O‘zbekiston | 20:04 / 24.12.2020
6124
5 daqiqa o‘qiladi

«JSST tan olgan vaksinagina xarid qilinadi» - Nurmat Otabekov

Vaksinani xarid qilishdan avval tender o‘tkaziladi. Qaysi vaksina sifatli bo‘lsa va samarador deb baholansa, o‘sha vaksina xarid qilinadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh epidemiologi Nurmat Otabekov XPK sessiyasida O‘zbekiston qaysi davlatdan vaksina sotib olishi, u kimlarga bepul berilishi va kimlar birinchi navbatda emlanishi haqidagi savollarga javob berdi.

«Hozir dunyoda vaksina ishlab chiqarish ishtiyoqida bo‘lgan davlatlar juda ham ko‘p. Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, hozir 9ta vaksina klinik sinov jarayonini boshdan kechiryapti. 25ta vaksina ikkinchi, birinchi klinik sinovda. 154ta vaksina klinikagacha bo‘lgan sinovlardan o‘tyapti.

O‘zbekiston Respublikasi ham Xitoyda ishlab chiqarilgan 2ta vaksinaning, Rossiya Federatsiyasida va Hindistonda ishlab chiqarilgan vaksinalar sinovining 3-klinik fazasida ishtirok etishga jalb qilingan.

Birinchidan, bu kabi sinovlarda ishtirok etish O‘zbekiston tibbiyoti, ilmini tan olish va uni e'tirof etish bilan baholanishi kerak. Hamma davlatlar ham 3-klinik faza sinovlariga jalb qilinmaydi.

Hozirgi vaqtda Xitoyning 5 ming doza vaksinasi va Rossiya Federatsiyasining 100 doza vaksinasi olib kelingan. Lekin hozirgi vaqtda Xitoy davlati vaksinasining O‘zbekistonda uchinchi klinik sinovlari boshlandi. O‘zbekiston Respublikasida ham aynan mana shu vaksinalarning klinik sinovi Innovatsiyalarni rivojlantirish vaziri boshchiligida vazirlik xodimlarini emlashdan boshlangan. Bu jarayon davom etyapti.

Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasidan vaksinalar yetib kelgan. Biz bu vaksinalarning ikkinchi klinik sinovlardan o‘tgani to‘g‘risidagi hujjatlarni kutyapmiz. Hademay u hujjatlar keladi. Albatta, uni ko‘rib chiqamiz», dedi Nurmat Otabekov Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida.

U vaksina ishlab chiqarish jarayoni murakkabligi va ko‘ngillilarni tanlab olish jarayoniga yuzaki qarab bo‘lmasligini ta'kidlab o‘tdi.

«Vaksina ishlab chiqarish jarayoni doim murakkab bo‘lgan. Bir necha o‘n yillarni talab qilgan vaksinalar ham bor. Shunday ekan, biz vaksinalarni bu kabi sinovlardan o‘tkazish, amaliyotga kiritish tartibiga yuzaki qarashimiz kerak emas. Har bitta ko‘ngilli maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilyapti. Ular koronavirus kasalligiga chalinmagan bo‘lishi kerak. Ushbu virus bilan kasallanib, sog‘aygan bo‘lishi kerak emas. Ularda qon kasalliklari, immun tanqisligi kasalliklari, onkologik kasalliklar, homiladorlik bo‘lmasligi kerak. Albatta, bu kabi ko‘ngillilarni tanlab olish jarayoni ham tabiiy vaqt talab qiladi», dedi Otabekov.

Nurmat Otabekov O‘zbekiston faqat Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tan olgan vaksinani xarid qilishini aytib, birinchi navbatda kimlar emlanishi haqida ma'lumot berdi.

«Qaysi vaksinani xarid qilamiz? Albatta, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tan olgan va samaradorligi isbotlangan vaksinalar O‘zbekiston tomonidan xarid qilinadi. Xarid qilinishidan avval tender o‘tkaziladi. Qaysi vaksina sifatli bo‘lsa, samarador deb baholangan bo‘lsa, o‘sha vaksina xarid qilinadi.

Lekin bir narsani men aniq bilaman: O‘zbekiston hududida koronavirus kasalligi vaksinasi agar olib kelinadigan bo‘lsa, birinchidan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi emlanadi. Xavf osti guruhiga mansub aholi emlanadi. Albatta, birinchi ularning himoyasini ta'minlash bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.

Yana bir jihatga e'tibor qaratmoqchiman: dunyoda Vaksina va immunizatsiya global alyansi bor. Hozir o‘sha alyans qoshida Covax degan tashkilot tashkil etilgan. Bu tashkilotga O‘zbekiston Respublikasi ham buyurtma bergan. O‘ylaymanki, O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tan olgan bu vaksinani birinchilar qatorida oladi va uni tegishli aholi qatlamiga emlash ishlarini amalga oshiradi.

Shu paytgacha O‘zbekistonda 13 turdagi boshqariluvchi kasalliklarga qarshi emlash bor. Ular emlash kalendariga kiritilgan. Emlash kalendariga kiritilgan har bir vaksina davlat hisobidan aholining tegishli qatlamiga tegishli oraliqda bepul amalga oshiriladi. Kelgusida ham o‘ylaymizki, koronavirusga qarshi vaksina davlat tomonidan kafolatlangan aholi qatlamiga bepul, tashkilot va muassasalar o‘z tashabbusi bilan emlash ishtiyoqida bo‘lsa, pullik asosida bo‘lishi mumkin.

Eng asosiysi, biz Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tan olgan vaksinani ko‘rishimiz va uni boshqa vaksinalar bilan solishtirish imkoniyatiga ega bo‘lishimiz kerak», deya Nurmat Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid