Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Makron, Meloni, Mers, Starmer va boshqalar Erondagi urush haqida bayonot berdi
Yevropa yetakchilari AQSh va Eronni yaqin kunlarda muzokaralar orqali urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olishga chaqirmoqda.
Foto: Getty images
Yevropaning yetakchi davlatlari rahbarlari, Yevropa Ittifoqi va Kanada rahbariyati AQSh va Eron o‘rtasidagi so‘nggi kelishuv yuzasidan qo‘shma bayonot bilan chiqdi. Xususan, ular ikki haftalik sulh kelishuvini olqishladi. Bu haqda Yevropa Kengashi saytida e’lon qilingan qo‘shma bayonotda aytiladi.
Ushbu bayonotga Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Italiya bosh vaziri Jorja Meloni, Germaniya kansleri Fridrix Mers, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Kanada bosh vaziri Mark Karni, Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen, Niderlandiya bosh vaziri Rob Yetten, Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches, Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen va Yevropa Kengashi prezidenti Antoniu Koshta imzo chekkan.
«Endi maqsad yaqin kunlarda urushni tez va uzoq muddatga to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar bo‘lishi kerak. Bunga faqat diplomatik vositalar yordamida erishish mumkin», deyiladi bayonotda.
Shu bois yetakchilar muzokaralar orqali jiddiy tartibga solish yo‘lida tez sur’atlarda borishga chaqirmoqda.
«Bu Eron tinch aholisini himoya qilish va mintaqada xavfsizlikni ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Bu jiddiy global energiya inqirozining oldini olishi mumkin», deyiladi bayonotda.
Shu bois yetakchilar tegishli diplomatik sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ular Qo‘shma Shtatlar va boshqa hamkorlar bilan yaqin aloqada.
«Biz barcha tomonlarni, jumladan Livanda ham, o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etishga chaqiramiz», deyiladi bayonotda.
Bundan tashqari, yetakchilar o‘z hukumatlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi erkinligini ta’minlashga ko‘maklashishini ta’kidlamoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp 8 aprel kuni Pokistonning Eronga hujumlarni ikki haftaga to‘xtatish taklifiga rozi bo‘lganini ma’lum qildi. Oq uy rahbarining ta’kidlashicha, AQSh avvaldan qo‘ygan barcha harbiy maqsadlariga «allaqachon erishgan va hatto undan ham ko‘prog‘iga erishgan».
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Erondan 10 banddan iborat taklif olgan va «bu muzokaralar uchun asos» deb hisoblaydi. Trampning fikricha, endi ikki haftalik muddat kelishuvni oxirigacha ishlab chiqish va imzolash imkonini beradi.