Jamiyat | 17:43 / 12.08.2020
41062
4 daqiqa o‘qiladi

4 sotix tomorqada tadbirkorlikning 7 turi - namanganlik oilaviy tadbirkor xonadonida

Oilaviy tadbirkorlik yaxshigina daromad manbayi ekanini bugungi pandemiya davrida ko‘pchilik his etib turibdi. Inqiroz tomorqasidan muntazam daromad olayotgan odamlarga ko‘p ham ta'sir o‘tkazmayapti, deyish mumkin. Buni namanganlik Shamil aka Ishmatov xonadoni misolida ham ko‘rish mumkin.

U 7 xil yo‘nalishda ko‘pchilikka ibrat qilib ko‘rsatsa arziydigan ishlarni amalga oshirib, shunga yarasha mo‘maygina daromad ham olmoqda.

Namangan shahrining Nurobod massivida yashovchi Shamil aka atigi 4 sotix yer maydoniga ega. Tadbirkorlik salohiyatini ishga solib, ana shu mo‘'jazgina yerni baraka manbayiga aylantirgan.

Xususan, u kichkina basseynlarda laqqa va sazan baliqlarini parvarish qilmoqda. O‘zining aytishicha, bitta basseynda mingtagacha baliqni 1 kilogrammga yetguncha boqish mumkin. Keyin ularni ikkita basseynga ajratib, 2,5 kilogrammgacha yetkazsa bo‘ladi. Basseyndagi suvdan esa ekinlarni sug‘orish uchun «sharbat» sifatida foydalanish imkoniyati bor.

Shuningdek, qahramonimiz kichkina hovuzchada aranda baliqlarini ko‘paytirmoqda. Bu baliqlar juda chiroyli, yaqinroq borsangiz, darhol oldingizga suzib keladi, eng muhimi – asabingizni tinchlantiradi va xaridorlari ko‘p. Bitta baliqning taxminiy narxi 100 ming so‘mgacha boradi.

E'tiborli tomoni shundaki, Shamil Ishmatovning xonadonida o‘rdak, quyon va bedanalar parvarishi ham yo‘lga qo‘yilgan. Bedanalari ayni paytda 2,5 ming dona atrofida. Ulardan har kuni tuxum olinadi va xaridorlarga yetkazib beriladi. O‘rdak va quyonlar ham ayni paytda xaridorgir.

Tadbirkor bular bilan cheklanib qolmasdan maxsus issiqxona qurib, u yerda pavloniya daraxti ko‘chatlarini yetishtirmoqda. Ular urug‘idan ko‘paytiriladi, keyin tuvaklarda parvarish qilinadi. Bo‘yi o‘sgach, tomorqadagi ekin maydoniga o‘tqaziladi.

Ayni o‘sha joyda, pavloniya ko‘chatlari orasiga asalarilar ham joylashtirilgan. Hozircha ularning 10 oilasi parvarish qilinmoqda. Qahramonimizning aytishicha, bu yil ulardan 120 kilogramm tabiiy toza asal olingan.

Issiqxonada, shuningdek, Kaliforniya va Germaniya chuvalchanglari boqiladi. Ular yordamida biogomus olinadi.

Tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan dastlabki yillarida Shamil akadan baliq, quyon, o‘rdak yoki bedana xarid qilganlar ozuqasini qayerdan topish mumkinligini so‘rab surishtirar edi. Shuni hisobga olgan tadbirkor alohida savdo do‘konini ochib, xaridorlarga turli xil ozuqalarni ham yetkazib bermoqda.

Darvoqe, bu xonadonda hamma ishlar tejamkorlik asosida yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, barcha daraxt ko‘chatlari va ekinlar tomchilatish usuli bilan sug‘oriladi. Endilikda gidroponika tizimi ham sinab ko‘rilyapti. Ya'ni, tadbirkor o‘simliklarni tuproqsiz muhitda o‘stirishni yo‘lga qo‘ymoqda.

Shuncha ishlarni ko‘rgan odam, tabiiyki, daromadi bilan qiziqadi. Biz ham xonadon sohibidan yillik daromadi haqida so‘radik. Lekin u kamtarlik qildimi, yoki xalqona aytganda «barakasi uchmasin» dedimi, har holda o‘zingiz chamalab olavering, dedi. Chamalab ko‘rdik va Shamil akaning yillik daromadi 200 million so‘m atrofida bo‘lsa kerak, degan to‘xtamga keldik.

Aslida gap pulda ham emas. Eng muhimi – tadbirkor o‘zi yoqtirgan ishlar bilan mashg‘ul va bu uning xonadoniga baraka olib kelyapti.

Elmurod Ermatov

Mavzuga oid