O‘zbekiston | 15:14 / 15.09.2020
24499
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryodagi maktablarning 855 nafar o‘qituvchisida koronavirus aniqlangani ma'lum bo‘ldi

Qashqadaryo viloyatidagi maktablarning 855 nafar o‘qituvchisida COVID-19 aniqlandi. Bu haqda viloyat XTB mudiri Abdug‘ani Himmatovga asoslanib, «Novosti Kashkadari» gazetasi xabar tarqatdi.

Manbada qayd etilishicha, shu paytgacha qashqadaryolik 75 mingdan ziyod o‘qituvchining 32 261 nafarida COVID-19'ga test olingan xolos. Shu sababli an'anaviy tarzda viloyatning faqat 10 foiz maktablarida o‘qish boshlandi. 

Ta'kidlanishicha, viloyat SSB holat borasida sukut saqlashni ma'qul ko‘rib, vaqti-vaqti bilan kunlik statistikaga 3-4 ta yangi holat qayd etilgani haqida axborot «tashlab turibdi».

«Holbuki, birgina 14 sentyabrning o‘zida Qashqadaryoda 41 o‘qituvchida infeksiya qayd etilgan. Bu raqamni viloyat SEOM matbuot kotibi Bahriddin Esonov taqdim etgan bo‘lib, u umumiy manzarani tasavvur etish qiyinligi, chunki haqiqiy holat SSVning rasmiy statistikasidan keskin farq qilishini aytdi

Qiziq, barcha o‘qituvchilardan test olinganidan so‘ng kasallanganlarning umumiy soni qancha bo‘lar ekan. Maktablarda ahvol shunday ekan, bog‘chalarda qanaqa bo‘lishi mumkin?» – deyiladi «Novosti Kashkadari»ning 15 sentyabrdagi xabarida.

Sog‘liqni saqlash vazirligi statistikasiga ko‘ra, shu paytgacha Qashqadaryoda jami 1039 kishida koronavirus qayd etilgan, shundan 958 nafari tuzalib, 13 nafari vafot etgan. Davolanayotganlar – 68 nafar.

Ma'lumot uchun, 14 sentyabrdan Qashqadaryo viloyatidagi 112ta maktabda an'anaviy dars jarayonlari boshlangan. Kasbi, Kitob va Dehqonobod tumanlaridagi barcha maktablarda darslar onlayn olib borilyapti. Mirishkor, Muborak va Nishon tumanlarida esa ikkitadan, Qamashida 3ta maktab ochilgan.

Mavzuga oid