Jahon | 20:27 / 04.04.2025
6561
4 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi strategik sheriklik deklaratsiyasini qabul qildi

Deklaratsiyada global va mintaqaviy geosiyosiy landshaftni hisobga olgan holda munosabatlarni yaxshilashga qaror qilingani qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

4 aprel kuni Samarqandda birinchi «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» sammiti yakunlari bo‘yicha Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi (YeI) tomonidan strategik sheriklik deklaratsiyasi qabul qilindi. Bu haqda Yevropa Kengashi xabar berdi.

Deklaratsiyada global va mintaqaviy geosiyosiy landshaftni hisobga olgan holda munosabatlarni yaxshilashga qaror qilingani qayd etildi.

Unda tomonlar tinchlik, xavfsizlik va demokratiya yo‘lida to‘liq hamkorlik qilish tarafdori ekani, xalqaro huquqni, jumladan, BMT Nizomi va asosiy tamoyillarini hurmat qilish, barcha davlatlarning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish, ularning xalqaro tan olingan chegaralari doirasida muhimligi ta’kidlandi.

Barcha davlatlar xalqaro munosabatlarda kuch ishlatish bilan tahdid qilish yoki ishlatishdan tiyilishi, xalqaro gumanitar huquqni hurmat qilishi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etishi zarurligi qayd etildi.

Yetakchilar Afg‘oniston barcha fuqarolarning, shu jumladan, ayollar, etnik va diniy ozchiliklarning inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qiladigan inklyuziv hukumat va boshqaruv tizimiga ega xavfsiz, barqaror va gullab-yashnagan davlatga aylanishini ta’minlash tarafdori ekanini tasdiqladi.

Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi, shuningdek, sanksiyalarni chetlab o‘tishning oldini olish uchun hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam maslahat uchrashuvlari orqali mintaqaviy hamkorlik faollashganini olqishladi va mintaqaviy integratsiyaga qaratilgan kelgusidagi harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar iqtisodiy tadbirlarni, jumladan, Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi iqtisodiy forumini muntazam o‘tkazishga kelishib oldi.

Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari barqaror transport aloqalarini mustahkamlash tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi. Ular Transkaspiy transport yo‘lagi bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi platforma va u bo‘ylab muhim infratuzilma loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldi.

Yetakchilar iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishiga qarshi kurashni kuchaytirishga kelishib oldi. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyodagi barcha hamkorlarning Global metan tashabbusiga (Global Methane Pledge) qo‘shilish qarorini olqishladi.

Tomonlar, shuningdek, suv resurslarini muhofaza qilish va undan samarali foydalanish maqsadida suv-energetikadagi hamkorlik sohasida innovatsiyalarni joriy etishni davom ettirishga kelishdi. Orolbo‘yi va butun Orol dengizi havzasidagi vaziyatni yaxshilash maqsadida hamkorlik mustahkamlanishi qayd etildi.

Markaziy Osiyo va YeI munosabatlarida fikr bildirish va erkinlik kafolatlari, fuqarolik jamiyati va mustaqil ommaviy axborot vositalari uchun qulay muhit yaratish, huquq faollari himoyasi, shuningdek, ayollar, bolalar huquqlari va mehnat huquqlarini hurmat qilish masalalari diqqat markazida bo‘lib qolishi ta’kidlandi. YeI ushbu sohalarda yordam berishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi.

Mavzuga oid