O‘zbekiston | 18:40 / 14.07.2025
10470
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident administratsiyasining 8 ta departamentiga yangi rahbar tayinlandi

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov endi PA Kommunikatsiyalar departamentiga rahbar hisoblanadi. Gayane Umerova administratsiyaning Kreativ iqtisodiyot va turizm bo‘yicha departamenti rahbari lavozimiga tayinlandi. Prezident protokoli rahbari Ulug‘bek Qurbonov esa katta ehtimol bilan ishdan ketgan – yangi tuzilgan departamentga uning o‘rinbosari rahbar bo‘lgan.

Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Prezident administratsiyasida bir qator tayinlovlar amalga oshirildi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, Alisher Bahodirovich Samadov PA Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamentining rahbari lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan prezidentning huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Doniyor Baxtiyorovich Qodirov PA Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi bo‘yicha departamentining rahbari lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etildi.

Sherzod Ikromovich Asadov PA Kommunikatsiyalar departamentining rahbari — prezidentning matbuot kotibi lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan prezidentning matbuot kotibi lavozimidan ozod etildi.

Gayane Olegovna Umerova PA Kreativ iqtisodiyot va turizm bo‘yicha departamentining rahbari lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan PA Ijtimoiy rivojlanish departamentining rahbari o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Nodirjon Abduqunduzovich Abdurahimov PA Yig‘ilish va hududlarga tashriflar uchun tahliliy kontent tayyorlash departamentining rahbari lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan PA Rejalashtirish va axborot ta’minoti departamentining rahbari lavozimidan ozod etildi.

Bobur Botirovich Xodjayev PA Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha departamentining rahbari lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan prezidentning iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Zelimxon Haydarovich Haydarov PA Ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan PA Moliya-xo‘jalik departamentining rahbari lavozimidan ozod etildi.

Ella Anatolevna Djaxangirova PA Tadbirlarni tashkillashtirish departamentining rahbari lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan prezident protokolining rahbari o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Eslatib o‘tamiz, shu farmon bilan Prezident administratsiyasining yangi tuzilmasi tasdiqlandi. Administratsiya va uning tarkibidagi tashkilotlarda 284 ta shtat qisqartirildi, takrorlanuvchi lavozimlar optimallashtirildi. Administratsiya rahbariga 5 nafar o‘rinbosar lavozimi joriy etildi.

Mavzuga oid