Jahon | 15:40 / 12.09.2025
6802
7 daqiqa o‘qiladi

“Bu oddiy temir-tersakni qaytarish masalasi emas” - siyosatshunoslar «Tolibon» talab qilayotgan uchoqlar haqida nima deydi?

«Tolibon» AQSh tomonidan avvalgi Afg‘oniston hukumatiga topshirilgan harbiy uchoqlarni nima sababdan talab qilmoqda? Siyosatshunoslar fikricha, “Bu talab ortida shunchaki texnikani emas, balki xalqaro legitimlikni qo‘lga kiritish, mintaqaviy bosimni kuchaytirish va suverenitetni tan oldirish kabi murakkab siyosiy strategiyalar yotibdi”. “Geosiyosat”da tahlilchilar mazkur mavzu xususida so‘z yuritdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Tolibon» nima maqsadda avvalgi Afg‘oniston hukumatiga berilgan AQSh uchoqlarini talab qilyapti?

Jahongir Akramov: Hozirgi vaqtda Afg‘oniston xalqaro hamjamiyat tomonidan rasman tan olinmagan Afg‘oniston Islom Amirligi (Tolibon) tomonidan boshqarilmoqda. O‘zbekiston hududiga kirib kelgan Afg‘onistonga tegishli harbiy samolyot va vertolyotlar masalasi esa murakkab xalqaro huquqiy va siyosiy muammolarni yuzaga keltirmoqda. Bu harbiy texnikalar asosan AQShda ishlab chiqarilgan va avvalgi Afg‘oniston Islom Respublikasi hukumatiga AQSh tomonidan beg‘araz yordam sifatida taqdim etilgan edi. Ushbu texnikalar aynan o‘sha hukumatning mulki hisoblanadi. Hozirgi «Tolibon» hukumati esa hozircha xalqaro miqyosda tan olinmagan. Shu sababli ularning harbiy texnikalarni qaytarib olish haqidagi da’volari xalqaro huquq normalariga zid. Afg‘onistonning bu boradagi siyosiy harakati ko‘plab kuzatuvchilar fikricha, asosan axborot maydonida bosim o‘tkazishga qaratilgan. Maqsad axborotni trendga aylantirib, muhokamalar orqali siyosiy bosim kuchaytirish.

Shu orqali «Tolibon» hukumatining asosiy maqsadlaridan biri mintaqaviy davlatlar, xususan O‘zbekiston tomonidan de-fakto bo‘lsa-da tan olinishga erishishdir. Rossiya va Xitoy bilan boshlangan muloqotlardan so‘ng ular Markaziy Osiyodagi davlatlardan ham shunday yondashuv kutmoqda. Bundan tashqari, Afg‘onistonning ushbu harakatlari Eron va Pokiston bilan murakkab munosabatlar fonida yuz bermoqda. Masalan, Eron matbuotida yoz oylarida afg‘on muhojirlari Isroil va AQSh hujumlari bilan bog‘liq holatlarda gumon ostida qolganliklari haqida xabarlar tarqaldi. Bu esa Eron-Afg‘oniston munosabatlarining sovishiga sabab bo‘ldi. Pokiston bilan munosabatlar ham o‘ziga xos. Pokiston hududida faoliyat yurituvchi “Tehrik-e Tolibon” kabi guruhlar «Tolibon»ning mintaqaviy bo‘limlari sifatida qaralmoqda. Bu holat Pokiston tomonidan separatizm deb baholanadi va bu ikki mamlakat o‘rtasida bir necha bor to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan. Shu jihatdan olib qaraganda, Afg‘oniston hukumati o‘z harbiy salohiyatini kuchaytirish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishga urinmoqda. Shu jumladan, xorijda qolgan yoki boshqa davlatlar hududiga tushib qolgan harbiy texnikalarni ham qaytarib olishni ko‘zlamoqda. Ammo bu masalada O‘zbekiston o‘zining milliy manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishi kerak. Har qanday tashqi siyosat avvalo milliy manfaatlarga tayanadi. Bu texnikani topshirish xalqaro miqyosda xavfli pretsedent yaratishi mumkin. Tarixdan ma’lumki, bunday holatlar boshqa davlatlar tomonidan ham talablar shakllanishiga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday, O‘zbekiston ham bu masalada o‘z pozitsiyasini saqlab qolishi lozim. O‘zbekiston Afg‘onistonning do‘st qo‘shnisi sifatida uning tinchlik va barqarorlik sari harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi, ammo bu hamisha o‘z milliy manfaatlariga zarar yetkazmagan holda amalga oshirilishi zarur.

Alouddin Komilov: Umuman olganda, Afg‘onistonga tegishli harbiy samolyotlar mavzusi doim muhokamada bo‘lib kelgan va bundan keyin ham davom etishi kutiladi. Bu oddiy temir-tersakni qaytarish masalasi emas, bu, asosan, siyosiy bosim va legitimlik vositasi sifatida ko‘rilmoqda.

«Tolibon» Afg‘oniston ichkarisidagi hamda tashqarisidagi barcha harbiy va moddiy meros ustidan suverenitet o‘rnatishga urinmoqda. Bu samolyotlar ham aynan shunday meroslardan biri sifatida baholanmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston, Tojikiston va hattoki AQSh ham, ushbu samolyotlarning qaytarilishi oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik va huquqiy muammolar haqida o‘ylashga majbur.

Mazkur masalaning uchta asosiy strategik jihatini ajratib ko‘rsatish mumkin:

1. «Tolibon» nuqtayi nazaridan

«Tolibon» bu samolyotlarni o‘zlariga tegishli, ya’ni Afg‘oniston Islom Amirligining mulki deb biladi. Ularning fikricha, ushbu texnika mamlakat chegaralarini himoya qilishda, ayniqsa hududda faoliyat yuritayotgan “IShID-Xuroson” kabi terroristik guruhlarga qarshi kurashda ishlatilishi kerak. Ammo amalda bu samolyotlardan foydalanish imkoni mavjud emas: G‘arb tomonidan ta’minot to‘xtatilgan, kerakli uchuvchilar tayyor emas. Ya’ni texnik jihatdan ularni ishlatish deyarli imkonsiz.

2. AQSh nuqtayi nazaridan

AQSh bu samolyotlarni avvalgi, xalqaro miqyosda tan olingan Afg‘oniston hukumatiga himoya maqsadida berganini ta’kidlaydi. Ular «Tolibon» hukumatini tan olmaydi va bu texnikani qaytarish xalqaro normalarga zid ekanini aytmoqda.

Agar O‘zbekiston bu texnikani qaytarib bersa, AQSh yoki xalqaro hamjamiyat tomonidan sanksiyalarga uchrashi mumkin. Bu esa tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar uchun jiddiy xatar tug‘diradi.

3. O‘zbekiston nuqtayi nazaridan

Agar O‘zbekiston bu samolyotlarni «Tolibon»ga topshira boshlasa, bu amalda ularni tan olishdek talqin qilinishi mumkin. Chunki rasmiy huquqiy asos yo‘q. Qaytarish ularning talablarini qanoatlantirish va suverenitetini bilvosita tan olish deganidir.

Bunday qadam «Tolibon»ning talablarini kuchaytirishi, diplomatik bosimni oshirishi mumkin. Shu bilan birga, bu g‘arb bilan munosabatlarning sovishiga, xalqaro pozitsiyamizning zaiflashishiga olib kelishi ehtimoli bor. Bu masala oddiy harbiy texnika emas, balki murakkab siyosiy va diplomatik zamin bilan bog‘liq. Har bir qaror, ayniqsa, texnika taqdiri bo‘yicha qabul qilinadigan qaror, nafaqat Afg‘oniston bilan, balki global hamjamiyat bilan munosabatlarga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli O‘zbekiston bu masalaga ehtiyotkorlik va milliy manfaatlar asosida yondashishi lozim.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid