O‘zbekiston | 15:33 / 20.03.2021
8832
4 daqiqa o‘qiladi

Raqamli texnologiyalar va sun'iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasining “Raqamli texnologiyalar va sun'iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” qarori loyihasi e'lon qilindi.

Prezident qaroriga muvofiq, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi Intellektual-dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazi negizida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Raqamli texnologiyalar va sun'iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilinmoqda hamda uning asosiy vazifalari belgilanmoqda.

Institut yuridik shaxs maqomiga ega davlat ilmiy tashkiloti bo‘lib, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi hamda O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi Intellektual-dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazining shartnomalari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanishi belgilab qo‘yilgan.

Yangi qaror loyihasida Raqamli texnologiyalar va sun'iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish, tuzilmasini belgilash va 2021–2022 yillarda ilmiy-tadqiqot institutini rivojlantirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni belgilash taklif etilmoqda.

Bular:

birinchidan, yuridik shaxs maqomiga ega davlat ilmiy tashkiloti hisoblanishi va davlat gerbi tasvirlangan hamda institut nomi davlat tilida yozilgan muhrga va Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy hisobvarag‘iga ega bo‘lishi;

ikkinchidan, ilmiy tashkilot sifatida davlat buyurtmalari va dasturlarini amalga oshirishda hamda fundamental va amaliy tadqiqotlarni olib borishda ishtirok etishi;

uchinchidan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Raqamli texnologiyalar va sun'iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tuzilmasi;

to‘rtinchidan, 2021–2022 yillarda Raqamli texnologiyalar va sun'iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanmoqda:

  • raqamli texnologiyalar va sun'iy intellekt sohasini rivojlantirish bo‘yicha fundamental, amaliy tadqiqotlar olib borish hamda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish;
  • raqamli texnologiyalarni rivojlantirishning ilmiy ekotizimini shakllantirish;
  • moddiy-texnik bazani mustahkamlash va zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish;
  • xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy ta'lim muassasalari bilan aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha asosiy ustuvor vazifalar belgilash;
  • beshinchidan, institut faoliyatini moliyalashtirish manbalarini belgilab olish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va sun'iy intellekt texnologiyalari sohasida fundamental va amaliy yo‘nalishlarda loyihalar amalga oshirish tartibi.

Raqamli texnologiyalar va sun'iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish orqali:

  • “Raqamli O‘zbekiston - 2030” strategiyasini har tomonlama amalga oshirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar tashkil qilish hamda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimida sun'iy intellekt texnologiyalari joriy qilinishiga;
  • sun'iy intellekt sohasida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish ilmiy ekotizimi shakllantirilishiga;
  • sun'iy intellekt texnologiyalari asosida boshqaruv va ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha innovatsion mahsulotlar hamda ular modellari, algoritmlari va dasturiy ta'minoti bosqichma-bosqich ishlab chiqilishiga;
  • sun'iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha yetakchi xorijiy innovatsion va ilmiy muassasalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilishiga va qo‘shma loyihalar amalga oshirilishiga erishiladi.

Mavzuga oid