O‘zbekiston | 11:10 / 30.10.2023
36398
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston armiya qudrati bo‘yicha 87 davlat orasida 18-o‘rinni egalladi

News & World Report jahon davlatlarini armiya qudrati bo‘yicha taqqoslab chiqdi. Navbatdagi tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 87 davlat orasida 18-o‘rinni egalladi. 

Foto: Kun.uz

Tadqiqotga ko‘ra, Rossiya dunyodagi eng kuchli armiyaga ega mamlakat bo‘lib qolmoqda, undan keyin - AQSh va Xitoy. Isroil 4-o‘rinda, Ukraina esa 6-pog‘onada. Ulardan tashqari dunyoda eng kuchli armiyaga ega 10 ta davlat orasiga Janubiy Koreya, Eron, Buyuk Britaniya, Germaniya va Turkiya kiradi. 

Lyuksemburg, Singapur va Estoniya qurolli kuchlari eng zaif armiyalar deb tan olindi. 

Reyting 36 mamlakatda 17,2 ming kishi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma asosida tuzilgan. Barcha mamlakatlar individual javoblar kombinatsiyasi asosida 73 mezon bo‘yicha baholandi. 

O‘zbekiston armiya qudrati bo‘yicha Qozog‘istondan 0,2 ballga oldinda – mos ravishda 16 va 15,8 ball. Shu bilan birga, Qozog‘iston avvalroq ikki yil ketma-ket oldinda edi: 2021 yilda – 25,6 va 21,5 ball, 2022 yilda – 12,6 va 10,8 ball.

Eng kuchli armiyaga ega davlatlar orasida Qo‘shma Shtatlar 2021 yilda Xitoydan 97,6 ball to‘plagan holda 97,4 ball bilan ikkinchi o‘rinni tortib oldi va ketma-ket uchinchi yil bu o‘rinni egallab turibdi. 

Ukraina o‘z mavqeyini sezilarli darajada mustahkamladi: tadqiqotga ko‘ra, 2023 yilda u 73,6 ball to‘plagan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 65,6 ballni tashkil etgan, 2021 yilda esa atigi 38,6 ballni tashkil qilgan. 

Stokholm tinchlikni o‘rganish xalqaro instituti (SIPRI) ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng katta harbiy budjetga ega. 2022 yilda u 1,1 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, Qirg‘iziston va Tojikistonda bu ko‘rsatkich mos ravishda 149,8 million va 103,5 million dollarni tashkil qilgan. O‘zbekistonning harbiy xarajatlari to‘g‘risida ma’lumotlar yo‘q.

Dunyodagi eng kuchli armiyaga ega bo‘lgan mamlakatlar o‘rtasida harbiy xarajatlar juda katta farq qiladi. 2022 yilda Rossiyaning harbiy xarajatlari 86,4 milliard dollarni tashkil etdi, bu AQShdan 10 baravar kam - 876,9 milliard dollar. Xitoyning harbiy xarajatlari 292 milliard dollarni tashkil etdi. Ta’kidlash joizki, ta’sirchan miqdorlarga qaramay, har uch mamlakat ham armiyaga xarajatlarni oshirdi: AQSh va Xitoy - mos ravishda 8,8 foiz va 2,1 foizga, Rossiya - deyarli uchdan biriga. 

Ukrainaning 2022 yil uchun harbiy xarajatlari SIRPI ma’lumotlariga ko‘ra 44 milliard dollarni tashkil etgan, bu 2021 yilga nisbatan 7,4 baravar ko‘pdir. 

Mavzuga oid