Jahon | 09:46 / 06.10.2025
14961
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvada o‘zini Shoyguning jiyani sifatida tanishtirgan o‘zbekistonlik ayol 100 mln rubldan ortiq pul o‘g‘irladi

Sherexon Osmonova pasport ma’lumotlarini Shere Shoyguga o‘zgartirib, moskvaliklarni aldab, keyin jabrlanuvchilarning pullarini olib yashiringan.

Foto: TASS / Ijtimoiy tarmoqlar

Moskva huquq-tartibot idoralari asli o‘zbekistonlik Shere Shoygu va uning familiyasini olgan turmush o‘rtog‘ini kriptovaluta birjasiga 100 million rubldan ortiq sarmoya kiritish bilan bog‘liq firibgarlik sxemasiga aloqadorlik bo‘yicha tekshirmoqda. Jabrlanuvchilardan uch nafarining advokati Said Yaraxmedovning TASS'ga aytishicha, aldangan moskvaliklar soni va ulardan o‘g‘irlangan pul miqdori ikki baravar oshishi mumkin.

«Biz huquq-tartibot idoralariga jinoyat sodir etishdan oldin familiyasini o‘zgartirgan Shere Shoygu va uning turmush o‘rtog‘iga nisbatan firibgarlik (Rossiya Jinoyat kodeksining 159-moddasi) bo‘yicha tergov o‘tkazish va jinoiy ish qo‘zg‘atishni so‘rab ariza berdik», — dedi himoyachi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gap kriptovaluta birjasiga sarmoya kiritish niqobi ostida moskvaliklarni aldash haqida ketyapti. 27 yoshli Sherexon Osmonova pasport ma’lumotlarini Shere Shoyguga o‘zgartirib, o‘zini Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoyguning jiyani sifatida ko‘rsatgan, so‘ng jabrlanuvchilarning pulini olib yashiringan, deya tushuntirdi Yaraxmedov.

«Jinoyatchilarning harakatlaridan ko‘rilgan taxminiy zarar hozirda 100 million rubldan oshadi, ammo holatlar soni va umumiy zarar ikki baravar oshishi mumkin», — deya ta’kidladi agentlik suhbatdoshi.

Mavzuga oid