Texnologiya | 22:08
867
3 daqiqa o‘qiladi

Apple kompaniyasi iPhone smartfonlari dizaynini keskin o‘zgartirishi kutilmoqda

Shu yilning kuzidayoq buklanadigan birinchi iPhone taqdim etilishi mumkin. Shuningdek, butun old panelni egallaydigan ramkasiz displeyli model tayyorlanmoqda.

Foto: MacRumors

Apple insaydlariga ixtisoslashgan Bloomberg sharhlovchisi Mark Gurmanning ma’lum qilishicha, kompaniya iPhone smartfonlarining tarixdagi «eng yirik yangilanishini» tayyorlamoqda. Bu bir vaqtning o‘zida mashhur smartfonning tashqi ko‘rinishi va shaklini o‘zgartiradigan bir nechta tub o‘zgarishlarni o‘z ichiga oladi.

Apple shu yilning kuzidayoq o‘zining buklanadigan birinchi iPhone modelini taqdim etishi kutilmoqda - bu Samsung Z Fold smartfoniga o‘xshash displeyli qurilma. Bunday smartfon video, o‘yinlar va boshqa vazifalar uchun katta ichki panelni taqdim etadi.

Gurman xususiyatlar haqida batafsil ma’lumot bermadi, biroq iOS 27 buklanadigan formatga mo‘ljallangan birinchi mobil operatsion tizim bo‘lishini ta’kidladi. Tizim ilovalarni bir-biriga yaqin joylashtirish imkonini beradi, bu esa interfeysni katta displey maydoniga moslashtiradi.

Dastlab, qurilma bukilgan joyida sezilarli burmasiz takomillashtirilgan sharnirga ega bo‘lishi taxmin qilingan edi, ammo keyinchalik Apple muhandislari burmani butunlay yo‘q qilmasdan, faqat sezilarli darajada kamaytirishga muvaffaq bo‘ldi.

Kelgusi yilda, iPhone smartfonining 20 yilligi (2007-2027) munosabati bilan Apple butun old panelni egallaydigan ramkasiz displeyli modelni taqdim etmoqchi - old kamera ekran ostida joylashadi.

Avvalroq Apple Stiv Jobs orzu qilgan to‘liq «ramkasiz ayfon» ishlab chiqarilishini ochiq tasdiqlagan edi. O‘tgan yillar davomida Apple bu maqsadga erishishda muvaffaqiyatga erishdi: dastlab ramkasiz displeyli iPhone X, keyin iPhone 14 Pro modelida «qosh» o‘rnini Dynamic Island egalladi, o‘tgan yili esa 5,6 mm qalinlikdagi korpusga ega iPhone Air chiqdi.

Apple 2027 yilga borib, texnologiyani ommaviy ishlab chiqarishga yetkazishga ulguradimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum, ammo agar bu amalga oshsa, bu haqiqatan ham gadjetlar olamida muhim voqeaga aylanadi, deb yozdi Gurman.

Barcha mish-mishlar va sizib chiqishlar shuni ko‘rsatadiki, Apple asosiy iPhone 18 sotuvini 2027 yilgacha kechiktirgan. Joriy yil kuzida kompaniya iPhone 18 Pro, iPhone 18 Pro Max va buklanadigan iPhone modelini taqdim etishi kutilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid