O‘zbekiston | 22:38 / 19.10.2022
24394
10 daqiqa o‘qiladi

“Bu o‘zimizning mahalliy chang edi” - Toshkent o‘zidan o‘zi changga botadigan shaharga aylandimi?

17 oktyabr kuni Toshkentda kuzatilgan anomal chang o‘tgan yil noyabrdagi kabi boshqa joydan uchib kelgan emas, o‘zimizdagi mahalliy chang edi, deydi gidrometeorolog Erkin Abdulahatov. Xo‘sh, bunga nimalar sabab bo‘ldi?

Foto: Kun.uz

17 oktyabr kuni kechqurun Toshkent havosida mayda PM-2,5 dispers zarralarining konsentratsiyasi ruxsat etilgan me’yordan 42 barobarga ortib, 212 mkg/m³ga yetdi. Bu ko‘rsatkich bilan O‘zbekiston poytaxti bir muddat dunyo bo‘yicha havosi eng iflos shahar bo‘lib turdi.

Toshkent o‘tgan yilning 6 noyabrida ham xuddi shunday statusga “ko‘tarilgandi”. O‘shanda qum bo‘roni ro‘y berib, havodagi PM-2,5 dispers zarralari miqdori 600-700 mkg/m³ni tashkil etgandi.

Havo ifloslanishi – bevaqt o‘limlar demakdir

Havo ifloslanishi sabab dunyoda har yili 6,5 million kishi halok bo‘ladi. Ayniqsa, oxirgi 20 yil ichida raqamlar 2 barobar o‘sgan.

Havoda ifloslanish darajasi ortganda ko‘z qichishishi, nafas qisilishi, nafas olishning qiyinlashishi, nafas olish yo‘llarining qichishishi va yo‘tal kabi ilk belgilar namoyon bo‘la boshlaydi. Bu kabi belgilar boshqa kasalliklarda ham kuzatilishi mumkin. Ammo alomatlar ko‘pchilikda takrorlansa, bu – havoning xavfli ifloslanishidan signal bo‘lish ehtimoli yuqori.

Ifloslanish darajasi qanday aniqlanadi?

“O‘zgidromet” Toshkentning bir nechta nuqtalariga havo sifatini avtomatik monitoring qilib boruvchi stansiyalarni o‘rnatgan. Shuningdek, AQShning Toshkentdagi elchixonasida ham (boshqa ko‘plab davlatlardagi Amerika elchixonalari kabi) havo sifati detektorlari bor.

“O‘zgidromet” stansiyalari qayd etgan ma’lumotlarni monitoring.meteo.uz saytida kuzatib borish mumkin. Shuningdek, Air Quality Index (IQAir) – Havo sifati indeksi portali ham dunyoning yirik shaharlari havosini monitoring qilib boradi va real vaqt rejimidagi reytingni yuritadi. Portal Toshkent shahri bo‘yicha ma’lumotlarni “O‘zgidromet”ning Xalqlar do‘stligi maydoni yaqinida o‘rnatgan stansiyasidan va Frankyans loyihasining Yakkasaroy tumani Meros mahallasidagi stansiyasidan oladi (bu tsensorlar portalga sinxronizatsiya qilingani uchun ma’lumotlarni avtomatik uzatadi; bir necha oydan buyon AQShning Toshkentdagi elchixonasidagi stansiya qayd etgan axborotlar IQAir'da ko‘rinmay qolgan).

Havo sifatini nazorat qilishdagi eng asosiy ko‘rsatkich – PM-2,5 dispers zarralarining havodagi konsentratsiyasi. Aynan shu ko‘rsatkichga asosan, AQAir'da havo sifati 5 toifaga ajratilgan:

  • “yaxshi” (yashil – 0-50);
  • “o‘rtacha” (sariq – 50-100);
  • “zaif guruhlar uchun nosog‘lom” (olovrang – 100-150);
  • “nosog‘lom” (qizil – 150-200);
  • “xavfli” (binafsha – 200-400)

Havosi iflos shaharlardagi doimiy monitoring odamlarga kunning qaysi vaqtida ochiq havoda faol bo‘lish, qaysi paytda esa ko‘proq bino ichida bo‘lish ma’qulroqligini tushunishga yordam beradi.

Havoning PM-2,5 mayda dispers zarrachalari deganda, havo tarkibidagi diametri 2,5 mikron va undan kichik bo‘lgan havoni ifloslantiruvchi zarrachalar tushuniladi. Ya’ni inson soch tolasi diametri 100 mikron va yuqoridagi PM 2,5 zarrachalar inson soch tolasidan 40 barobarga kichkina.

17 oktyabrda havoda lokal ifloslanish bo‘lgan

“O‘zgidromet” izohiga ko‘ra, Toshkentda 17 oktyabr kuni kuzatilgan chang uzoq vaqt yog‘ingarchilik bo‘lmagani, kuchsiz shamollar va haroratning inversiyasi bilan bog‘liq. Harorat inversiyasi tufayli kechqurun havo haroratining keskin pasayishi atmosfera havosining turg‘unligini keltirib chiqaradi, bu esa havoda ifloslantiruvchi moddalarning to‘planishiga sharoit yaratadi.

Gidrometeorolog Erkin Abdulahatovning so‘zlariga ko‘ra, 17 oktyabr kungi chang bo‘roni – bir necha kunlik salbiy tendensiyaning eng yuqori nuqtasi bo‘lgan.

“Poytaxtda changli havo 2 haftadan beri kuzatilayotgandi, faqat 17 oktyabrda juda xavfli darajaga yetdi. Bunga 4 oydan beri yomg‘ir yog‘magani, qurilishdagi changlar sabab bo‘ldi. O‘sha kuni chang o‘tgan yili 4-7 noyabrdagi kabi boshqa joydan uchib kelgan emas, o‘zimizdagi mahalliy chang bo‘lib, bir necha haftadan beri ochiq sirt yuzalarida turgan va havoga ko‘tarilib, tushayotgan changlar edi. Chang sutkaning kechki va tungi muddatlarida ko‘tarilib, havoning ifloslanish darajasi ortayotgan edi. Kechqurun ko‘tarilayotganiga sabab, bu paytda transport qatnovi zich bo‘ladi va bu sezilar-sezilmas shamolni keltirib, ko‘cha, daraxtlarga cho‘kkan o‘ta mayda changni ham ko‘tarib yubordi”, – deydi u.

Qurilishlardan chiqayotgan chang haqida “O‘zgidromet” bayonotida ham aytilgan edi. Sinoptiklar bu ifloslanish omillari sifatida, shuningdek, shaharda transportning ko‘pligi va yo‘llarning tirbandligi, daraxtlar kesilayotgani, maysazorlar va magistral yo‘llarning keng ko‘lamda sug‘orilishining mavjud emasligini ham sanab o‘tgan.

Air Quality Index saytida yozilishicha, Toshkent havosining ifloslanishiga qazib olinadigan yoqilg‘idan ortiqcha foydalanish, yomon yoki past sifatli yoqilg‘idan foydalanish, organik va sintetik materiallarni ko‘p miqdorda yoqish ham sabab bo‘lmoqda.

Ma’lumotda shahardagi ko‘plab transport vositalarining eskirgani, ba’zilari sovet ittifoqidan qolgani, ular zararli kimyoviy bug‘larni chiqaradigan motorlarda ishlashi ham qayd etilgan.

O‘zbekistonning boshqa shaharlari havosi qanday?

AQI platformasida O‘zbekiston bo‘yicha faqat Toshkent shahri havosi tahlili ko‘rinib turibdi. Boshqa shaharlar haqida ma’lumot yo‘q. Erkin Abdulahatovning tushuntirishicha, AQI platformasida ma’lumotlar ko‘rinishi uchun, joylarda statsionar postlar joylashtirilib, platforma bilan integratsiya qilinishi kerak.

“Hozir O‘zbekistonda faqat Toshkentda avtomat statsionar postlar mavjud. Ulardan birini birinchilardan bo‘lib AQSh elchixonasi o‘rnatgan. Boshqa shaharlarda esa avtomat statsionar post bo‘lmagani uchun ulardagi natijalarni onlayn kuzatib turolmaymiz. Bu postlarda havoning ifloslanish darajasining bir necha xil turi o‘lchanadi va mazkur turdagi asbob uskunalar ancha qimmat. “O‘zgidromet” tomonidan bu turdagi stansiyalarni sotib olish va viloyat markaziy shaharlariga o‘rnatish ishlari jadal davom etmoqda. Lekin faqat PM-2,5ni o‘lchaydigan kichik postlar yaqin 5-10 yil ichida ko‘plab shaharlarda o‘rnatilib, AQI platformasiga integratsiya qilinadi. Chunki ular faqat bir turdagi ifloslanishni kuzatib borgani uchun anchayin arzon”, – deydi iqlimshunos.

Energetika, qishloq xo‘jaligi va transport

Agar chang ko‘tarilishi haqida emas (bunga shubhasiz daraxtlar kamaygani va qurilishlarning ko‘pligi sabab), havo tarkibidagi boshqa zararli zarralar haqida gapiradigan bo‘lsak, bunda havo ifloslanishiga eng ko‘p energetika, qishloq xo‘jaligi, moda, transport, oziq-ovqat chakana savdosi, qurilish, texnologiya va o‘rmon xo‘jaligi sabab bo‘ladi.

Bular – asosiy havoni ifloslovchi vositalar, lekin ularning havo ifloslanishidagi ulushi shaharlarga qarab o‘zgaradi. Masalan, eng ko‘p ifloslanishi aytiladigan joylardan biri Pokistonning Karachi shahrida havo tarkibining 53 foizini sanoat gazlari, 18 foizini transport, 16 foizini yo‘l changlari, 12 foizini ikkilamchi aerozol moddalari zaharlaydi.

Masalan, havoni zaharlaydigan asosiy faoliyat Pekinda ko‘mirning yoqilishi – 19 foiz, Chengduda kristall chang va ko‘mir 54 foiz, Bangkokda avtomobil – 32 foiz, Santyagoda 31 foiz transport vositalari, Floridada sulfatlar – 55 foiz, Barselonada ikkinchi qo‘l transportlar – 73 foiz hisoblanadi.

Toshkent havosini qanday toza saqlash mumkin?

O‘zbekistonga ham shahar havosini ifloslayotgan faoliyat turlari bo‘yicha aniq tahlillar kerak. Masalan, Toshkentda havoni ifloslaydigan asosiy faoliyat turi qurilishlar bo‘lsa, Navoiyning Zarafshon shahrida sanoat korxonalari chiqindilari bo‘lishi mumkin. Bunday statistika havo tarkibida qaysi ifloslanish darajasi yuqori ekanini bilish, aniqrog‘i shundoq ham ma’lum sabablarning ulushini raqamlarda aniq ko‘rsatish, tasdiqlash va isbotlash imkonini beradi.

Havo ifloslanishining hammasi ham global iqlim o‘zgarishi fonida yuz beryapti. Toshkentda daraxtlar kesilayotgani va qurilishlar dard ustiga chipqon bo‘lyapti. Hukumat shaharda daraxtlar kesilishini amalda to‘xtata olishi, shaharni yoppasiga yashillashtirish bo‘yicha amaliy ishlarga o‘tishi, jamoatchilik esa buni talab qilishdan to‘xtamasligi zarur.

Shu bilan birga, shaharda avtomobillar soni o‘sishini sekinlashtirish va kelgusida hatto kamaytirish uchun jamoat transporti butunlay o‘zgarishi shart.

Toshkentga hozirgidan ko‘ra o‘nlab barobar ko‘proq jamoat transportlari, yuz baravar ko‘proq sifatli veloyo‘laklar kerak. Jamoat transportlarining barchasi ekologiyaga zararsiz vositalar – elektrobus va tramvaylar bo‘lishi lozim.

Zuhra Abduhalimova,
jurnalist

Mavzuga oid