Jahon | 20:34 / 09.03.2026
2000
3 daqiqa o‘qiladi

Istanbulning sobiq meri Akrom Imomo‘g‘liga 2430 yillik qamoq jazosi tahdid solmoqda

Uning ustidan navbatdagi sud mahkamasi boshlandi. Ayblovlar ro‘yxati jinoiy uyushma tashkil etish, poraxo‘rlik va o‘zlashtirish kabi 142 ta moddadan iborat bo‘lib, 3,9 ming sahifani tashkil etadi.

Foto: Reuters

Turkiyaning Istanbul shahri sobiq meri Akrom Imomo‘g‘li ustidan yangi sud jarayoni boshlandi. Ayblovlar ro‘yxati jinoiy uyushma tashkil etish, poraxo‘rlik va o‘zlashtirish kabi 142 ta moddadan iborat bo‘lib, 3,9 ming sahifani tashkil etadi. Hurriyet Daily News xabariga ko‘ra, agar ayblov tomoni sobiq merning barcha bandlar bo‘yicha aybini isbotlay olsa, u 2430 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Birinchi majlis Akrom Imomo‘g‘liga bayonot berishga ruxsat etmagan sudya tomonidan to‘xtatildi. Sobiq merning «o‘zini o‘zi himoya qiladigan odamlarning huquqlarini hurmat qilish» chaqirig‘idan so‘ng sudya majlislar zalidan chiqib ketdi, barcha ishtirokchilardan tashqariga chiqish so‘raldi. Majlis tushga yaqin yana davom ettirildi.

Zalda Akrom Imomo‘g‘lining qarindoshlari va muxolifatdagi Respublika xalq partiyasi (RXP) rahbari O‘zg‘ur O‘zel ham bor edi. Jarayon qat’iy xavfsizlik choralari ostida o‘tmoqda. Sud binosidan 1 km radiusda har qanday norozilik namoyishlari taqiqlangan. Sud binosi yaqiniga o‘rnatilgan panjaralar ortida sobiq merning ko‘plab tarafdorlari to‘plandi.

Turkiyaning Yevropa taraqqiyot yo‘li tarafdori bo‘lgan RXP yetakchilaridan biri Akrom Imomo‘g‘li 2025 yil mart oyida korrupsiyada ayblanib qo‘lga olingan edi. Uning o‘zi barcha ayblovlarni rad etib, ularni siyosiy sabablar bilan bog‘liq deb ataydi.

Imomo‘g‘li prezidentlik saylovida Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning asosiy raqibi hisoblangan edi, uning hibsga olinishi Turkiya shaharlari ko‘chalarida ko‘p millionli norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi.

2025 yil iyul oyida Akrom Imomo‘g‘li prokurorni haqoratlash va tahdid qilish ishi bo‘yicha bir yil-u sakkiz oyga ozodlikdan mahrum etildi. Hozir ko‘rib chiqilayotgan korrupsiya ishi bo‘yicha u bilan birga 400 ga yaqin odam, jumladan Istanbul, Antaliya, Bursa va boshqa shaharlar meriyalari xodimlari, shuningdek, tadbirkorlar va jurnalistlar sudlanmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid