Jahon | 22:03 / 11.11.2025
5873
3 daqiqa o‘qiladi

Istanbul prokuraturasi sobiq mer Akrom Imomo‘g‘liga 2352 yil qamoq jazosi so‘radi

U jinoiy uyushma tuzish, poraxo‘rlik va firibgarlik kabi 142 ta jinoyatda ayblanmoqda.

Foto: Zuma / TASS

Istanbul bosh prokuraturasi shu yilning mart oyida qo‘lga olingan shaharning sobiq meri Akrom Imomo‘g‘liga nisbatan ayblov xulosasini e’lon qildi. Korrupsiyada ayblanib, unga 2352 yilgacha qamoq jazosi so‘ralmoqda. Bu haqda Turkiyaning NTV va TRT Haber nashrlari xabar berdi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Istanbulning sobiq meri ishida 402 kishi ishtirok etmoqda, ulardan 105 nafari hibsga olingan. Prokuratura xulosasining o‘zi 3900 sahifadan iborat bo‘lib, unda jinoiy uyushma tuzish, poraxo‘rlik va firibgarlik ayblovlari mavjud. Imomo‘g‘li «tashkilot asoschisi va rahbari» deb atalgan, u 142 ta jinoyatda ayblanmoqda.

Prokuratura zararni 160 milliard turk lirasi (taxminan 3,7 milliard dollar) va 24 million dollarga baholamoqda. Imomo‘g‘liga 828 yil-u ikki oydan 2352 yilgacha qamoq jazosi so‘raldi.

Akrom Imomo‘g‘li 2025 yil 19 mart kuni qo‘lga olindi. U konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilishda, jinoiy tashkilot tuzishda va Kurdiston ishchilar partiyasiga (KIP) yordam berishda ayblangan edi.

Imomo‘g‘li 2027 yilgi saylovda mamlakatning amaldagi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning asosiy raqibi hisoblangan. Human Righs Watch inson huquqlari tashkiloti ham uning ishini «siyosiy asoslangan tergovlar» namunasi deb atadi.

Hibsga olinishidan biroz oldin Istanbul universiteti Bosh prokuratura so‘roviga ko‘ra Imomo‘g‘lining oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomini bekor qildi va shu bilan uni amalda prezidentlikka nomzodini qo‘yish imkoniyatidan mahrum qildi: qonunga ko‘ra, prezidentlik saylovida faqat oliy ma’lumotli odamlar ishtirok etishi mumkin. Ushbu ish bo‘yicha sentabr oyida bo‘lib o‘tgan tinglovlardan birida Istanbulning sobiq meri o‘zining ayblov xulosasi ustida prokuror emas, balki «navbatdagi saylovda g‘alaba qozonishini bilgan odam» ishlaganini aytib, Erdo‘g‘anga ishora qildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid