Jahon | 14:35 / 23.01.2026
11968
10 daqiqa o‘qiladi

«Rossiya kemalarini xuddi Qrimdagidek Grenlandiyada ham cho‘ktirish mumkin» – Zelenskiy

Ukraina prezidenti Davos forumidagi nutqida Yevropani faqat quruq gap bilan cheklanishda va amalda hech narsa qilmaslikda aybladi. U Yevropani katta urushning to‘rtinchi yili oxiriga kelib ham yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan darajada qat’iyatsizlik qilayotgani, harbiy kuchlarini kerakli darajada ko‘paytirmayotgani va hamon AQShga haddan tashqari ishonib qolayotgani uchun keskin tanqid qildi.

Foto: Krisztian Bocsi / Bloomberg / Getty Images

Zelenskiy Davosda chiqish qilishdan oldin AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashib, Ukrainadagi urushni yakunlash masalasini muhokama qildi.

Ukraina rahbari Yevropa o‘z qurolli kuchlarini birlashtirishi va Rossiyaning yashirin floti tankerlarini qo‘lga olishi lozimligini aytdi. U shuningdek agar Yevropa mamlakatlari Grenlandiya atrofidagi rus kemalarini cho‘ktirishga qaror qiladigan bo‘lsa, Ukraina yordamga tayyorligini bildirgan.

«Sug‘ur kuni»

Davosdagi nutqi boshida Zelenskiy Amerikaning bosh qahramon bir kunni qayta va qayta yashaydigan «Sug‘ur kuni» nomli mashhur filmiga murojaat qilgan.

«Hech kim haftalab, oylab, yillab bir xil narsani takrorlab yashashni xohlamaydi. Shunga qaramay, biz hozir aynan shunday yashayapmiz. O‘tgan yili men bu yerda, Davosda o‘z nutqimni „Yevropa o‘zini himoya qila olishi kerak“ degan so‘zlar bilan yakunlagan edim. Bir yil o‘tdi – va hech narsa o‘zgarmadi», – dedi Zelenskiy.

«Yevropa kelajakni muhokama qilishni yaxshi ko‘radi, lekin bugungi kundagi harakatlardan, kelajagimiz qanday bo‘lishini belgilaydigan harakatlardan qochadi. Muammo aynan shunda. Nima uchun prezident Tramp yashirin flot tankerlarini to‘xtatib, neftini olib qo‘ya oladi, Yevropa esa yo‘q?» – deya savol qo‘yadi Zelenskiy.

Zelenskiyning Davosdagi nutqi bilan deyarli bir vaqtda Fransiya Rossiya sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanayotgan «yashirin flot»ga aloqadorlikda gumon qilinayotgan Grinch tankerini hibsga olganini e’lon qildi. Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlar orqali fransuzlarga minnatdorchilik bildirdi.

Ukraina prezidenti o‘z nutqida sotuvidan tushadigan pullar urushni davom ettirish va Yevropani beqarorlashtirishga sarflanadigan Rossiya nefti to‘g‘ridan to‘g‘ri Yevropa sohillari bo‘ylab tashilayotganini eslatdi.

«Shuning uchun Rossiya neftini to‘xtatish va musodara qilish, keyin esa Yevropa foydasi uchun sotish kerak», – dedi Zelenskiy.

«AQShga ishonib qolmang!»

Zelenskiy o‘z nutqining katta qismini yevropaliklar qit’a xavfsizligini ta’minlashda ham, jahon siyosatining boshqa masalalarida ham to‘liq AQShga tayanib qolgani, doimo Vashingtonning pozitsiyasi qanday bo‘lishini va u o‘zgarishini kutib turishi haqidagi tezisga bag‘ishladi.

«Hozir NATO Qo‘shma Shtatlar yordamga kelishi haqidagi ishonch bilan yashamoqda. Agar kelmasa-chi?» – deya yuzlandi Zelenskiy zalda yig‘ilgan Yevropa yetakchilariga.

«Yevropaga uni amalda himoya qila oladigan birlashgan qurolli kuchlar kerak. Bugun Yevropadagilar agar tahdid yuzaga keladigan bo‘lsa, NATO ishga tushishi haqidagi ishonchgagina tayanmoqda. Ammo hech kim ittifoq qanday harakat qilishini amalda ko‘rmagan. Agar Putin Litvani bosib olishga yoki Polshaga zarba berishga qaror qilsa – kim javob qaytaradi?» – dedi Ukraina prezidenti.

Zelenskiy Buyuk Britaniya va Fransiyadan Ukraina xavfsizligi kafolatlarini va’da qilgani uchun juda minnatdorligini bildirgan – ammo bu kafolatlar faqat o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgandan keyingina kuchga kirishi mumkin.

«Hammasi juda ijobiy, lekin – va har doim „lekin“ bor – prezident Trampning qo‘llab-quvvatlovi talab etiladi. Hech qanday xavfsizlik kafolati Qo‘shma Shtatlarsiz ishlamaydi. Ammo agar o‘t ochish to‘xtatilishigacha bo‘lgan vaziyat haqida gapiradigan bo‘lsak – uning amalga oshishiga kim yordam bera oladi?» – deb so‘radi Zelenskiy.

Zelenskiy Trampning Grenlandiyani AQShning bir qismiga aylantirish niyati haqidagi savolga to‘xtalib, yevropaliklar nima qilishni bilmayotgani va «hamma Amerika tinchlanishini kutayotgandek» tasavvur uyg‘onganini aytdi.

Ukraina prezidenti yevropaliklarni hatto shunday inqiroz paytida ham Grenlandiyaga arzimas miqdordagi harbiylarni yuborishgani uchun koyidi.

«Siz Grenlandiyaga 30 yoki 40 askar yuborish orqali nimaga erishmoqchisiz? Bu qanday signal beradi? Putinga, Xitoyga bu qanday signal? Va eng muhimi – bu sizning yaqin ittifoqchingiz bo‘lgan Daniyaga qanday belgi beradi?» – deya navbatdagi savollarni qo‘ydi Zelenskiy.

«Siz yoki mintaqani Rossiya va Xitoydan Yevropa bazalari himoya qilishini e’lon qilasiz va bu bazalarni o‘rnatasiz, yoki sizni jiddiy qabul qilishmaydi, chunki 30 yoki 40 askar hech narsani himoya qila olmaydi», – deya davom etgan Ukraina prezidenti.

Grenlandiya, Eron, Belarus

Shundan keyin Zelenskiy zarur bo‘lganda Ukraina Grenlandiyani Rossiyadan himoya qilishda Yevropaga yordam berishi mumkinligini aytdi.

«Biz nima qilishni bilamiz. Agar Rossiya kemalari Grenlandiya atrofida erkin suzayotgan bo‘lsa, unda Ukraina yordamga borishi mumkin. Bizda bu kemalarning hech biri u yerda qolmasligini ta’minlash uchun tajriba ham, qurollar ham bor – ular Qrim atrofida qanday cho‘kkan bo‘lsa, shunday cho‘kishi mumkin», – degan prezident va Ukrainadan so‘rashsa va u NATO a’zosi bo‘lsa, bu ishni qila olishini qo‘shimcha qildi.

Venesuela rahbari Nikolas Maduro amerikaliklar tomonidan qo‘lga olinishi mavzusiga to‘xtalarkan, Zelenskiy bu voqeani ritorik tarzda Yevropaning Rossiya rahbari Vladimir Putinga munosabati bilan bog‘ladi.

«Bu haqda turli fikrlar bo‘lgan, ammo fakt faktligicha qolmoqda: Maduro – Nyu-York sudida. Kechirasiz-u, lekin Putin hali ham sudda emas. Ikkinchi jahon urushidan beri Yevropadagi eng katta urushning to‘rtinchi yilida uni boshlagan odam nafaqat ozodlikda, balki hali ham Yevropada muzlatilgan pullari uchun kurashmoqda», – dedi Ukraina prezidenti.

Zelenskiy yevropaliklarni Eronda namoyishchilar qonga botirilganida yordam bermagani, hatto munosabat ham bildirmagani, siyosatchilar bu vaqtda Rojdestvoni nishonlash bilan mashg‘ul bo‘lgani uchun aybladi.

«Odamlarning ozodlik uchun kurashayotgani va hech narsa qilmayotganiga qarasangiz, natija doim achinarli bo‘ladi. 2020 yilda belaruslarga hech kim yordam bermagandi – va endi Belarusdagi «Oreshnik» Yevropa Ittifoqining aksariyat mamlakatlariga yetib borishi mumkin. Harakat qilish kerak, deb ko‘p aytganmiz. Ammo Yevropa odatdagidek «balki qachondir kimdir nimadir qilishi»ga umid qiladi.

Yevropa yetakchilikni qo‘lga olish o‘rniga AQSh prezidenti o‘zgarishiga umid qilmoqda. Yevropa Ittifoqi yetakchilari kuchli bo‘lish kerakligini aytishadi, lekin buni ular uchun boshqa birov amalga oshirishini kutishadi. Bugun AQSh Tinchlik kengashini tuzdi – Yevropa esa hatto yagona pozitsiyani ishlab chiqa olmadi.

Yevropa urushlarsiz yaxshiroq dunyo qurishi mumkin, ammo buning uchun u kuchli bo‘lishi kerak. Ukraina unga kuchliroq bo‘lishga yordam berishga tayyor. Bugun biz mustaqilligimizni himoya qilish uchun sizning kuchingizga muhtojmiz. Sizga esa Ukraina mustaqilligi kerak, chunki ertaga o‘z qadriyatlaringizni himoya qilishingizga to‘g‘ri keladi. Harakat qilish kerak. Dunyo tartibi harakatlar orqali o‘zgaradi. Harakatsiz ertangi kun kelmaydi», – deya chiqishini yakunlagan Ukraina yetakchisi.

Tramp bilan uchrashuv va BAAdagi uch tomonlama muzokaralar

Zelenskiy Davosda Donald Tramp bilan uchrashgandi. U o‘z nutqini Yevropaning harakatlarini qoralashga bag‘ishladi, AQSh haqida esa to‘xtalmadi. Foto: Rex Features

O‘z chiqishidan oldinroq Zelenskiy Davosda Tramp bilan uchrashgan, shuningdek, juma kuni Birlashgan Arab Amirliklarida AQSh, Ukraina va Rossiya delegatsiyalari ishtirokida ikki kunlik uchrashuv boshlanishini e’lon qilgandi.

Zelenskiy «Suspіlne» telekanaliga bergan izohida bu tinchlik kelishuviga tayyorgarlikni davom ettiruvchi muzokarachilar uchrashuvi bo‘lishi va unda Ukraina nomidan Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov, Ukraina prezidenti ofisi rahbari Kirill Budanov, uning o‘rinbosari Sergey Kislitsa, prezident mansub bo‘lgan «Sluga naroda» partiyasining parlamentdagi fransiyasi rahbari David Araxamiya va bosh shtab boshlig‘i Andrey Gnatov ishtirok etishini aytgan.

Bu vaqtda amerikalik muzokarachilar – AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff hamda Donald Trampning kuyovi Jared Kushner – payshanba kuni Moskvaga uchib bordi va Putin bilan uchrashdi.

Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan postida Tramp bilan uchrashuvini «samarali va mazmunli» deb atagan hamda Amerika prezidenti bilan tinchlik bitimi bo‘yicha ishlarning borishini, shuningdek, AQShning Ukraina havo hujumidan mudofaasiga yordamini muhokama qilganini aytgan.

«Bugun Ukraina uchun havo hujumidan mudofaa tizimlari haqida ham gaplashdik – prezident Tramp bilan oldingi uchrashuv osmonni himoya qilishda yordam bergandi. Umid qilamanki, bu safar ham bu borada kuchayib olamiz. Havo hujumidan mudofaa kuchlariga yetkazib berilgan oldingi paket uchun minnatdorchilik bildirdim va qo‘shimcha raketalar so‘radim», – deya yozgan Zelenskiy.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid