkalarini mulk huquqi asosida sotib olish.

Fuqarolarimizda yakka tartibdagi uy-joy, yuridik shaxslarda esa noturar bino-inshootlar mavjud. Ular o‘zlariga tegishli ko‘chmas mulkning yer uchastkasini kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish orqali xususiylashtirib olishi mumkin bo‘ladi (agar bino kadastrdan o‘tmagan bo‘lsa, yerni xususiylashtirish mumkin bo‘lmaydi).

Behzod Nishonov / Foto: Kun.uz

Bugungi kunda fuqarolarga tegishli uy-joylar joylashgan yer uchastkalari, meros qilib qoldirilgan umrbod egalik qilish huquqidagi yerlar, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan noturar joy obektlarining yer uchastkalariga doimiy foydalanish huquqi berilar edi. Ya’ni bino o‘zingizga tegishli bo‘lsa ham, uning yeri sizga tegishli emas edi.

Mana shu yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun endi jismoniy va yuridik shaxslar Davlat xizmatlari markazlari (DXM)ga yoki Yagona davlat interaktiv portali (my.gov.uz) orqali ham murojaat qilishi mumkin. Ariza Kadastr agentligi va Qurilish bo‘limlariga yo‘naltiriladi. Kadastr bo‘limlari o‘z navbatida ushbu yer uchastkasi ariza bergan fuqaroning nomiga rasmiylashtirilganmi yoki yo‘qmi, ya’ni ro‘yxatdan o‘tkazilganini tekshiradi. O‘sha yer uchastkasi o‘zgarmagani, yer uchastkasi bugungi kunda ham reyestrda mavjudligi haqidagi ma’lumotlarga to‘liq mos kelishi, taqiq va cheklovlar mavjud emasligi – xususiylashtirishga monelik qilmaydigan barcha tomonlar tekshirib chiqiladi.

Ikkinchi tomondan, qurilish bo‘limlari yer uchastkasi hududi shaharsozlik me’yorlariga mos kelishi, xususiylashtirish uchun mumkinligini o‘rganadi. Barcha tekshiruvlardan o‘tgandan keyin fuqaroga to‘lovni amalga oshirish, ya’ni xususiylashtirish haqida xabarnoma yuboriladi. Xabarnoma orqali xususiylashtirish uchun to‘lovni amalga oshiradi.

Yerni xususiylashtirish uchun qancha mablag‘ to‘lanadi?

Barchamiz yer uchastkasiga yer solig‘i to‘laymiz. Mulkdorlar, yerdan foydalanuvchilar uchun xususiylashtirish to‘lovi mazkur yer uchastkasi uchun hisoblangan yer solig‘i miqdorining 20 barobari deb belgilangan.

Masalan: agar fuqaro bitta hovliga bir yilda 200 ming so‘m soliq to‘laydigan bo‘lsa, (bunda mol-mulk solig‘i qo‘shib hisoblanmaydi, aynan yer uchastkasiga to‘lanadigan soliqqa nisbatan hisoblanadi), xususiylashtirish uchun 4 mln so‘m to‘lov amalga oshiriladi. Mana shu to‘lov amalga oshirilgandan keyin ma’lumotlar billing tizimida hisobga olinib, davlat organlari tomonidan o‘sha yer uchastkasiga bo‘lgan davlat orderi beriladi. Mazkur order asosida kadastr organlari yer uchastkasiga nisbatan mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi.

Har bir jismoniy va yuridik shaxs o‘ziga tegishli bo‘lgan yer uchastkasini faqat o‘zi sotib olishi mumkin. Bu auksionga qo‘yilmaydi va boshqa odam sotib olishi yoki boshqa odamga o‘tib ketishi mumkin emas.

Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun yer uchastkalari esa auksion savdolari orqali shaffof tarzda sotib olinadi.

Yer uchastkasini xususiylashtirish mutlaqo ixtiyoriy: lekin bundan fuqaroga nima foyda?

Birinchidan, yerga bo‘lgan mulk huquqiga ega bo‘lasiz.

Deylik, “hovlimning bir qismini o‘g‘limga hadya qilmoqchiman yoki kimgadir bermoqchiman, yarmini sotmoqchiman”, deysiz. Yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqi yer uchastkasini qismlarga bo‘lib sotish imkonini beradi. Qanchasini kimga sotishi mulkdorning xohishi, yer – o‘ziniki.

Ikkinchidan, yerni sizdan davlat olib qo‘ya olmaydi, faqat sotib olishi mumkin.

Qonunchilikda davlatga tegishli yerlar yoki boshqa shaxslar foydalanishida bo‘lgan yerlar olib qo‘yilishi nazarda tutiladi. Mulk huquqidan boshqa 5ta huquqqa tegishli bo‘lgan yer uchastkalari olib qo‘yilishi mumkin. Siz yeringizga nisbatan mulk huquqini olishingiz bilan (xususiylashtirish orqali) davlat shunchaki sizga tegishli bo‘lgan yerni olib qo‘ya olmaydi.

Agar yer uchastkasi davlatga kerak bo‘lsa, sizdan bozor narxida, shartnoma asosida sotib olishi mumkin. Sizdan davlat yeringizni kelishilgan narxda sotib olsagina, yer davlatga o‘tadi. Yer “snos”ga tushib ketmaydi. Bu – mulk huquqining kafolatlanishi.

Davlatga yer kerak, baribir olib qo‘yadi, men sotishga rozi bo‘lmasam ham, shundaymi?

Yer kodeksida yer bu davlat mulki degan narsa yo‘q, yer – umummilliy mulk deyiladi.

Chet elda ham yer uchastkangiz 100 million so‘m turadigan bo‘lsa, sizga shunday taklif beriladiki, siz unga rozi bo‘lasiz, siz rozi bo‘lsangiz, shartnoma asosida sotib oladi.

Turkiyada ham shunday holat bo‘lgan. Aeroport qurilayotganda davlat bir boboning yerini sotib ololmagan. Butun loyiha bir necha yilga kechikib ketgan. Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Siz xohlasangiz, yeringizni sotasiz.

Uchinchidan, yeringizni erkin qo‘shish, taqsimlash va ajratish huquqiga ega bo‘lasiz.

Qonunchilikda shu kungacha mulk huquqi yer uchastkasiga nisbatan bo‘lmagan. Yer uchastkalarini qo‘shib yuborish, ajratish va qayta taqsimlash mexanizmlari bor. Shu mexanizmlar yer uchastkasiga mulk huquqi bo‘lgandagina ishlaydi. Bu O‘zbekiston sharoitida yangi narsa bo‘lgani uchun buning samarasi 1-2 kunda ko‘rinmaydi. Buning uchun ma’lum hududda yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqi ko‘paysa, mexanizmlar effektini ko‘ramiz.

Oddiy misol, chet elda shunaqa holatlar bor, bir hududda 20ta yer uchastkasi bor, umumiy narxi 1 mln dollar. Shaharsozlik ehtiyojlariga qarab 20ta yer uchastkasi egalari kelishib, yer uchastkasini qayta taqsimlash hisobiga yer narxini 3-4 barobar qimmatga oshirishi mumkin. Bunda umumiy narx 3-4 millionga yetadi. Buni endi aholi tig‘iz joylarda ko‘rish mumkin.

To‘rtinchidan, yerdan garov sifatida foydalanish imkoniyati

Yerga nisbatan mulk huquqini olganingizdan keyin undan garov obekti sifatida ham foydalanish mumkin. Yerni mulk sifatida bankka garovga qo‘yib ipoteka olish imkoniyati ham yuzaga keladi.

Qanday yerlarni xususiylashtirish mumkinligi va mumkin emasligi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunda keltirib o‘tilgan.

Xususiylashtirish mumkin bo‘lgan yerlar:                            

  • yuridik shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalari;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish, shuningdek tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalari;
  • xususiylashtirilishi lozim bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obektlari joylashgan yer uchastkalari;
  • bo‘sh turgan yer uchastkalari.

Quyidagi yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi:

  • foydali qazilma konlari, qonunchilikka muvofiq xususiylashtirilmaydigan davlat mulki obektlari joylashgan yer uchastkalari;
  • tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari, shuningdek o‘rmon hamda suv fondlarining, muhandislik va transport infratuzilmasi obektlarining muhofaza zonalari, shaharlar va shaharchalarning umumiy foydalanishdagi yerlari (maydonlar, ko‘chalar, tor ko‘chalar, yo‘llar, sohil bo‘ylari, skverlar, xiyobonlar, istirohat bog‘lari);
  • xavfli moddalar bilan zararlangan va biogen zaharlanishga duchor bo‘lgan yer uchastkalari;
  • qonunchilikda belgilangan tartibda maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga taqdim etilgan yer uchastkalari – maxsus iqtisodiy zona faoliyat ko‘rsatadigan davrda;
  • ko‘p kvartirali uylar joylashgan, shuningdek ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalari;
  • davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, ijtimoiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvlar va shartnomalarni amalga oshirish uchun berilgan, shuningdek yuridik shaxslarga davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkalari.

Yer uchastkalari quyidagi shakllarda xususiylashtiriladi:

  • umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yerni sotib olish;
  • yerni elektron onlayn-auksion orqali sotib olish.

Quyidagi holatlarda xususiylashtirilgan yerni mulkdordan olib qo‘yish mumkin:

  • yerga ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv qaratilganda;
  • yer davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun sotib olinganda (egasining yozma roziligi bilan);
  • yer musodara qilinganda;
  • yer rekvizitsiya qilinganda (epidemiya, tabiiy ofat vaqtida).

Xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘lar Davlat budjetiga yo‘naltiriladi. Yer uchastkalarini xususiylashtirishda fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda o‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqi belgilanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 1 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qabul qildi.

Qonun Senatda ma’qullanib, prezident tomonidan imzolangach kuchga kiradi. Hozirda hukumat qarori bilan tartibga solib kelinayotgan ko‘plab nizoli masalalar mazkur qonun kuchga kirganidan keyin barham topishiga umid bildirilmoqda.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
twitter.com/MBahadirovna

Mavzuga oid