O‘zbekiston | 19:25 / 17.02.2021
24192
7 daqiqa o‘qiladi

«Bunga diplomatik kanallar orqali munosabat bildiramiz» – Mudofaa vazirligi Xonobod va amerikalik harbiylar haqida

Mudofaa vaziri matbuot kotibi Bahrom Zulfiqorov Qashqadaryo viloyatida joylashgan Xonobod aerodromida radiatsiya va toksik nurlanish mavjudligi haqida OAVda e'lon qilingan ma'lumotlarga izoh berib, bu mutaxassis bo‘lmagan odamlarning fikri ekanini ta'kidladi.

«Qarshi-Xonobod aerodromi atrofida tarqalayotgan xabarlar O‘zbekiston mudofaa vazirligi matbuot xizmati tomonidan kuzatib borilmoqda. Xonobod aholi punkti – harbiy qismning yonida joylashgan mahalla. Aholisi soppa-sog‘, bu yerda yashovchilar orasidan tibbiy ko‘rikdan o‘tib muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar, aviatsiya bilim yurtiga o‘qishga kirganlar ham bor. Nomzod sog‘lom bo‘lsagina uchuvchi bo‘la oladi. Uning yurak urishi, qon bosimi belgilangan me'yorlarga mos kelishi kerak.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining kontingenti u yerda besh yildan ortiq turmagan. Biznikilar u yerda 15-20 yildan beri xizmat qilmoqda, hatto butun umri davomida ishlayotganlar bor. Mayli, ofitserlar har besh yilda rotatsiya bo‘lishar, lekin chilangarlar, qorovullar, texniklar aynan o‘sha yerda 30 yildan beri xizmat qilishmoqda. Ularda AQSh harbiylarida kuzatilayotgan holatlar kuzatilmayapti. Jurnalist va blogerlar borib qiziqib ko‘radigan bo‘lishsa, u yerda xizmat qilayotganlar sog‘-salomat yurganini ko‘rishadi.

Bahrom Zulfiqorov

Harbiy aerodromda xizmat qilayotgan uchuvchilar nafaqat mavsumiy, balki har bir parvozdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Hozirgi paytda Xonobod aerodromi to‘liq ishlamoqda, u yerdan samolyot va vertolyotlar uchmoqda. Uchuvchilarning salomatligida ozgina o‘zgarish bo‘lsa ham parvozga ruxsat berilmaydi.

Masalaning ikkinchi tomoni bor. Biz oliy hukumat darajasida, Tashqi ishlar vazirligining diplomatik kanallari orqali AQSh bilan hamkorlik aloqalariga putur yetmaydigan shaklda yondashgan holda Xonobod aerodromi atrofidagi gap-so‘zlarga munosabat bildiramiz. Chunki bizda turizm rivojlanishi rejalashtirilmoqda, O‘zbekistonga dunyo ahlining e'tibori tushyapti. Biz biror davlat O‘zbekistonga qarshi ish qilyapti deb aytmoqchi emasmiz. Lekin bu mutaxassis bo‘lmagan odamlarning fikri ekani yaqqol ko‘rinib turibdi», deya Bahrom Zulfiqorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshidagi Harbiy tibbiyot fakulteti kafedra mudiri, tibbiy xizmat polkovnigi Nosir Fozilovning qo‘shimcha qilishicha, Xonobod aerodromi yaqinidagi aholi punktida yashayotgan fuqarolar ham tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan, natijalar ular sog‘lom ekanini ko‘rsatgan.

Nosir Fozilov

«Xonobod aerodromida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar har yili tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalarida tarqalgan savollarga javob topish maqsadida o‘sha yerdagi aholi punktida yashayotgan fuqarolarni ham tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdik. Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra ularning hammasi sog‘lom bo‘lib chiqdi.

O‘sha joylardagi oilaviy poliklinikalar bosh vrachlaridan mahalliy aholi orasida shunday kasalliklar qayd etilgan-etilmaganini surishtirdik. Shu paytgacha aholi orasida bunday kasalliklar kuzatilmagani ma'lum bo‘ldi. Ya'ni o‘sha hududda yashayotgan fuqarolarimiz orasida bunday kasalliklar aniqlanmagan.

Men yaqin 30 yildan buyon armiyada xizmat qilayotgan bo‘lsam, harbiy xizmatchilarimiz o‘rtasida ham biror marta nurlanish oqibatida yuzaga keladigan kasalliklar kuzatilmagan», deydi Nosir Fozilov.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati rahbari O‘zbekistondagi harbiy qismlarning barchasi radiatsion-kimyoviy bakteriologik vaziyatni nazorat qiladigan uskunalar bilan, harbiy xizmatchilar esa individual himoya vositalari bilan ta'minlangani, harbiylarda nurlanish alomatlari seziladigan bo‘lsa, ular zudlik bilan izolyatsiya qilinishi, shaxsiy tarkib esa evakuatsiya qilinishini aytib o‘tdi.

«Odatda, harbiy qismlarimizda boshqaruv punkti yoki navbatchi qismi bo‘ladi. U yerda hamma qatori radiatsion-kimyoviy bakteriologik vaziyatni nazorat qiladigan uskunalar, zontlar o‘rnatilgan. Agar o‘sha hududda radiatsion ko‘rsatkich yoki rentgen nuri kuchayib ketadigan bo‘lsa, o‘z vaqtida trevoga beriladi. Ya'ni radiatsion trevoga yoki havo trevogasi.

Xuddi shu narsa soatma-soat monitoring qilib boriladi. Chunki bu – obekt. Shuning uchun fikrimizni tasdiqlaydigan asos ko‘p. Harbiy qismlarimizning barchasida nurlanishni aniqlaydigan uskunalar joylashtirilgan.

Bundan tashqari, harbiy xizmatchilarning individual himoya vositalari bor. Nurlanish darajasini ko‘rsatuvchi dozimetrlar har birimizning harbiy kiyimlarimizda bo‘ladi. Undagi ko‘rsatkichlar birlamchi nurlanish alomati bo‘ladi. Harbiy xizmatchilarda nurlanish alomatlari seziladigan bo‘lsa, tibbiyot xizmatining maxsus otryadlari orqali ular izolyatsiya qilinadi. Trevoga e'lon qilinadigan bo‘lsa, harbiy xizmatchilar zudlik bilan evakuatsiya qilinadi.

Bularning barchasi hisobga olingan, amaldagi tartib puxta o‘ylab joriy etilgan. Mutaxassislarimiz bu borada malakaga ega, O‘zbekistonda bunaqa holat yo‘q», deydi Bahrom Zulfiqorov.

Xonobod aerodromida amerikaliklar

Eslatib o‘tamiz, AQShning 45-prezidenti Donald Tramp lavozimidan ketishidan bir kun avval, 2021 yil 19 yanvarda O‘zbekistonga aloqador bir hujjatga imzo chekkan, «O‘zbekistonda xizmatni o‘tagan faxriylarga vasiylik qilish to‘g‘risida» deb nomlangan bu hujjatda AQSh Mudofaa vazirligiga 2001-2005 yillarda Amerika harbiylari joylashtirilgan O‘zbekistondagi baza atrof-muhiti tufayli safarbar etilganlarning toksik ta'sirlanishlariga doir masalalar bo‘yicha sinchkovlik bilan surishtiruv o‘tkazish, tadqiqot xulosa va natijalari umumlashtirilgan hisobotni esa Faxriylar masalalari vazirligi orqali prezidentga taqdim etish topshirig‘i qo‘yilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2001-2005 yillarda Afg‘onistondagi aksilterror kampaniyasida ishtirok etish uchun O‘zbekiston havo, suvi va yeridan toblangan 15 ming 777 nafar amerikalik harbiy xizmatchining 75 foizi, ya'ni 11 ming 832 nafari saraton va boshqa kasalliklarni orttirgan.

Mavzuga oid