O‘zbekiston | 18:35 / 17.05.2021
34566
3 daqiqa o‘qiladi

Haydovchining mashinasini jarima maydoniga asossiz joylashtirgan YHXB xodimlariga «hayfsan» va «tanbeh» berildi

Foto: Videodan kadr

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida haydovchi bilan o‘zaro muloqotda odob-axloq qoidalaridan chetga chiqqan tuman YHXB boshlig‘i va xodimiga chora ko‘rildi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 8 may kuni Paxtachi tumani markazida mahalla oralab asosiy ko‘chaga chiqmoqchi bo‘lgan haydovchi o‘zi kutmagan holda tuman IIB YHXB boshlig‘i Maqsud Tog‘ayevning «qahriga uchragan». Haydovchi asosiy ko‘chaga chiqish uchun mashinalar oqimi o‘tib ketishini kutib turganida uning yo‘lini IIB xizmat mashinasi to‘sib to‘xtagan. Haydovchi «yo‘l ber» qabilida signal chalgan.

Shundan so‘ng o‘zini Paxtachi tuman IIB YHXB boshlig‘i Maqsud Tog‘ayev deb tanishtirgan shaxs kelib, haydovchidan hujjatlarini taqdim etishni so‘ragan. Haydovchi sababini so‘raganda, u odob-axloq normalaridan chetga chiqib, avvaliga, «hujjatlarni yeyman», deb javob bergan. Keyin esa «kattakon»larga signal chalib bo‘lmasligini aytib, mashinani jarima maydoniga joylashtirgan. Hodisa haydovchining mashinasiga o‘rnatilgan videokuzatuv kamerasiga yozib olingan.

Mazkur hodisa haqidagi xabarlar OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgach, Samarqand viloyati IIB hodisa bo‘yicha Paxtachi tumani IIB boshlig‘i va jarayonda ishtirok etgan YHXB xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanganini ma'lum qilgan edi.

Qayd etilishicha, xizmat tekshiruviga ko‘ra, fuqarolar bilan muloqot jarayonida, xushmuomala, kamtar va bosiq bo‘lmasdan, nosamimiylik bildirib, Ichki ishlar vazirining «Muomala madaniyati» va «Odob-axloq qoidalari» to‘g‘risidagi buyrug‘i hamda Intizom Ustavi talablarini buzganligi uchun Paxtachi tuman IIB YHXB boshlig‘i M.Tog‘ayevga «Hayfsan» intizomiy jazosi berilgan.

Shuningdek, haydovchining mashinasini jarima maydonchasiga olib borishda unga odob-axloq doirasidan chiqib muomala qilgan, YPX inspektori safdor F.Haitovga «Tanbeh» intizomiy jazosi berilgan. Bundan tashqari, Paxtachi tumani IIB boshlig‘i mayor S.Ortiqovning xatti-harakatlari viloyat IIBda tashkil etilgan katta ofitserlar tarkibidagi «Intizomiy kengash»da ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Mavzuga oid