O‘zbekiston | 08:34 / 15.09.2016
31789
2 daqiqa o‘qiladi

«Afrosiyob» tezyurar poyezdi Toshkent-Buxoro yo‘nalishida doimiy qatnovni boshladi

«Afrosiyob» elektr poyezdi bugun, 15 sentabr kunidan Toshkent – Buxoro – Toshkent yo‘nalishida qatnovlarni amalga oshira boshladi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AK axborot xizmati xabar berdi.

«Yuqori tezlikda harakatlanuvchi zamonaviy «Afrosiyob» elektr poyezdi  «yurtimiz aholisi va mehmonlarining temir yo‘llardan foydalanishga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, ularga safar davomida yuqori darajadagi zamonaviy sharoitlarni yaratish va sifatli servis xizmatlarini ko‘rsatish hamda turizmni rivojlantirish maqsadida 2016 yilning 15 sentabridan boshlab Toshkent – Buxoro – Toshkent yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi №762/761-sonli Afrosiyob elektro poyezdi yo‘lga qo‘yilishini ma'lum qiladi», deyilgan xabarda.

Poyezd Toshkentdan soat 08:00da yo‘lga chiqib, soat 11:47da Buxoroga yetib boradi. Buxorodan esa soat 15:21da jo‘nab, Toshkentga soat 19:10da keladi. Reyslar har kuni amalga oshiriladi.

Bu yo‘nalishda yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezd yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston prezidentining 2015 yil 26 martidagi qarori asosida amalga oshirildi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AK 16 oy davomida Samarqanddan Buxorogacha bo‘lgan 259 km masofadagi yo‘lni elektrlashtirdi. Bu loyihaga 400 mln dollar sarflandi. Loyiha doirasida 16,2 million kubmetr tuproq ishlari, shuningdek, 146 kilometrlik «Maroqand–Navoiy» uchastkasida yer ko‘tarma ishlari bajarilib, yangi temir yo‘l to‘liq yotqizildi.

Poyezd Toshkentdan Buxorogacha bo‘lgan 600 kilometrlik masofani ilgarigidek 7—8 soatda emas, 3 soatu 20 daqiqada bosib o‘tish imkoniyatiga ega.

Hududda yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektr poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng, mamlakatda bunday poyezdlar harakatlanadigan temir yo‘llar uzunligi 700 kilometrdan ortdi.

Mavzuga oid