Jahon | 09:18 / 04.04.2026
5727
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp 1,5 trln dollarlik harbiy budjetni talab qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Kongressdan 2027 moliyaviy yil uchun mudofaa sohasiga 1,5 trillion dollar ajratishni so‘radi - bu mamlakatning zamonaviy tarixidagi eng yirik summa, deb xabar berdi juma kuni, 3 aprelda The New York Times (NYT) gazetasi.

Foto: REUTERS

Tramp xarajatlarning keskin oshirilishini Eron bilan davom etayotgan urush va sarflab yuborilgan qurol-yarog‘ zaxiralarini to‘ldirish zarurati bilan izohladi. Prezident so‘zlariga ko‘ra, mamlakat xavfsizligi ijtimoiy dasturlardan ustun. Shu bois u sog‘liqni saqlash va maktabgacha ta’lim xarajatlarini shtatlar zimmasiga yuklashni taklif qildi.

Umumiy mablag‘ning asosiy qismi — 1,1 trillion dollardan ortig‘i standart budjet jarayoni orqali, yana 350 milliard dollar esa budjetni muvofiqlashtirish mexanizmi orqali ajratilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Oq uy ichki xarajatlarni 73 milliard dollarga qisqartirishni taklif qilmoqda. Qisqartirishlar iqlim, uy-joy va ta’lim sohalariga ta’sir qiladi. Aksincha, kuch tuzilmalari moliyasi oshiriladi — Adliya vazirligi budjeti 13 foizga o‘sishi mumkin, shuningdek chegara xavfsizligi va deportatsiya uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi.

Bu so‘rov ikki partiya vakillari orasida shubha bilan qarshi olindi. Asosiy tanqid — ma’muriyat Eron bilan urush ustidan Kongress nazoratini amalda cheklab qo‘ygani. Bu urush beshinchi haftasiga kirgan.

Qayd etilishicha, bunga o‘xshash ijtimoiy xarajatlarni qisqartirish takliflari 2026 yil budjeti muhokamasidayoq rad etilgan edi va yangi reja ham xuddi shunday qarshilikka uchrashi mumkin.

Tahlilchilar ogohlantirishicha, ushbu reja amalga oshirilsa, keyingi o‘n yilda davlat qarzi o‘nlab trillion dollarga oshishi mumkin. Budjet so‘rovining to‘liq matni hozircha e’lon qilinmagan.

So‘nggi uch hafta davomida Eronga qarshi aviahujumlar natijasida AQSh va Isroil Eron floti va havo mudofaa tizimini izdan chiqargani, o‘nlab samolyot va raketalar yo‘q qilingani aytilmoqda. Hujumlarning ilk kunidayoq oliy rahbar Ali Xominaiy va kuch tuzilmalarining muhim vakillari halok bo‘lgani xabar qilingan.

Shunga qaramay, rejim saqlanib qolgan: Tehron qarshilikni davom ettirishga tayyorligini bildirmoqda va o‘t ochishni to‘xtatish uchun hujum qilinmasligiga kafolat talab etmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid