Jamiyat | 11:40 / 15.03.2018
4198
3 daqiqa o‘qiladi

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning reabilitatsiyasi bilan maxsus jamg‘arma shug‘ullanadi

Vazirlar Mahkamasining 9.03.2018 yildagi 190-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
 
Hujjat Prezidentning 1.12.2017 yildagi «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5270-son Farmonini bajarish maqsadida qabul qilindi. 
 
Jamg‘armani tashkil etishdan maqsad:

• nogironligi bo‘lgan shaxslarning ahvolini yaxshilash;
• ularga tibbiy-ijtimoiy yordam berish va reabilitatsiya sifatini oshirish;
• protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitatsiya vositalarini ishlab chiqarishni modernizatsiya qilishga va texnologik yangilashga ko‘maklashish.
 
Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari:

• nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, shuningdek ularni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam miqdorini yaratishga doir mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari bajarilmaganligi uchun belgilangan tartibda solinadigan jarimalar summasining 10%i miqdoridagi ajratmalar;
• yuridik va jismoniy shaxslarning, xalqaro tashkilotlarning homiylik xayriyalari hamda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
 
Jamg‘arma moliyalashtiradigan tadbirlar:

• nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, texnik reabilitatsiya vositalari va kreslo-aravachalar bilan ta'minlash;
• nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish, organizmning izdan chiqqan yoki yo‘qolgan funksiyalarini tiklash va ularni kompensatsiya qilish, hayot faoliyati cheklanganligini bartaraf etish;
• mazkur shaxslarga jamiyat hayotida boshqa fuqarolar bilan teng ishtirok etish imkoniyatlarini yaratish;
• nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yo‘naltirilgan ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari faoliyatiga ko‘maklashish;
• ular uchun ixtisoslashtirilgan ish o‘rinlarini tashkil etish;
• protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitatsiya vositalarini ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish.
 
Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishi Jamg‘arma Kengashi tomonidan nazorat qilinadi. Uning tarkibiga nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qiluvchi va ko‘maklashuvchi jamoat birlashmalari vakillari kiritiladi.
 
Hujjat 12.03.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid