Jahon | 10:01 / 23.12.2025
21438
7 daqiqa o‘qiladi

Bashar Asadning Moskvadagi hayoti: u nimalar bilan mashg‘ul?

24 yil mobaynida Suriyani boshqargan, bir yil oldin ko‘tarilgan isyon natijasida hokimiyatdan ag‘darilib, Rossiya maxsus xizmatlari yordamida mamlakatni tark etishga muvaffaq bo‘lgan Bashar Asad Moskvada pinhona hayot kechirmoqda. The Guardian nashri Rossiya va Suriyadagi manbalariga tayanib, uning quvg‘indagi hayoti haqida ayrim ma’lumotlarni aniqladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Asadlar oilasiga yaqin bo‘lgan shaxsning jurnalistlarga aytib berishicha, Suriyaning sobiq rahbari butunlay ihotalab qo‘yilgan.

U hozirda o‘zining asl kasbi bo‘lgan oftalmologiya bilan ovunmoqda va bu sohadagi bilimlarini chuqurlashtirish uchun darslarga qatnamoqda. Bashar Asad 1990-yillarda Londonda tibbiyot oliygohida tahsil olgan va rafiqasi Asma bilan o‘sha yerda tanishgan. U Suriyadaligida, fuqarolik urushi boshlanishidan oldin ham Damashqda muntazam tarzda oftalmologiya bilan shug‘ullangan. Endi esa u shifokor sifatida ishlashga va Moskva elitasi vakillarini davolash bilan shug‘ullanishga ham tayyor.

The Guardian suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Bashar Asad rus tilini ham katta ishtiyoq bilan o‘rganmoqda.

Nashr maqolasida yozilishicha, Asadlar oilasi hashamat ichida hayot kechirmoqda, ammo uning o‘zi tashqi dunyodan uzib qo‘yilgan – unga Suriya yoki Rossiya elitasi vakillari bilan aloqa o‘rnatishiga ruxsat yo‘q. U «faqat bir necha kishi» bilan gaplashishi mumkin. Bunday odamlar orasida prezident ishlari bo‘yicha sobiq vazir Mansur Azzam va sobiq iqtisodiy maslahatchisi Yassar Ibrohim bor.

Kremlga yaqin bo‘lgan manbaning nashrga aytishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Asadni endi muhim figura deb hisoblamaydi, chunki «hokimiyatdan mahrum bo‘lgan yetakchilarga uning toqati yo‘q». Moskvada suriyalik sobiq diktatorni endi nufuzli shaxs sifatida ham, hatto «kechki ovqatga taklif qilish mumkin bo‘lgan qiziqarli mehmon» sifatida ham ko‘rishmayapti.

So‘nggi vaqtlarda Asadlar oilasi vakili faqat bir marta ommaga ko‘rinish berdi, shu yil yozida uning qizi – 22 yoshli Zeyn Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutini tamomlagan va bitiruv marosimida qatnashgandi. U yerda sobiq diktatorning rafiqasi Asma va uning ikki o‘g‘li – 24 yoshli Hafiz va 21 yoshli Karim ham bor edi. Oila a’zolari e’tibor jalb qilmaslikka harakat qilishgan. Talabalardan biri oila uzoq vaqt qolmagani va boshqa oilalar kabi Zayn bilan sahnada suratga tushmaganini aytib bergan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Asadlar oilasi «Moskva-Siti»da bir nechta kvartiraga ega, shuningdek, Rublyovkada ham uylari bor. Bashar Asad Suriyadan kamida 250 million dollar naqd pul olib chiqib, Rossiya banklariga joylashtirgan.

Sobiq diktatorning ukasi Mohir Asad ham Moskvada yashaydi. Ilgari u Suriya Arab armiyasining 4-zirhli diviziyasiga – Suriya qo‘shinlarining elita bo‘linmasiga qo‘mondonlik qilgan. Bundan tashqari, Mohir Asad Yaqin Sharqda keng tarqalgan sintetik giyohvand modda – kaptagonni ishlab chiqaradigan va sotadigan davlat narkokartelining amaldagi rahbari edi.

Die Zeit nashri Bashar Asad Moskvada videoo‘yinlarga mukkasidan ketgani, Mohir Asad esa Four Seasons mehmonxonasida yashashi, u bu yerda ichish va chilim chekish bilan mashg‘ul ekani haqida yozgan.

Asadning farzandlari Birlashgan Arab Amirliklariga tez-tez tashrif buyurishadi. Oila hokimiyat tepasida bo‘lgan davrda ham BAA ularning sevimli dam olish maskani bo‘lgan. Hokimiyat qo‘ldan ketganidan keyin ham avvaliga Asadlar BAAga doimiy yashash uchun ko‘chib o‘tishga umid qilishgandi, chunki bolalar Moskvada moslashishda qiyinchiliklarga duch kelishgan. Ammo bu rejalardan voz kechishga to‘g‘ri kelgan. The Guardian qayd etishicha, ushbu mamlakat rasmiylari jamoatchilik fikri haqida unchalik qayg‘urmasa-da, Suriya sobiq diktatorini qabul qilish «hatto BAA uchun ham noqulay bo‘lardi».

Asadning o‘zi Rossiyaga qochib ketganidan keyingi dastlabki oylarda asosiy e’tiborini leykemiya tashxisi qo‘yilgan rafiqasining sog‘lig‘iga qaratgan. U Suriya rejimi qulashidan oldin ham Moskvada davolangandi. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, u «Rossiya maxsus xizmatlari nazorati ostida o‘tkazilgan eksperimental terapiya»dan so‘ng o‘zini yaxshi his qila boshlagan.

Endi Bashar Asad OAV bilan gaplashib, Suriyada sodir bo‘lgan voqealar bo‘yicha o‘z versiyasini bayon qilmoqchi. U allaqachon Rossiyaning Russian Today propagandachi kanali va o‘ng yo‘nalishdagi amerikalik podkastchilardan biri bilan intervyu o‘tkazishga kelishib olgan. Biroq, bu intervyular amalga oshishi uchun u Rossiya hukumatining ruxsatini kutmoqda.

2024 yil dekabr oyida Bashar Asadni ag‘darib, hokimiyatga kelgan Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a Rossiyadan Asad va uning atrofidagilarni topshirishni talab qilib kelmoqda. U joriy yil oktyabr oyida Moskvaga amalga oshirgan tashrifi vaqtida ham bu talabni Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yetkazgan, ammo hozircha ijobiy javob bo‘lmayapti.

Rossiya Asadning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan va Suriyada 2011 yilda boshlangan fuqarolar urushi paytida unga hokimiyatni saqlab qolishda yordam bergan. Diktator taxtdan ag‘darilganda esa, Rossiya unga siyosiy faoliyatdan voz kechish sharti bilan boshpana bergandi.

Oiladan tashqari Suriya elitasi ko‘plab vakillari hamda armiyaning yuqori martabali zobitlari hozirda Rossiyadan qo‘nim topgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Asad rejimi qulaganidan keyin Rossiyaga 1200 nafarga yaqin sobiq suriyalik zobit kelgan.

Ular Suriyada fuqarolik urushi davrida sudsiz qatllar amalga oshirish, shaharlarni artilleriyadan o‘qqa tutish va havodan bombardimon qilish, tinch aholi vakillarini o‘ldirish, taqiqlangan qurollar, jumladan kimyoviy qurollar qo‘llash hamda boshqa ko‘plab harbiy jinoyatlar uchun javobgar sanaladi.

Mavzuga oid