O‘zbekiston | 16:59 / 21.10.2022
14233
2 daqiqa o‘qiladi

Fototaqqos: Yomg‘ir Toshkentni changdan qutqara olmadi

To‘rt oy ichida birinchi marta yog‘gan yomg‘irdan keyin shahar aholisi nihoyat musaffo havodan nafas oldi. Bir muddat Toshkentdan shimoli-sharqdagi tog‘lar ham aniq-tiniq ko‘rinib turdi. Lekin afsus, havodagi bu tozalik uzoq davom etmadi, shaharni yana g‘ubor qoplamoqda. Osmondagi chang telefondan olingan suratlarda ham ko‘rinib turibdi.

Yaqinda atmosfera havosining ifloslangani bo‘yicha dunyoning yirik shaharlarini ortda qoldirib, reytingni «zabt etgan» Toshkent havosi qisqa bo‘lsa-da yomg‘irdan so‘ng yaxshilandi. Buni meteorologik qurilmalarsiz, tabiiy ravishda ham sezish mumkin.

Foto: Davronbek Tojialiyev / Facebook.com

Afsuski, havo ifloslanishiga sabab bo‘layotgan hodisalarni bartaraf qilmas ekanmiz, yomg‘ir va qorlar ham bizga yordam berolmasligi mumkin.

IQAir portalidagi onlayn indeksga ko‘ra, yomg‘ir yog‘ganidan so‘ng normallashgan Toshkent havosi bugungi kelib, yana «zaif guruhlar uchun nosog‘lom» bo‘lib qolgan.

Chunki, yomg‘ir to‘xtagach yana avtomobillardan chiqayotgan turli gazlar, qurilish va sanoatdan chiqayotgan chang va zararli moddalar osmonga ko‘tarilishni boshladi.

Ko‘plab daraxtlari ayovsiz kesib tashlangan poytaxt yashil dunyosi changlarni yutib ulgurmayapti.

Boz ustiga kuz fasli boshlangani sababli asosiy «kislorod ishlab chiqaruvchilar» allaqachon barglarini to‘kishni boshlagan.

Gidrometeorolog Erkin Abdulahatov ham bu changlar boshqa joydan uchib kelgan emas, o‘zimizda bir necha haftadan buyon to‘planib qolayotgan mahalliy chang ekanligini aytgan edi.

Kun.uz muxbiri tomonidan bugun, 21 oktabr kuni ertalab olingan ushbu suratlarda ham Toshkent osmoni uzra changlar to‘planayotganini ko‘rish mumkin.

Mavzuga oid