1 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi hamda ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda qabul qilindi.

Tashabbuskorlarning ma’lum qilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga olib qo‘yish masalalarini bevosita yaxlit qonun bilan tartibga solishga, nizoli vaziyatlarni oldini olish va sohadagi nizolarni samarali hal etishga xizmat qiladi.

“Snos”lar shu paytgacha O‘zbekistonda mulk huquqi buzilishlarining ramziga aylanib ketgan, nizoli holatlar faqatgina hukumat qarorlari darajasida tartibga solingan edi.

Qonun loyihasi qanday muhokama qilindi?

Qonunchilik palatasi yig‘ilishida qonun loyihasidagi yer uchastkalarining kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga asos bo‘ladigan holatlar ichida “maxsus iqtisodiy zonalar tashkil etish uchun” degan bandiga e’tiroz bildirildi.

Deputat Doniyor G‘aniyev Navoiy viloyatining butun hududi erkin iqtisodiy zona ekanini inobatga olib, bu hududda qonun qay tartibda ishlashiga e’tibor qaratdi.

Adliya vazirligi vakili bu norma qonun kuchga kirganidan keyin paydo bo‘ladigan iqtisodiy zonalarga taalluqli bo‘lishini aytgan bo‘lsa, boshqa deputatlar yer uchastkalari iqtisodiy zonalar uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri olib qo‘yilmasligini, bu kompensatsiya to‘lashdan tortib jamoatchilik aralashuviga qadar uzun jarayonligini bildirdi.

Shuningdek, deputatlarning taklifi bilan qonun loyihasida yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishida “olib qo‘yilgan yer uchastkasidan maqsadli foydalanishi” degan prinsip chiqarib tashlandi.

Deputatlar tomonidan berilgan savollardan biri – Kadastr agentligi tizimidagi Kadastr palatasini moliyalashtirish masalasi bo‘ldi. Gap shundaki, loyihada Kadastr palatasi xodimlari “snos”ga tushgan hududga chiqib inventarizatsiya asosida ma’lumot tayyorlashi belgilanmoqda. Lekin palata xodimlarini joyga chiqib ma’lumot tayyorlashi qayerdan moliyalashtirilishi ochiq qolmoqda. Adliya vaziri o‘rinbosari kadastr palatasi xodimlari budjetdan moliyalashtiriladi, degan bo‘lsa, Kadastr agentligi vakili xo‘jalik hisobidan deya javob berdi.