Jahon | 10:30 / 10.10.2024
8160
4 daqiqa o‘qiladi

Shiorini hayqirgan Orban va Bella Ciao'ni kuylagan so‘llar: YePda Vengriya bosh vaziri bilan keskin munozara yuz berdi

Vengriya bosh vaziri Orban Yevroparlamentda o‘z mamlakatining Yevropa Ittifoqiga raislik qilish maqsadlarini e’lon qildi, bunga javoban deyarli barcha fraksiyalar deputatlari uning bayonotlarini keng tanqid ostiga oldi.

Foto: Philippe BUISSIN/ European Union

Yevroparlament a’zolari Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan munozaralar chog‘ida uni Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqinlikda ayblab, asosiy huquq va erkinliklarning buzilishi, shuningdek, Vengriyadagi korrupsiyaning yuqori darajasini keskin qoralashdi. 9 oktyabr, chorshanba kuni Strasburgda konservatorlardan tortib so‘llargacha bo‘lgan keng ko‘lamli siyosiy kuchlar vakili bo‘lgan ko‘plab yevropalik parlamentariylar Orbanga qarshi chiqishdi.

Deputatlar Orbanning nutqidan hayratda qolishdi

Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen o‘tgan yozda Orbanning keng tanqid qilingan «tinchlik tashabbusi»ni esladi, unda u boshqa narsalar qatorida Vladimir Putin va Donald Tramp, shuningdek, Xitoy rahbari Si Jinpinning oldiga Bryussel bilan kelishmasdan turib tashrif buyurgan. Urush sababini «Putinning hokimiyatga intilishida emas, balki Ukrainaning erkinlikka chanqoqligida» ko‘rayotganlar hamon bor», — dedi u.

O‘z navbatida, Yevropa xalq partiyasi (YeXP) raisi Martin Veber Orban o‘z nutqida Ukrainadagi urush haqida bir og‘iz so‘z aytmaganidan «hayratda» ekanini aytdi. U vengriyalik siyosatchining Putin, Tramp va Si bilan uchrashuvlarini qoralab, ularni «avtokratlar uchun tashviqot shousi» deb atadi.

Ko‘p sonli ma’ruzachilar orasida Orbanning Vengriyadagi asosiy raqiblaridan biri – konservativ «Hurmat va erkinlik» (TISZA) partiyasi rahbari, hozir Yevropa parlamenti a’zosi bo‘lgan Piter Madyar ham bor edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Orban davrida Vengriya «Yevropa Ittifoqidagi eng korrupsiyalashgan mamlakatlardan biriga aylandi».

Orban deputatlarni Vengriyaga qarshi «intifada»da aybladi

O‘z navbatida, 2010 yildan beri hokimiyatda bo‘lgan venger o‘ng populisti qonun chiqaruvchilarni o‘z mamlakati haqida «so‘l qarashdagi yolg‘onlar»ni tarqatishda va joriy yarim yil davomida Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Vengriyaga qarshi «o‘ziga xos intifada»da aybladi.

Qarama-qarshilikka Orbanning Vengriyaning Yevropa Ittifoqiga raisligi ustuvor yo‘nalishlari haqidagi nutqi sabab bo‘ldi. Unda u Yevropa Ittifoqining so‘nggi yillarda qabul qilgan asosiy qarorlarini shubha ostiga oldi va Yevropa Ittifoqining migratsiya, tashqi va iqlim siyosatida tub burilish talab qildi.

Vengriya raisligining shiori - «Yevropani yana buyuk qilamiz»

«Yevropa boshpana taqdim etish tizimi shunchaki ishlamayapti», dedi Vengriya bosh vaziri. Uning fikricha, Yevropa Ittifoqi noqonuniy muhojirlarni o‘z hududiga kiritmasligi, balki ularni kelgan davlatlariga qaytarishi kerak.

Bundan tashqari, u yevropaliklarning Rossiya nefti va gazidan voz kechishini tanqid qildi, chunki bu, uning so‘zlariga ko‘ra, YeIda iqtisodiy o‘sishga tahdid soladi. Iqlim siyosatida Orban Bryusselning 2050 yilga borib Yevropani iqlim jihatidan betaraf birinchi qit’aga aylantirish maqsadini shubha ostiga qo‘ydi.

«Keling, Yevropani yana buyuk qilamiz», — deb hayqirdi Orban Yevropa Kengashidagi raislik shiorini, u AQSh prezidentligiga nomzod Donald Trampning saylovoldi shioriga o‘xshab ketadi. Uning nutqi davomida sotsial-demokratlar «Demokratlar avtokratlarga qarshi» yozuvi yozilgan plakatlarni ko‘tarib oldi, nutqidan so‘ng so‘l lager vakillari fashizmga qarshi Bella Ciao madhiyasini kuyladilar, deb yozadi AFP. O‘ta o‘ng parlamentariylar Orbanga o‘rnidan turgan holda qarsak chalishdi.

Mavzuga oid