Sport | 11:45 / 04.03.2026
8227
4 daqiqa o‘qiladi

«Barsa» 3 ta javobsiz gol urdi, ammo finalga chiqolmadi

O‘yin davomida ikki futbolchisidan ayrilgan kataloniyaliklarga yana bitta gol yetmay qoldi. «Atletiko» uzoq kutilgan sovrinni qo‘lga kiritishi mumkin.

Foto: Alex Caparros/Getty Images

«Barselona» – «Atletiko» 3:0
Gollar:
Bernal, 29 (1:0). Rafinya, 45+5 – penalti (2:0). Bernal, 72 (3:0)
«Barselona»: Garsiya, Kubarsi, Martin, Joau Kanselu, Kunde (Balde, 13, Arauxo, 71), Pedri, Bernal, Fermin Lopes (Olmo, 64), Rafinya, Yamal, Torres (Reshford, 64)
«Atletiko»: Musso, Gansko, Pubil, Rudjyeri, Liorente, Kardozo, Koke (Molina, 58), Lukman (Syorlot, 58), Simeone (Ximenes, 76), Grizmann, Alvares (Baena, 69)
Ogohlantirishlar: Olmo, 66. Joau Kanselu, 67. Yamal, 90 – Baena, 90

«Barselona» tarix yaratishga yaqin keldi: Ispaniya Kubogi yarimfinali javob uchrashuvida «Atletiko» 3:0 hisobida mag‘lub etildi, ammo kambek uchun yana bitta gol yetmay qoldi.

Birinchi o‘yinda 4 gol ustunligini yuzaga keltirgan Simeone jamoasi 2013 yildan buyon ilk bor Ispaniya kubogi finaliga chiqdi. Ammo u shogirdlari ko‘rsatgan o‘yindan qoniqish hosil qilgani dargumon.

«Barsa» tanaffusgacha ikkita gol urdi. Ammo Kundedan ayrildi

«Barsa» kutilganidek ilk daqiqalardan oldinga tashlandi. 13-daqiqadayoq jarohat tufayli Jyulya Kunde safdan chiqdi.

Ammo jamoa o‘yin tempini tushirmadi va bosim qilishda davom etdi: Ferran Torres ikkita yaxshi vaziyatdan foydalana olmadi, 29-daqiqada esa Lamin Yamal o‘zini ko‘rsatdi – u ikki raqibdan osonlik bilan qochib ketib, to‘pni darvozabon hududiga oshirdi, u yerda Mark Bernal barchadan ildamroq harakat qildi va deyarli bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etdi. 

Shundan keyin «Barsa» tempni biroz tushirdi. «Atletiko» bir necha qiziqarli hujumlar uyushtirdi: masalan, jamoaning yangi forvardi Ademola Lukman hisobni tenglashtirishga yaqin keldi. Ammo Simeone shogirdlari o‘z vaziyatlaridan foydalana olmadi, kataloniyaliklar esa tanaffus arafasida oradagi farqni ikkitaga oshirdi – Rafinya penaltini aniq ijro etdi.

11 metrlik jarima zarbasini esa Pedri ishladi: madridliklar himoyachisi Mark Pubil uni jarima maydoni ichida yiqitdi.

O‘yindan oldingi matbuot anjumanida Hansi Flik finalga chiqish uchun har bir bo‘limda ikkitadan gol urish vazifasi turgani haqida gapirgandi. «Barsa» vazifaning birinchi qismini bajardi.

Ikkinchi bo‘lim: ikkinchi jarohat, uchinchi gol va qo‘rqib ketgan Simeone

Ikkinchi bo‘limda «Barselona» uchinchi golni urishga qiynaldi. Jamoa qariyb yarim soat mobaynida Simeone jamoasining quyi blokini yorib o‘tishga behuda urindi.

71-daqiqada esa «Barsa»da ikkinchi majburiy o‘zgarish ro‘y berdi – birinchi bo‘limda Kunya o‘rniga tushgan Alexandro Balde o‘rnini Ronald Arauxoga bo‘shatib berdi. Biroz o‘tib kataloniyaliklar hisobni 3:0 ko‘rinishiga keltirishdi – va bu hujumda urugvaylik himoyachi raqiblardan birini o‘ziga jalb qildi va Bernal dublni rasmiylashtirishiga yordam berdi.

Vaziyat VAR orqali ko‘rib chiqilib, futbolchi ofsaydda emasligi tasdiqlandi va gol inobatga olindi.

«Barsa» kambek amalga oshirishiga yana bir gol qolgandi. O‘yinning so‘nggi qismini Simeone maydon chetida xavotir bilan kuzatishiga to‘g‘ri keldi.

«Atletiko» butun o‘yin mobaynida jarima maydoni atrofida himoyalandi va yakunda to‘rtinchi golni o‘tkazib yubormaslikni uddaladi.

«Barselona» turnirni chiroyli tarzda tark etdi. «Atletiko» esa 2013 yildan buyon ilk bor Ispaniya kubogini qo‘lga kiritish uchun harakatni davom ettiradi. Simeone shogirdlariga finalda «Real Sosiyedad» va «Atletik» juftligi g‘olibi raqib bo‘ladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid