O‘zbekiston | 19:00 / 28.04.2026
1811
3 daqiqa o‘qiladi

«Aksiyadorlardan qarzdorlik yo‘q, kompensatsiya masalasida sudlashyapmiz» – Toshkent yog‘-moy kombinati AJ

Kun.uz Yashnobod tumanidagi Toshkent yog‘-moy kombinati ishchilarning haqi to‘lanmay tugatib yuborilgani haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Aksiyadorlik jamiyati vakillari ushbu material bo‘yicha munosabat bildirdi.

Kombinatning aksiyadorlaridan qarzdorligi yo‘q, ishchilar da’vo qilayotgan kompensatsiya to‘lovlari bo‘yicha yuqori instansiya sudlariga shikoyat kiritganmiz, demoqda ular.

Yashnobod tumanida «Toshkent yog‘-moy kombinati» nomi bilan mashhur ishlab chiqarish kombinati ishchilarning haqi hisob-kitob qilinmay tugatilgani, ammo sud qarori bilan qayta tiklangani, haqdorlarga to‘lovlar undirib berilmayotgani haqida surishtiruv e’lon qilingandi.

Ko‘rsatuvda kombinatning sobiq ishchilari ish haqi va jamiyatning aksiyadori sifatidagi ulushlaridan divident to‘lab berilmagani haqida gapirgandi.

Toshkent yog‘-moy kombinati tugatuvchisi I.Irnazarov va bosh buxgalteri Vahobjon Kenjayev holatning boshqa tafsilotlari bilan bo‘lishdi.

U Toshkent yog‘-moy kombinati aksiyadorlik jamiyati tugatilgan vaqtda (2025 yil may) hech qanday qarzdorligi bo‘lmagani va bu korxonani ixtiyoriy tugatish jarayonida ishtirok etuvchi vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangani haqida aytadi.

Sud tomonidan belgilangan qarzdorlik korxonaning 2023-2024 yillardagi faoliyati davriga mansub bo‘lib, Mehnat kodeksining 330-moddasiga asosan hisoblangan kompensatsiya va bu to‘lovlar bo‘yicha majburiyat jamiyat tugatilib, davlat reyestridan chiqarilganidan so‘ng vujudga kelgan. Aksiyador sifatida ulushlarida ham tugatish bosqichida barcha tartib-qoidalarga amal qilingan, qarzdorliklar yo‘q, deydi V.Kenjayev.

«Ishchilarga kompensatsiya to‘lash majburiyatini yuklovchi sud qarorlarini bekor qilish bo‘yicha yuqori instansiya sudlariga shikoyat kiritilgan, chunki bu summalar asossiz», deydi AJ vakili.

Kun.uz’ga taqdim etilgan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2026 yil 26 martdagi hal qiluv qaroridan ko‘rinishicha, D.Aldanazarova va boshqalar (Toshkent yog‘-moy kombinati aksiyadorlari) iqtisodiy sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar Toshkent yog‘-moy kombinati AJ aksiyadorlari umumiy yig‘ilishining 2023 yil 17 iyundagi qarori va kuzatuv kengashining 2023 yil 19 iyundagi (jamiyatni tugatish to‘g‘risidagi) qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.

Sud da’vo talablarini qanoatlantirishni rad etgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid