O‘zbekiston | 11:06 / 12.12.2022
18855
2 daqiqa o‘qiladi

Quvur yorilishi oqibatida Angren neft bazasidan 11,5 ming litr benzin oqib ketgan

Hodisaga 5000 metr kub hajmdagi rezervuar jo‘mragi muzlab yorilgani sabab bo‘lgan.

Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Angren neft bazasida avariya sodir bo‘lgani, odamlar quvurdan oqib yotgan benzinni idishlarga quyib olib ketayotgani aks etgan videolar tarqalgandi. Korxona rahbariyati hodisaga munosabat bildirdi.

 “Joriy yilning 10 dekabr kuni taxminan soat 20:10 da Angrenneftebazasi hududida 5000 m (kub) hajmdagi 20-sonli sig‘im (rezervuar) sifonining jo‘mragi havo harorati pasayishi tufayli muzlab yorilgan. Buning oqibatida sig‘imda bo‘lgan AI-80 benzin yoqilg‘i mahsuloti (11 500 litr) to‘kilgan”, deya korxona boshlig‘i D.Azimovning so‘zlarini keltirmoqda Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati.

Ta’kidlanishicha, avariya zavod ishchi-xodimlari tomonidan shu kunning o‘zida, soat 20:45 da bartaraf qilingan.

Garchi rasmiy ma’lumotda hech kimga jiddiy zarar yetkazilmagani alohida ta’kidlangan bo‘lsa-da, Telegram-kanallarida tarqalgan videolarning birida quvurdan oqib yotgan benzinni olishga kelganlardan birining kiyimi yonib ketgani aks etgan. Yong‘in benzin olib bo‘lgandan so‘ng erkak sigaret chekishga qaror qilgani va benzin sachragan kiyimi kutilmaganda alanga olgani natijasida kelib chiqqani aytilmoqda.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, ro‘y bergan holat bo‘yicha ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid