O‘zbekiston | 11:09 / 26.11.2025
5088
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga shaxsiy ehtiyoj uchun tovar olib kirishdagi limitlar qayta ko‘rib chiqiladi

O‘zbekistonga samolyotda, poyezdda, avtomobilda yoki piyoda keluvchilar o‘z shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kelayotgan tovarlarini bojsiz olib kirishi normalari to‘liq qayta ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi. Bu normalar joriy yil 1 maydan keskin kamaytirilgan edi. Qayta ko‘rib chiqish – maishiy texnikalarni 6 oyda faqat 1 marta bojsiz olib kirish tartibiga ham taalluqli bo‘lishi mumkin.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda shaxsiy ehtiyoj uchun respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi.

Bu – 25 noyabr kuni imzolangan “Qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish to‘g‘risida”gi prezident farmonida belgilandi.

Farmon Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, bojsiz limitlarga oid topshiriq ushbu farmon bilan tasdiqlangan “yo‘l xaritasi”da ko‘rsatilgan.

Shu tariqa, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 19 apreldagi qarori bilan kuchaytirilgan cheklovlar o‘zgarishi mumkin.

Bu qarorga ko‘ra, joriy yil 1 maydan e’tiboran, fuqarolar o‘z ehtiyojlari uchun bojsiz tovar olib kirish normalari quyidagicha:

  • havo transportida – 1000 dollar (1 maygacha 2000 dollar edi);
  • temiryo‘l va daryo transportida – 500 dollar (1 maygacha 1000 dollar edi);
  • avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali – 300 dollar (o‘zgarishsiz qoldi);
  • xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali – bir oyda 200 dollar (1 maygacha bir chorakda 1000 dollar edi);
  • xalqaro pochta jo‘natmalari orqali – 100 dollar (o‘zgarishsiz qoldi).

Bundan tashqari, 20 iyuldan e’tiboran, temiryo‘l va avtomobil o‘tkazish punktlari orqali notijorat maqsadlarda tovarlarni olib kirayotgan shaxslar xorijiy davlatda 2 kundan kam muddat bo‘lganda, havo transportida esa 3 kundan kam muddat bo‘lganda, bojsiz olib kirish normalari qo‘llanilmaydigan bo‘ldi.

Shu tariqa, xorijga 1-2 kunga chiqqan vatandoshlar o‘zi uchun biror bir buyum olib kirayotgan bo‘lsa, bu buyumning qiymatidan qat’i nazar, boj to‘lashga majbur bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yildan buyon amal qilib kelayotgan hukumatning boshqa bir qarori asosida, O‘zbekistonga piyoda, avtomobilda yoki temiryo‘lda keluvchilar uchun maishiy texnikalar, kompyuterlar va oshxona idishlari uchun miqdoriy cheklovlar ham amal qilib kelmoqda.

Unga ko‘ra, sovutkich yoki konditsionerni 6 oyda 1 marta bojsiz olib o‘tish mumkin. Bu norma 2018 yilda bir muddat 1 oyda 1 marta bo‘lgan, ko‘p o‘tmay cheklov kuchaytirilib, 6 oyda 1 marta deb belgilangan.

Mavzuga oid