O‘zbekiston | 08:10 / 09.06.2022
8910
1 daqiqa o‘qiladi

Yerlarni auksionga qo‘yish tartibi soddalashtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 iyun kuni xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Foto: Kun.uz

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda yana 25 mingta yer maydonlari servis va savdo obektlari uchun auksionga chiqarilishi belgilandi.

Bu borada aholiga yanada qulaylik yaratish uchun endi yerlarni auksionga qo‘yish jarayoni ijara bo‘yicha 48 kundan 15 kunga, mulk huquqida 74 kundan 20 kunga qisqartiriladi. Yer maydonlarini baholash ekspertizadan o‘tkazilmaydi, haqiqiy bahosi auksionda aniqlanadi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab, yerlarni auksionga chiqarishda kadastr idoralarida bor ma’lumotlarni boshqa idoralar bilan kelishish tartibi bekor qilinadi. Barcha vazirliklarning kadastr ma’lumotlari Milliy geoaxborot tizimiga kiritiladi.

Joriy yil 1 sentabrgacha 205 ta tuman va shaharda 253 ta maxsus savdo va xizmat ko‘rsatish ko‘chalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu maqsadlar uchun o‘tgan yili respublika budjetidan 1 trillion 400 milliard so‘m, joriy yilda esa 900 milliard so‘m ajratilgan.

Mavzuga oid