O‘zbekiston | 12:24 / 13.03.2023
11548
2 daqiqa o‘qiladi

Konstitutsiyaviy sud: Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qo‘yishga monelik qiluvchi holatlar aniqlanmadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qabul qilgan O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasining yangi tahriri loyihasini referendumga qo‘yishga monelik qiluvchi holatlar aniqlanmadi, deb xulosa berdi O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi.

Foto: Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmati

Bu haqda 13 mart kuni Konstitutsiyaviy sud majlisida ma’lum qilindi.

Konstitutsiyaning yangi tahrirdagi loyihasi amaldagi Konstitutsiya, boshqa hamma qonunlar va O‘zbekistonning xalqaro hujjatlariga to‘liq mos keladi, dedi Konstitutsiyaviy sud raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov.

Konstitutsiyaviy sud raisi o‘rinbosari Asqar G‘ofurovning so‘zlariga ko‘ra, Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar natijasida mavjud 128 ta modda 155 taga ko‘payayotgani, shundan 91 ta moddaga konseuptual o‘zgartirishlar kiritilayotgani inobatga olinib, Konstitutsiyaviy sud Konstitutsiyani yangi tahrirda bayon etish asosli deb topgan.

Foto: Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmati
Foto: Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmati

Konstitutsiyani yangilashga oid qonunni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 10 mart kuni qabul qilgan edi. Qonunni tez orada Senat ma’qullashi kutilyapti. Shundan keyin 3 kun ichida qonun matni e’lon qilinadi. Referendum – 30-aprelda.

Qonunni prezident imzolashi ko‘zda tutilmagan. Ma’lum qilinishicha, konstitutsiyaviy o‘zgarishlar referendum natijalari e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Foto: Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmati

Mavzuga oid