O‘zbekiston | 11:41 / 13.08.2020
3269
5 daqiqa o‘qiladi

Turizmni rivojlantirish faoliyati moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi

Vazirlar Mahkamasining 10.07.2020 yildagi 433-son qarori bilan Tadbirkorlik sub'yektlariga grantlar berish, kompensatsiya va moliyaviy yordam ko‘rsatish hamda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining hamkorlari – nodavlat notijorat tashkilotlarini institutsional qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Foto : KUN.UZ

Norma’ning yozishicha, nizomda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi grant mablag‘lari hisobidan quyidagilarni amalga oshirish tartibi belgilangan:

  •  O‘zbekistonning tarixiy va afsonaviy shaxslari to‘g‘risidagi to‘liq metrajli badiiy, qisqa metrajli badiiy, xronikal hujjatli filmlarni suratga olish;
  •  tadbirkorlik sub'yektlarining respublika hududlarida «karaoke» zallari tashkil etish;
  •  turistik ko‘ngilochar muassasalarni tashkil etish;
  •  faoliyati turizm sohasi bilan bog‘liq bo‘lgan jamoat tashkilotlarini institutsional qo‘llab-quvvatlash.

Soliqlar va majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lgan, qayta tashkil etish yoki tugatish jarayonida bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari grantlar olish, kompensatsiya ajratish yoki moliyaviy yordam olish uchun tanlovda ishtirok etishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.

Talabgorlarning arizalarini ko‘rib chiqish va moliyaviy yordam mablag‘larini ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining buyrug‘i bilan maxsus komissiya tuziladi.

Grant bitta loyihaning 30 foizi, lekin 3 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda ajratiladi. Grantlarning umumiy miqdori Jamg‘armaning moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, daromadlar va xarajatlar smetasida tasdiqlanadi.

Grant har chorak yakunlariga ko‘ra, chorak tugaganidan keyingi oyning 20-sanasiga qadar mazkur yakunlangan chorakda ariza bergan tadbirkorlik sub'yektlariga ajratiladi.

Komissiya chorak davomida kelib tushgan arizalarni, chorak tugaganidan keyingi oyning 10-sanasiga qadar grant ajratish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Qaror nusxasi qaror qabul qilingan kundan boshlab bir kun ichida talabgorga yuboriladi.

Grant rad etilgan taqdirda, talabgor kamchiliklarni bartaraf etib hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun qayta topshirishi mumkin. Komissiya qayta topshirilgan arizani keyingi chorak mobaynida ko‘rib chiqadi.

Loyiha bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ariza beruvchi bilan bitim tuzadi.

Tadbirkorlik sub'yektlariga respublika hududlarida (Toshkent shahridan tashqari) turistik ko‘ngilochar muassasalarni tashkil etish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida quyidagi turlar bo‘yicha 10 mln so‘m miqdorida kompensatsiya taqdim etiladi: lazertag, basseyn, kvest-animatsiya, rollerdrom, velodrom, motokross, karting, sport labirinti, batut markazi, peyntbol, kuzatuv minorasi, djamping, flaybording, parashyutdan sakrash, planetariya, karaoke zallari, myuzik-xoll, raqs klubi va boshqa innovatsion turistik obektlar.

Kompensatsiya mablag‘larining umumiy summasi yiliga 1 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Kompensatsiya olish uchun tadbirkor Komissiyaga ariza bilan birga zarur hujjatlarni taqdim etgan holda murojaat qilishi mumkin, Komissiya tomonidan hujjatlar 5 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi.

Kompensatsiya rad etilgan taqdirda, bir ish kuni ichida talabgorga bildirishnoma yuboriladi hamda bir oy ichida ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etishi va Komissiyaga qayta murojaat etishi mumkin.

Faoliyati turizm sohasi bilan bog‘liq bo‘lgan jamoat tashkilotlari faoliyatini institutsional qo‘llab-quvvatlash quyidagilar bo‘yicha xarajatlarni qoplashga yo‘naltiriladi:

a) xalqaro tashkilotlarga a'zolik badallarini to‘lash;

b) xorijiy hamkorlar bilan aloqa o‘rnatish;

v) turizm sohasini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan xizmat safari xarajatlarini qoplash;

g) O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlarni o‘tkazish uchun maydonlarni ijaraga olish;

d) turizm brendini xalqaro bozorlarga targ‘ib qilish;

ye) yangi turizm mahsulotlari va yo‘nalishlarini joriy qilish va boshqalar.

Beg‘araz moliyaviy yordamning umumiy hajmi yiliga 10 ming BHMgachani tashkil etadi va Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan beriladi.

Komissiya tasdiqlangan shaklda tuzilgan NNT arizalarini Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining saytida (www.uzbektourism.uz) e'lon qilingan sanadan boshlab 30 kun mobaynida ko‘rib chiqiladi. Arizalarni ko‘rib chiqish muddati – bir oy.

Beg‘araz moliyaviy yordam mablag‘larini ajratish yoki rad etish to‘g‘risidagi qaror Komissiya bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi va qaror nusxasi qaror qabul qilingan kundan boshlab bir kun ichida talabgorga yuboriladi.

NNT yilda bir marta ariza taqdim etishga haqlidir.

Nizomda quyidagilar qayd etilgan:

  •  NNT tomonidan ajratilgan mablag‘lardan foydalanish tartibi;
  •  mablag‘larning sarflanishini monitoring qilish tartibi;
  •  komissiyani shakllantirish tartibi, komissiya vakolatlariga kiruvchi funksiya va vazifalar;
  •  grant, moliyaviy yordam mablag‘lari va kompensatsiya ajratish tartibi.

Hujjat 10.07.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid