O‘zbekiston | 09:10 / 25.02.2022
18983
11 daqiqa o‘qiladi

«Imtiyozli kredit o‘yinlari»: Bulung‘urlik tadbirkor «Mikrokreditbank»dan nima uchun xafa?

Ushbu maqola kreditga doir manfaat haqida emas, balki «Mikrokreditbank» filiali xodimlarining davlatdan ajratilgan imtiyozli mablag‘larni talon-toroj qilganligi ehtimoli haqida bo‘ladi.

Tahririyatimizga Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidan «MIRJALOL XURSANOV TEKSTEL» korxonasi rahbari Mirjalol Xursanov murojaat qildi. U yangi ochilgan oilaviy korxonasiga 3 yil muddatga 60 mln so‘m kredit olish maqsadida «Mikrokreditbank»ning Bulung‘ur tuman filialiga ariza yozgan. Unga ajratilgan mablag‘ evaziga korxonasiga tikuv mashinalari va dastgohlari o‘tkazib berilishi kerak bo‘lgan.

Mirjalol Xursanov

Biroq bo‘lib o‘tgan voqealarda bank xodimlari noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yishgani, alaloqibatda u kredit mablag‘lariga to‘liq egalik qilib, dastgohlarni ololmaganini bildirdi.

Biz Bulung‘urda murojaatchilar bilan uchrashdik. Oilaviy korxona ochgan yigit otasi bilan bizni qarshi oldi. Mirjalolning hikoya qilishicha, u bankdan zarur mablag‘ni qo‘lga kiritish uchun o‘ziga tegishli LABO mashinasini ham garovga qo‘ygan. Kreditni tezroq ajratib berishlari uchun hattoki bank xodimlariga «shapka» ham uzatgan.

 Garovga tikilgan LABO avtomashinasi.

O‘zining bu xatti-harakatini u hujjat tayyorlash ishlariga, mashinani garovga qo‘yish, garov shartnomasi imzolash va sug‘urtalashga ancha mablag‘ sarflab qo‘ygani, nima bo‘lsa ham sarflagan mablag‘lariga kuyib qolmaslik, kreditni olish va zarur tikuv dastgohlarini tezroq olib, korxonasini ishga tushirishni mo‘ljallagani bilan tushuntirdi.

Nihoyat, unga 2021 yil noyabr oyining oxirida va’da qilingan kredit ajratilgan. Ammo uning qo‘liga na kredit shartnomasi va na boshqa hujjat berilgan. Uning qo‘lida faqat kreditni so‘ndirish grafigi bor, xolos.

Kreditni so‘ndirish grafigi

Mirjalolga ko‘ra, kredit olishga doir barcha hujjatlarni shu bankda ishlovchi Sherzod Husanov ismli xodim tayyorlagan. Mirjalol unga hattoki oilaviy korxonaning muhrini ham berib qo‘ygan.

«Muhr bosiladigan va imzo qo‘yiladigan hujjatlar ko‘p. Bankka hadeb seni chaqirib yotmayman, deganiga muhrni ishonib unga topshirgan edim. Biroq viloyatdan tekshirish kelishi arafasida undan korxonamning muhrini olib qo‘ydim. Yana hujjatlarga muhr bosish kerak bo‘layotganini aytganida bermadim», - deydi Mirjalol Xursanov.

Xullas, Mirjalol Xursanovning korxonasiga berilishi kerak bo‘lgan kredit summasi 2021 yil 30 noyabr kuni korxonaning ssuda hisobraqamidan «GOLD TEXNO 2102» MChJga ko‘chirib berilgan. Lekin summaga mos ravishda tikuv mashinalari va dastgohlari yetkazib berilmagan. U qayta-qayta murojaat qilavergach, bank filiali rahbari Zafar Shakarov va xodim Sherzod Husanov unga 30 mln so‘m naqd pul bergan va kredit ajratish shartlari to‘liq bajarildi, deb rozilik xati yozdirib olishgan.

Mirjalol Xursanov yozgan rozilik xati

Bu rozilik xatini nega yozganini Mirjalol shunday tushuntirdi:

«Pulni to‘liq beramiz, deyishgandi. Men ko‘ndim. Biroq 31 yanvar kuni «GOLD TEXNO 2102» MChJ uchun to‘liq 60 mln so‘mlik tovarlarni oldim, deb rozilik xati yozib berganimdan so‘ng menga Sherzod Husanov 30 mln so‘m naqd pul chiqarib berdi va qolganini 15 fevral sanasida berishini aytdi».

Boz ustiga, unga 30 mln so‘m naqd pul berilgach, qolgan 30 mln so‘m uchun Sherzod Husanov ham shu kuni guvohlarning ko‘z o‘ngida unga qarzdorlik tilxati yozib beradi.

Sherzod Husanov yozgan tilxat

Biz mazkur masalaga oydinlik kiritish uchun «Mikrokreditbank»ning Bulung‘ur tuman filialida bo‘ldik. Bank filiali rahbari Zafar Shakarov avvaliga bu mijoz va ta’minotchi korxona o‘rtasida tushunmovchilik bo‘layotganini bildirdi. So‘ngra barcha muammolar hal bo‘lgani, mijoz rozilik xatini yozib berganini videosi bilan taqdim etdi.

Zafarali Shakarov. «Mikrokreditbank»ning Bulung‘ur tuman filiali rahbari

So‘ng biz voqeada bevosita ishtirok etgan Sherzod Husanovni ham chaqirib savol berdik. Bu xodimning hozir arizasi olingan ekan.

Sherzod Husanov, bankning sobiq xodimi

«31 yanvar kuni mijozga nega 30 mln so‘m qarzdorlik haqida tilxat yozib berdingiz?» degan savolimizga Sherzod Husanov tilxatni u yozmaganini ma’lum qildi.

Ammo keyinroq Mirjalol Xursanov Sherzod Husanovning tilxat yozayotgan jarayoni videosini bizga taqdim qildi. Qolaversa, tilxatga guvoh sifatida imzo chekkanlardan biri — Akbar Ahmedov ham voqea ro‘y bergani ustida turganini, guvoh sifatida imzo qo‘yganini tasdiqladi.

Sherzod Husanovning tilxat yozish jarayoni

Bank xodimlari mijozga tikuv mashinalari shartnoma bo‘yicha to‘liq yetkazib berilganini aytishdi. Bunga isbot sifatida kredit hujjatlari yig‘majildi ichidan onlayn faktura namoyish etishdi.

Elektron faktura

Ammo yig‘majild ichida qo‘lda to‘ldirilgan faktura ham bor. Onlayn faktura qo‘lda to‘ldirilgan faktura va shartnoma raqamiga mos emas. Shartnomada va qo‘lda to‘ldirilgan fakturada tikuv mashinalari va dastgohlarning markasi va soni aniq ko‘rsatilgan. Elektron fakturada esa jami soni 10 dona ko‘rsatilib, umumiy summa — 60 mln so‘m ko‘rsatilgan, xolos. Bu, albatta, juda shubhali ko‘rindi.

Qo‘lda to‘ldirilgan faktura

Bu voqeada eng hayratlanarlisi — Mirjalol Xursanov shartnomada ta’minotchi korxona o‘laroq ko‘rsatilgan «GOLD TEXNO 2102» MChJ bilan mutlaqo tanish emasligidir. Holbuki filial raisi Zafar Shakarov biz bilan suhbatda ta’minotchini mijozning o‘zi topgan, degan edi.

Xullas, Mirjalol korxonasi uchun 5 ta tikuv mashinasini esa 31 yanvar kuni bankirlar bergan 30 mln so‘m naqd pulga xarid qilgan.

U oilaviy korxonasining muhrini Sherzod Husanovga bergan va yig‘majild ichida barcha hujjatlarga korxona muhri bosilib, bankdagilar uning imzosini ham soxtalashtirib qo‘yishgan.

M.Xursanovning soxta imzosi qo‘yilgan va korxona muhri urilgan to‘ldirilmagan varaqlar

Qolaversa, Mirjalol oldimizda o‘z imzosini qo‘yib ko‘rsatdi. Darhaqiqat u yig‘majild ichidagi hujjatlardagidan keskin farq qiladi.

M.Xursanovning asl imzosi va hujjatlardagi soxta imzosi

Mirjalol ajratilgan summani oxirigacha olmagan, biroq tilxat yozib berishdan avval hujjatga tirkash uchun birovning korxonasida tikuv mashinalari oldida suratga tushib bergan.

Fonda yig‘majild ichida Mirjalolning tikuv mashinalari fonida tushgan suratlari

Yig‘majildda na kreditni qaytarish grafigi bor. Kredit shartnomasida mijozning rekvizitlari to‘ldirilmagan, unga nusxasi berilmagan. Qog‘ozlarga mijozning faqat muhri urilgan, imzosi esa soxta.

Kredit shartnomasining so‘nggi varag‘i

Kreditni monitoring qilishga doir dalolatnoma hujjatlarida ham mijozning muhri va soxta imzosi turibdi, xolos. Ularning biror satri to‘ldirilmagan. Mirjalolning kreditga olingan tikuv mashinalarini olganini isbotlovchi yozma rozilik xati, fotosurati bor, xolos.

Hattoki Mirjalol tanimaydigan korxonaga pul ko‘chirilgan, deya taqdim etilgan to‘lov topshiriqnomasida ham uning soxta imzosigina turibdi. Bu qog‘ozni kuni-kecha tayyorlashgan bo‘lishsa kerak, korxona muhrini urishga ulgurishmagan.

To‘lov topshiriqnomasiga muhr bosilmagan

Hujjatlar bilan tanishib, har ikki tomonni eshitib, Mirjalol Xursanov hikoya qilib bergan versiya haqiqatga mosroq, degan to‘xtamga kelish mumkin.

Ya’ni u tezroq kredit olish uchun bank xodimlariga «shapka» bergan. Qog‘ozbozlik bilan bog‘liq ishlari tezroq hal bo‘lishi uchun ishonch bildirib, korxonasi muhrini bank xodimi Sherzod Husanovga bergan. Ammo tikuv mashinalari uchun davlatning imtiyozli mablag‘lari maqsaddan chekingan holda ishlatilgan.

Bankdan mablag‘ aylanmasini tekshirib ko‘rganimizda, 2021 yil 30 noyabr sanasida oilaviy korxonadan «GOLD TEXNO 2102» MChJga 60 mln so‘m pul o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi.

Ssuda hisobraqami aylanma jadvali

Pul o‘tkazilgan deya gumon qilinayotgan «GOLD TEXNO 2102» MChJga pul va uning evaziga yetkazilishi lozim bo‘lgan tikuv mashinalari borasida qo‘ng‘iroq qilganimizda korxona rahbari Azamatjon Narimov «hozir esimda yo‘q, tekshirib aytib yuboraman», deya qayta qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermadi.

Tikuv mashinalari yetkazib berilishi o‘rniga, ishni bosti-bosti qilish uchun bank xodimlari Mirjalol Xursanovga 30 mln so‘m naqd mablag‘ berishgan va shu kuni bosim bilan tilxat yozdirib olishgan. Allaqaysi tikuvchilik sexida dalillovchi fotolarga ham tushirishgan. Noilojlikdan, qolgan mablag‘ga qarzman, deya Sherzod Husanov ham tilxat yozib bergan, garchi o‘zi buni inkor etayotgan bo‘lsa ham.

Nima ham derdik. Tadbirkorlikni rivojlantirish uchun berilayotgan mikrokreditlar joylarda ana shunday tasarruf etilmoqda. Eng achinarlisi, bunday qonunsizliklarga bank rahbarlari va xodimlarining o‘zlari bosh-qosh bo‘layotganidir.

«Mikrokreditbank» Bulung‘ur filiali

Biz vakolatimiz doirasida o‘rganganlarimiz shu bo‘ldi. Ushbu masala yuzasidan «Mikrokreditbank»ning respublika filiali chuqurroq xizmat tekshiruvi o‘tkazishi, prokuratura organlari ham sinchiklab shug‘ullanib ko‘rishsa yomon bo‘lmas edi. Chunki davlatning maqsadli imtiyozli mablag‘lari talon-toroj qilinganga o‘xshayapti.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid