Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yadroviy kelishuv va strategik sheriklik bitimi – Vensning Kavkazga tashrifi tafsilotlari
AQSh vitse-prezidenti J.D. Vens Ozarboyjon bilan strategik sheriklik bitimini imzoladi. Yangi AES qurishni rejalashtirayotgan Armaniston bilan esa yadroviy kelishuv tuzdi. Bundan tashqari, Vens «armanlar genotsidi»ga doir postini o‘chirib tashladi. Kreml uning tashrifiga munosabat bildirdi.
Armaniston va Ozarboyjon o‘tgan yili Tramp bilan uchrashganidan so‘ng qariyb 40 yillik mojaroni yakunlash yo‘lida qadamlar tashlagan. Biroq hozircha rasmiy tinchlik shartnomasi imzolanmadi. Lekin, ayrim energetik yetkazib berishlar qayta tiklangan. Ushbu kelishuvlarning mantiqiy davomi o‘laroq AQShning eng yuqori martabali amaldori janubiy Kavkazga tashrif buyurdi.
Armaniston bilan kelishuvlar
9 fevral kuni Yerevanda Armaniston va AQSh fuqaroviy yadroviy sohada hamkorlik qilishga kelishib oldi. Yadroviy soha bo‘yicha kelishuvga oid bayonot Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va AQSh vitse-prezidenti J.D. Vens tomonidan imzolandi.
«123-kelishuv» deb ataladigan hujjat bo‘yicha erishilgan kelishuv AQShga boshqa davlatlarga yadroviy texnologiya va uskunalarni qonuniy litsenziyalash imkonini beradi.
Vensga ko‘ra, ushbu kelishuv Armanistonga AQShdan dastlabki bosqichda 5 milliard dollargacha eksportni ta’minlaydi. Shuningdek uzoq muddatli yoqilg‘i va texnik xizmat ko‘rsatish shartnomalari doirasida qo‘shimcha 4 milliard dollar beriladi.
«Bu kelishuv Armaniston va AQSh o‘rtasidagi energetika hamkorligini chuqurlashtirishda yangi sahifa ochadi», dedi Pashinyan Vens bilan qo‘shma matbuot anjumanida.
Armaniston energiya ta’minotida uzoq yillar davomida Rossiya va Eronga qattiq qaram bo‘lib kelgan. Ularda Rossiya qurib bergan eskirgan Metsamor atom elektr stansiyasi bor. Yerevan hozirda AQSh, Rossiya, Xitoy, Fransiya va Janubiy Koreya kompaniyalarining yangi yadroviy reaktor qurish bo‘yicha takliflarini ko‘rib chiqmoqda.
Hozircha yakuniy tanlov qilinmagan, biroq dushanba kungi e’lon AQSh taklif qiladigan loyiha tanlanishi uchun yo‘l ochadi. Bu esa an’anaviy ravishda Janubiy Kavkazni o‘z ta’sir doirasi deb bilib kelgan Rossiya uchun zarba bo‘lishi mumkin.
«Tramp yo‘lagi» haqida
Vens tashrifi davomida «Xalqaro tinchlik va farovonlik uchun Tramp yo‘lagi (TRIPP)» deb atalgan tashabbusni ilgari surishga harakat qildi. Taklif etilayotgan 43 kilometrlik yo‘lak Armaniston janubi orqali o‘tadi. U Ozarboyjonga o‘zining Naxchivon eksklaviga, u yerdan esa ittifoqchisi bo‘lgan Turkiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkonini beradi.
Ushbu yo‘lak Osiyo va Yevropani yanada yaxshiroq bog‘laydi. Vashington uchun muhim jihati shundaki, G‘arb davlatlari Rossiyadan energiya va savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga intilayotgan bir paytda Rossiya va Eronni chetlab o‘tadi.
Reuters’ning yozishicha, yo‘lak – yangi yoki modernizatsiya qilingan temiryo‘l infratuzilmasi, neft va gaz quvurlari hamda optik tolali kabellarni nazarda tutadi. Yo‘lak chegaralari yopiq va uzoq yillik etnik mojarolar bilan ajralib turadigan Janubiy Kavkaz mintaqasini tubdan o‘zgartirishi kutilmoqda.
«Umidimiz shuki, (TRIPP) iqtisodiy hamkorlikni, tabiiy resurslar va muhim foydali qazilmalar bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi. Shu bilan birga Ozarboyjon hamda Armaniston o‘rtasidagi ushbu tarixiy tinchlik kelishuvining chinakam barqaror bo‘lishini ta’minlaydi», dedi Vens Aliyev bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Bokudagi kelishuvlar
Seshanba kuni Vens Ozarboyjonga uning qo‘shnisi va uzoq yillik raqibi Armanistonga tashrifidan so‘ng keldi. AQSh va Ozarboyjon Bokuda strategik sheriklik to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi.
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va AQSh vitse-prezidenti imzolagan kelishuv iqtisodiy va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni qamrab oladi.
Aliyevning aytishicha, Boku va Vashington mudofaa va sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikda «mutlaqo yangi bosqich»ga o‘tmoqda. Shuningdek energetik xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlik davom ettiriladi.
