O‘zbekiston | 15:10 / 20.09.2023
9460
3 daqiqa o‘qiladi

Sodiq Safoyev: Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini tiklash borasidagi qat’iyatini olqishlaymiz

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini tiklash borasidagi qat’iyatini olqishlashini ta’kidladi. 

Foto: Kun.uz

«Biz Ozarboyjonning barcha sohalarda, ayniqsa, hududiy yaxlitlik va adolatni tiklash borasida erishayotgan yutuqlaridan mamnunmiz. Biz Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini tiklash va himoya qilishda barcha qiyinchiliklarga qaramay olib borayotgan adolatli kurashida qo‘llab-quvvatlaymiz, hukumat va xalqning qat’iyatini olqishlaymiz. 

Ishonchim komilki, Ozarboyjon yaqinda Qorabog‘ni dunyoning eng jannatmakon hududlaridan biriga aylantiradi, Shusha uning go‘zalligidan bahramand bo‘lishlari uchun esa quchog‘ini ochib, butun dunyodan mehmonlarni kutib oladi», — deya ta’kidladi Safoyev.

Avvalroq, sentabr oyi boshida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qorabog‘da o‘tkazilgan saylovlar yuzasidan bayonot bergandi.

«O‘zbekiston Respublikasi do‘st Ozarboyjon Respublikasining suvereniteti va hududiy yaxlitligini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi, uning ichki ishlariga har qanday aralashuvni qoralaydi va 2023 yil 9 sentabr kuni Qorabog‘da o‘tkazilgan qo‘shtirnoq ichidagi prezident saylovlarini tan olmaydi», — deyilgan bayonotda.

Ma’lumot uchun, kecha, 19 sentabr kuni Ozarboyjon Qorabog‘da mahalliy aksilterror tadbirlarini boshladi.

Ozarboyjon Mudofaa vazirligi 2020 yil 10 noyabrda imzolangan Uch tomonlama bayonot qoidalarini buzgan holda, Armaniston qurolli kuchlarining Ozarboyjonning Qorabog‘ iqtisodiy hududida bo‘lishi mintaqada tinchlik va barqarorlikka tahdid manbasi ekanligini bir necha bor ta’kidlagan. 

Bugun, 20 sentabr kuni tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi rasmiylari mahalliy vaqt bilan soat 13:00 dan (Toshkent vaqti bilan 14:00) o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.

Kelishuv doirasida, Tog‘li Qorabog‘da qolgan arman harbiylari mintaqadagi «Rossiya tinchlikparvar kontingenti joylashgan zonadan» olib chiqiladi, tan olinmagan respublikaning qurolli bo‘linmalari tarqatib yuboriladi va og‘ir texnikalar olib ketiladi.

21 sentabr kuni Yevlax shahrida Tog‘li Qorabog‘ning arman aholisi vakillari va Ozarboyjon hukumati vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda.

 

Mavzuga oid