O‘zbekiston | 18:40 / 07.08.2025
6244
2 daqiqa o‘qiladi

Hayvonlarni majburiy ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qonun bir yildan keyin kuchga kiradi

Qonun bilan jismoniy va yuridik shaxslarga o‘z qaramog‘idagi barcha hayvonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati yuklangan.

Foto: Kun.uz

«Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida»gi qonun roppa-rosa bir yildan so‘ng, 2026 yil 7 avgust kuni kuchga kiradi.

Qonunda, shuningdek, 12-moddaning 2-qismi 2028 yil 1 yanvardan e’tiboran amalga kiritilishi qayd etilgan. Ushbu qismda hayvonlar egasining quyidagi majburiyatlari haqida so‘z boradi:

- hayvonlarni identifikatsiya qilish, hisobga olish va monitoring qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilish,

- ularni identifikatsiya qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish, hisobdan chiqarish yoki egasi o‘zgargan taqdirda qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun zarur ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etish;

- tegishli ro‘yxatdan o‘tmagan hayvonlarni saqlash va ko‘paytirishga yo‘l qo‘ymaslik.

Avvalroq O‘zbekistonda jismoniy va yuridik shaxslarga o‘z qaramog‘idagi barcha hayvonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati yuklangani haqida xabar berilgan edi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish bilan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi huzuridagi Identifikatsiya markazi shug‘ullanadi, u ro‘yxatga olingan hayvonlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish va real vaqt rejimida axborot almashinuvini ta’minlash bo‘yicha elektron tizimning ishlashi uchun ham javobgardir. Hayvonlarni identifikatsiya qilish uchun yorliqlar yoki chiplardan foydalaniladi.

Mavzuga oid