AQSh Janubiy Kavkazda energetik kirishni qo‘llab-quvvatlashga intilmoqda. Nashrning yozishicha, Vens AQSh Ozarboyjonga uning hududiy suvlarini himoya qilishda yordam berish uchun soni oshkor etilmagan kemalar yuborishini aytgan.
Ozarboyjon esa mintaqada AQSh uchun ishonchli hamkor sifatidagi salohiyatini namoyish etishga intilmoqda.
«Ozarboyjon o‘zini Rossiya va Eron o‘rtasida G‘arbga yo‘naltirilgan barqarorlik oroli sifatida pozitsiyalashi muhim», deya energetika siyosati bo‘yicha tadqiqotchi Rauf Mammadovning so‘zlarini keltirmoqda Reuters.
Vensning o‘chirib yuborilgan posti
Tashrif davomida AQSh vitse-prezidenti idorasi qiziq diplomatik xatoga yo‘l qo‘ydi.
9 fevral kuni AQSh vitse-prezidenti va ikkinchi xonimi «1915 yilgi Arman genotsidi qurbonlarini sharaflash uchun» Arman genotsidi yodgorligiga gulchambar qo‘ydi. Keyinroq Vensning X akkauntida bu haqda yozilgan post o‘chirildi.
Chunki, postda ma’muriyat siyosatidan chetga chiqib, Arman genotsidi tilga olingandi. Prezident Donald Tramp esa “Arman genotsidi”ni tan olmagan.
Jurnalistlar savollariga javoban, Vens idorasi rasmiysi mazkur post delegatsiya tarkibiga kirmagan xodimlar tomonidan xato ravishda joylashtirilganini bildirdi.
Jo Bayden 2021 yilda «Arman genotsidi»ga doir da’volarni rasman tan olgan AQShning ilk prezidenti bo‘lgandi. Biroq Tramp buni tan olishdan bosh tortgan. New York Times'ning yozishicha, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an genotsidni qat’iyan rad etadi va ushbu atamani ishlatmaslik uchun AQShga bosim o‘tkazib keladi.
Rossiyaning munosabati
AQSh vitse-prezidenti tashrifidan so‘ng, Rossiya har ikkala mamlakat bilan munosabatlarini yanada rivojlantirish niyatida ekanini bildirdi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ozarboyjon va Armaniston suveren davlatlar ekanini ta’kidlagan. Shu bilan birga Moskva har ikki mamlakat bilan chuqur va o‘zaro manfaatli aloqalarga ega ekanini bildirdi.
«Bizda Boku va Yerevan bilan ikki tomonlama munosabatlarning ulkan ko‘lami mavjud bo‘lib, u deyarli barcha sohalarni qamrab oladi. Va, albatta, biz hamkorlarimiz bilan munosabatlarimizni yanada rivojlantirish niyatidamiz, toki ular nafaqat biz uchun, balki ular uchun ham foydali bo‘lsin», degan Kreml so‘zchisi.
Peskovning aytishicha, Armanistonda qurilishi mumkin bo‘lgan har qanday yangi atom elektr stansiyasi bo‘yicha tenderda Rossiya qulay pozitsiyada turadi.
«Ushbu sohada dunyodagi eng ilg‘or davlat sifatida Rossiya xalqaro raqobatning eng yuqori darajasiga bardosh bera oladi. Agar hamkorlar shunday raqobatni talab qilsa, Rossiya uzoq yillar davomida pastroq xarajat evaziga yuqori sifatni taqdim etishga qodir», dedi Peskov.
Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin yangi AES bo‘yicha Rossiya taklifi eng maqbul variant ekanini, davlat yadroviy korporatsiyasi Rosatom uni amalga oshirishga tayyorligini aytdi.
«Rosatom, albatta arman do‘stlarimizning istaklariga muvofiq, ushbu loyihani juda tez amalga oshirishga tayyor», degan Galuzin Izvestiya nashriga bergan intervyusida.
«Ishonchli, sinovdan o‘tgan texnologiyalar mavjudligi, shuningdek moliyaviy parametrlarning jozibadorligi nuqtai nazaridan haqiqiy muqobillar yo‘q,» deydi u.
Yerevanda faoliyat yurituvchi siyosatshunos Narek Sukiasyanning aytishicha, armanlar uchun hozircha ustuvor tanlov AQSh tomoni bo‘lib ko‘rinmoqda.
«Armanistonning Rossiyaga ko‘p qirrali qaramligini hisobga olsak, yadroviy hamkorlik masalasida hamkorlarni diversifikatsiya qilish siyosiy ustuvor vazifadir», degan u.
Mavzuga oid
13:13 / 03.04.2026
Yaqin Sharqdagi urush: Erondagi eng baland ko‘prik vayron qilindi
23:32 / 02.04.2026
AQSh bosh prokurori Pem Bondi iste’foga chiqadi
21:32 / 02.04.2026
AQShda 51 yil avvalgi qotillik DNK texnologiyasi yordamida fosh etildi
21:19 / 02.04.2026