O‘zbekiston | 07:51 / 25.01.2019
15840
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident: korxonalarning o‘z mablag‘ini yana aylantirib, faoliyatini rivojlantirishga rag‘batlantirish kerak

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni 2019 yilda Toshkent shahrida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalariga oid ma'lumotlar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari 2018 yil 21 dekabr kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida poytaxtimizga yirik biznes vakillari va salohiyatli investorlarni jalb qilish, shaharda eng qulay investitsiya muhitini yaratish zarurligini ta'kidlagan edi. 

Shunga muvofiq, joriy yil 4 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrini infratuzilmaviy rivojlantirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga ko‘ra, 2019 yilda Toshkent shahri iqtisodiyotiga 2 milliard 700 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etish, buning evaziga 273 ta loyihani amalga oshirish belgilangan. 

Taqdimotda mazkur loyihalarning sohalari va joylari, mablag‘larni o‘zlashtirish muddatlari tahlil qilindi.

Metallurgiya, to‘qimachilik, oziq-ovqat, qurilish, farmatsevtika, neft-kimyo va boshqa sanoat tarmoqlarida jami 115 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 103 ta, turar joylar yo‘nalishida 55 ta loyiha rejalashtirilgan. Bu 37 mingga yaqin ish o‘rni yaratish va aholining maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash imkonini beradi.

Prezident loyihalarning iqtisodiy samaradorligi va ijtimoiy ahamiyatiga alohida e'tibor qaratdi. Xorijiy investorlarga ko‘maklashish, loyihalarning belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Investitsiya bo‘lmasa, iqtisodiyot rivojlanmaydi. Investorlarga muhit, infratuzilma yaratsak, ish joyi bo‘ladi, mahsulot ko‘payadi, soliq tushadi. Korxonalarning o‘z mablag‘ini yana aylantirib, faoliyatini rivojlantirishga rag‘batlantirish kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.  

Davlat rahbari 8 yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida investitsiyalarning asosiy qismini o‘zlashtirishni yilning oxirgi oylariga qoldirish amaliyotiga chek qo‘yib, barcha tarmoqlar va hududlarda buni birinchi yarim yillikda kamida 35 foizga, to‘qqiz oylikda 70 foizga yetkazish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shunga muvofiq, Toshkent shahrida ham joriy yilgi investitsiyalarning 70 foizini I-III choraklarda o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Har bir loyihaning bosqichlari, mas'ullari va muddatlari aniq belgilangan. 

Taqdimotda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni monitoring va nazorat qilish mexanizmi haqida ham so‘zlab berildi. Unga ko‘ra, Toshkent shahar prokuraturasi boshchiligida poytaxtning har bir tumanida ishchi guruhlar tuzilgan. Investorlarga yer ajratilishidan boshlab, loyiha foydalanishga topshirilguncha bo‘lgan barcha bosqichlardagi chora-tadbirlar aniq belgilab qo‘yilgan. Bu loyihalarni rasmiylashtirish va amalga oshirish jarayonida shaffoflikni, halollikni ta'minlaydi, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydi.

Shavkat Mirziyoyev loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni amalga oshirishda yuzaga keladigan masalalarni tezkor hal qilish, korxonalar ishga tushgandan keyin ham ularning samarali faoliyat ko‘rsatishiga yordam berish zarurligini ta'kidladi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid